Assalomu alaykum, muhtaram yurtdoshlar! Aziz doʻstlar!
Assalomu alaykum, muhtaram yurtdoshlar!
Aziz doʻstlar!
Avvalambor, mana shu quvonchli ayyomda barchangizni azim poytaxtimizning markazida barpo etilgan, kuni kecha ishga tushirilgan muhtasham va ulugʻvor koshonada xush kayfiyatda koʻrib, qutlab turganimdan gʻoyatda baxtiyorman.
Siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni tarixiy sana – oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.
Maʼlumki, Oʻzbekistonning zamonaviy qiyofasini yaqqol namoyon etadigan yangi bino va imoratlar bugun barcha shahar va viloyatlarimizda koʻplab qad koʻtarmoqda.
Albatta, ularning orasida “Toshkent-Siti” ishbilarmonlik markazi alohida ajralib turadi.
Guvoh boʻlib turganingizdek, “Toshkent-Siti” markazi oʻzining meʼmoriy qiyofasida shaharsozlik sanʼatining eng soʻnggi yutuqlarini, arxitektura, muhandislik va dizaynerlik borasidagi noyob va ulkan salohiyatni yaqqol mujassam etadi.
Maydoni 80 gektardan iborat ushbu markazni qurishdan asosiy maqsad – zamonaviy, “aqlli shahar” barpo etish, xalqaro, xorijiy va mahalliy bank-moliya tuzilmalari va investorlar uchun jonajon Vatanimiz, birinchi navbatda, goʻzal poytaxtimiz jozibadorligini oshirishdan iborat.
Biz Oʻzbekiston taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish maqsadida ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasini izchil amalga oshirayotganimizdan xalqimiz va xalqaro hamjamiyat yaxshi xabardor, albatta. “Toshkent-Siti” markazini barpo etish gʻoyasi ham aynan oʻsha strategiya bilan bir paytda tugʻilgan edi.
Oʻzbekiston tajribasida birinchi boʻlgan shunday katta miqyosdagi va noyob loyihani amalga oshirish uchun koʻp narsani yangitdan oʻrganishimiz, tinimsiz izlanishga toʻgʻri keldi.
Qurilish maydoni 1 million 600 ming kvadrat metrga teng boʻlgan yangi markazning 30 foizini uy-joylar, 30 foizini ofislar uchun binolar, yana 30 foizini savdo majmualari, 10 foizini mehmonxonalar fondi tashkil etadi.
Barchangiz koʻrib turibsiz, bugun bu hududda ulkan bunyodkorlik ishlari jadal davom etmoqda. Nasib etsa, 2021-yilda qurilish ishlari toʻliq yakunlanib, ushbu markaz xalqimizga va poytaxtimiz mehmonlariga xizmat qilishni boshlaydi.
Qisqacha aytganda, “Toshkent-Siti” markazi Oʻzbekistonda qurilish va arxitektura sohasida taraqqiyotning yangi davri boshlangani, bu sohada biz koʻp narsaga qodir ekanimizni koʻrsatadi, desak, ayni haqiqat boʻladi.
Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston oʻzining ochiq va konstruktiv siyosati bilan mintaqamizdagi yirik siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazga aylanib bormoqda. Jahondagi nufuzli xalqaro tashkilot va tuzilmalar, moliyaviy institutlar, ishbilarmon doiralar tomonidan Oʻzbekistonda qator tadbirlar, anjuman va uchrashuvlar oʻtkazilmoqda. Tabiiyki, kelgusida bu jarayonlar yanada kuchayadi, Oʻzbekiston yana koʻplab yirik xalqaro sammitlar, forum va simpoziumlarga mezbonlik qiladi.
Shu maʼnoda, ushbu muhtasham majmua nafaqat davlatimiz, balki xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan yangi gʻoya va tashabbuslar tugʻiladigan, muhim tarixiy hujjatlar qabul qilinadigan maskanga aylanadi, deb ishonamiz.
Fursatdan foydalanib, mana shunday muazzam saroyning bunyodkorlariga – mohir meʼmor va loyihachilarga, ishchi-muhandislarga, chet ellik mutaxassislarga, barcha ishtirokchilarga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Hurmatli doʻstlar!
Mamlakatimizda yaratilayotgan yangi tarix, yangi taraqqiyot davrining, xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining amaliy ifodasi boʻlmish mana shu betakror majmuada birinchi boʻlib ona tilimizga – davlat tiliga bagʻishlangan tantanali marosimni oʻtkazayotganimiz bejiz emas.
Bugun ushbu muhtasham majmuaga dastlabki aziz mehmonlar sifatida tashrif buyurgan siz, qadrli yurtdoshlarimizni, muhtaram faxriylarimizni, ona tilimizning jonkuyari boʻlgan ziyolilarimizni, deputat va senatorlarimiz, faol yoshlarimizni, diplomatik korpus vakillarini chin qalbimdan tabriklash menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.
