O‘zA O`zbek

10.05.2019 18:57 Chop etish versiyasi

Prezident Uchtepa tumanida ikki yuz nafar xotin-qiz ish bilan taʼminlanadigan tikuvchilik korxonasiga bordi

Prezident Uchtepa tumanida ikki yuz nafar xotin-qiz ish bilan taʼminlanadigan tikuvchilik korxonasiga bordi

Mamlakatimizda xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ichki bozorni oʻzimizda ishlab chiqarilgan sifatli kiyim-kechaklar bilan toʻldirishda joylarda tashkil etilayotgan tikuvchilik korxonalarining alohida oʻrni bor.

Yaqinda Uchtepa tumanida “Kozimjon reyting servis” korxonasi tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik sexi shulardan biri.

Ushbu korxona 1,7 gektar yer maydoniga ega. Xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat koʻrsatadi. Hududda 2017 yil supermarket, 2018 yil oilaviy restoran foydalanishga topshirilgan. 135 ish oʻrni yaratilgan. Toshkent shahridagi Inha universiteti bilan hamkorlikdagi maxsus tayyorlov kursi faoliyat koʻrsatmoqda.

Tikuvchilik sexini tashkil etish loyihasi “Koʻkcha tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Loyiha qiymati 3 milliard soʻm. “Kozimjon reyting servis” korxonasi sex binosini qurish ishlarini amalga oshirdi. “Koʻkcha tekstil” xorijdan 100 ta zamonaviy tikuv mashinasi va yordamchi uskunalar olib kelib oʻrnatdi. Tikuvchilik sexi yiliga 500 ming dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. 200 ta ish oʻrni yaratiladi. Asosan, Uchtepa tumanidagi band boʻlmagan xotin-qizlar qayta oʻqitilib, ishga qabul qilinadi. Kelgusida tayyor mahsulotlar uchun maxsus koʻrgazma zali tashkil etish koʻzda tutilgan.

photo5379617465509718619.jpg

Prezident bu kabi korxonalarning mamlakatimiz iqtisodi rivojidagi oʻrniga toʻxtalib, birinchi navbatda mahsulot sifatiga eʼtibor qaratish zarurligini qayd etdi. Bozor talabini doimiy oʻrganib borish, mahsulotlar eksportini yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Shu yerda Uchtepa tumanida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, tashkil etiladigan ishlab chiqarish hududlarining joylashuvi va boshqa loyihalar haqida ham maʼlumot berildi. Unga koʻra, tumanda joriy yilda umumiy qiymati 168 million dollar boʻlgan 47 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish koʻzda tutilgan. Shundan 124 million dollari toʻgʻridan-toʻgʻri jalb etiladigan xorijiy investitsiyalardir. Buning natijasida 5 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli yakunlash boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

photo5379617465509718620.jpg

Ziyodulla JONIBEKOV, OʻzA
3 180