Bu muazzam koshona barchamizga, butun xalqimizga muborak boʻlsin! Xush kelibsiz, aziz doʻstlar!
Qadrli vatandoshlar!
Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir.
Kimda-kim oʻzbek tilining bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi boʻlsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qoʻshiqlariga quloq tutsin.
Turkiy tillarning katta oilasiga mansub boʻlgan oʻzbek tilining tarixi xalqimizning koʻp asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va gʻalabalari bilan chambarchas bogʻliqdir.
Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga oʻz soʻzini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar.
Oʻtmishda oʻlkamizni bosib olgan turli yovuz kuchlar bizni avvalo oʻz tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan, dinu diyonatimizdan judo qilishga qayta-qayta urindilar. Ular el-yurtimiz boshiga qanday azob-uqubatlar, kulfat va musibatlar solgani tarixdan yaxshi maʼlum.
Ammo jasur va matonatli xalqimiz har qanday ogʻir sinovlarda ham oʻz ozodligi va istiqloli uchun mardona kurashdi. Bu yoʻlda behisob qurbonlar berdi. Har qanday zulm va zoʻravonliklarga qaramasdan, oʻz ona tilini – milliy gʻururini saqlab qoldi. Nafaqat saqlab qoldi, balki uni har tomonlama rivojlantirib, bugungi avlodlarga bezavol yetkazib berdi.
Bu borada maʼnaviy jasorat va fidoyilik koʻrsatgan buyuk arboblarimiz, adib va olimlarimiz, ulamolarimiz, ulugʻ sanʼatkorlarimizning xotirasini bugun hurmat va ehtirom bilan yod etamiz.
Ushbu qutlugʻ ayyomni bayram qilar ekanmiz, avvalo, 1989-yil 21-oktyabr sanasini – “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunni eslashimiz oʻrinlidir.
Yurtimizda mustabid tuzum hali oʻz hukmini oʻtkazib turgan gʻoyat ogʻir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan bu qonunni qabul qilish biz uchun oson kechmagan edi.
Qonun loyihasi ikki marta umumxalq muhokamasiga qoʻyilgan edi. Uning atrofida qanday qizgʻin bahs va tortishuvlar boʻlib oʻtganini, oʻylaymanki, koʻpchilik yurtdoshlarimiz juda yaxshi eslaydi. Shaxsan men ham oʻshanda bu tarixiy jarayonlarning bevosita guvohi va ishtirokchisi boʻlganman.
Bu muhim hujjatning qabul qilinishida fidoyi va vatanparvar ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning qatʼiy shijoati hamda Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdugʻaniyevich Karimovning siyosiy irodasi katta oʻrin tutdi.
Oʻzbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulugʻ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch boʻlib maydonga chiqdi. Ayni vaqtda u Oʻzbekistonning davlat mustaqilligi sari qoʻyilgan birinchi dadil qadam edi.
Bu qonun xalqimizning oʻz taqdirini oʻzi belgilash yoʻlidagi azmu qarorining yorqin namoyoni boʻldi. Oradan ikki yil oʻtib, Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi aynan ona tilimizda jahonga eʼlon qilindi.
Mamlakatimizning Asosiy qonuni – Konstitutsiyamizning oʻzbek tilida yaratilishi uning nufuzini yanada yuksaltirdi.
Yurtimiz boʻylab va xalqaro maydonlarda ona tilimizda yangrayotgan Davlat madhiyasi ham qalblarimizda Vatan tuygʻusini joʻsh urdiradi.
Oʻzbek tili oʻtgan yillar davomida mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini oʻzaro bogʻlaydigan mehr-oqibat tiliga aylandi.
Bundan besh asr muqaddam hazrat Alisher Navoiy:
“Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam”, deb yozgan edi. Yaʼni, ul zot ona tili bayrogʻini baland koʻtarib, butun el-ulusni, yurtlarni shu bayroq ostida birlashtirdim, deb iftixor qilgan.
Barchamizga yaxshi ayonki, ona tili – millat maʼnaviyatining mustahkam poydevoridir. Ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek, har bir millatning dunyoda borligini koʻrsatadigan oyinai hayoti – bu uning milliy tili va adabiyotidir.
Shu maʼnoda dunyo hamjamiyatidan munosib oʻrin egallashni maqsad qilib qoʻygan har qaysi davlat avvalo oʻz xalqining milliy tili va madaniyatini asrab-avaylashga, rivojlantirishga intiladi.
Mustaqillik yillarida ona tilimizni tom maʼnoda davlat tiliga aylantirish yoʻlida katta chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu oʻrinda bir fikrga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Hozirgi kunda Yer yuzida 7 mingdan ziyod til mavjud boʻlsa, ularning faqat 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, oʻzbek tiliga davlat tili maqomini huquqiy jihatdan muhrlab bergan mazkur qonunning xalqimiz hayotidagi oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.
Bu tarixiy voqeadan soʻng lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish haqida yana bir muhim qonun qabul qilindi.
Hurmatli vatandoshlar!
Bugun jonajon Oʻzbekistonimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ustuvor gʻoya asosida oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qoʻymoqda. Barcha sohalar bilan birga davlat tilining jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar qilinmoqda.
Hozirgi kunda oʻzbek tili davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizda faol qoʻllanmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda.
Davlatimiz tomonidan maʼnaviy hayotimizni yanada rivojlantirish, jumladan, taʼlim-tarbiya ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini takomillashtirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish boʻyicha qabul qilingan oʻnlab farmon va qarorlar oʻzbek tili ravnaqiga bevosita xizmat qilmoqda.
Bu haqda gapirganda, keyingi yillarda ona tilimizda faoliyat yuritadigan yuzlab bogʻchalar, maktablar, oliy oʻquv yurtlari, yangi gazeta va jurnallar, tele-radio kanallar, nashriyotlar, madaniy-maʼrifiy muassasalar, kutubxonalar tashkil etilayotganini qayd etish lozim.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bu yerda folklorshunoslik, dialektologiya, turkologiya, matnshunoslik kabi yoʻnalishlar ochildi.
Bu borada yangi oʻquv dasturlari yaratilayotgani, darslik va qoʻllanmalar, risola va monografiyalar nashr etilayotgani, ilmiy anjumanlar, ommaviy axborot vositalarida oʻzbek tilining buguni va istiqboli haqida amaliy taklif va tashabbuslar bildirilayotgani gʻoyat muhim ahamiyatga ega.
Xabaringiz bor, azim poytaxtimiz markazidagi Milliy bogʻ hududida Adiblar xiyoboni bunyod qilinmoqda. Bu goʻzal maskanda barpo etilayotgan yodgorlik majmualari adabiyotimizning buyuk namoyandalari, oʻzbek tilining chinakam jonkuyarlari xotirasiga bagʻishlangani ayniqsa eʼtiborlidir.
Ona tilimiz va milliy adabiyotimizni ulugʻlash, uning boy xazinasi, tarovati va nafosatini yosh avlodimizga yetkazish maqsadida yurtimizda atoqli shoir va adiblarimiz nomlaridagi ijod maktablarini tashkil etdik. Muhammad Rizo Ogahiy, Isʼhoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablarida eng avvalo oʻzbek tili va adabiyotini, badiiy ijod sirlarini chuqur oʻrganish uchun barcha sharoit yaratilmoqda.
Hozirgi vaqtda oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishiga yaqinlashib qoldi. Bu ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda xalqaro maydonda obroʻ-eʼtibori tobora yuksalib borayotgan Oʻzbekistonimizni dunyoga tarannum etishda ona tilimiz ham katta hissa qoʻshmoqda.
Oʻzbek tili Amerika Qoʻshma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Rossiya, Ukraina, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston kabi davlatlarning 60 ga yaqin universiteti va 100 dan ziyod maktabida oʻrganilmoqda. Oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan chet ellik olim va tadqiqotchilar soni yil sayin koʻpaymoqda.
Shu borada mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalari qoshida “Oʻzbek tilining doʻstlari” klublari tashkil etilayotganini biz har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi quvonchimizga sherik boʻlayotgan chet davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlar vakillariga ularning yurtlarida oʻzbek tiliga koʻrsatilayotgan hurmat va eʼtibor uchun tashakkur izhor etaman. Ayniqsa, Oʻzbekistondagi xizmat faoliyati davomida oʻzbek tilini oʻrganib, faol muloqot qilayotgan xorijiy diplomatlarga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman.
Sizlarga yaxshi maʼlum, yaqinda Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo boʻldi. Bu, oʻz navbatida, nafaqat oʻzaro iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga, balki turkiy tillar, jumladan, oʻzbek tilining xalqaro maqomini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Kengash sammitida bildirgan tashabbuslarimiz, xususan, qardosh xalqlar adabiyotining eng sara namunalari mujassam boʻlgan yuz jildlik “Turkiy adabiyot xazinasi” kitoblar turkumini aʼzo davlatlarning ona tillarida nashr etish taklifimiz ijobiy qabul qilindi.
Aziz doʻstlar!
Davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida bugun mamlakatimizda yana bir muhim qadam qoʻydik. Men bugun “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekdim. Unga binoan “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy oʻrni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.
Oʻylaymanki, oʻzbek tili bayramining mamlakatimiz va xalqaro miqyosda keng nishonlanishi xalqimizning milliy ruhi va gʻururini yuksaltirish bilan birga, davlat tilini hayotimizda toʻlaqonli joriy etishga xizmat qiladi.
Ushbu farmonda ona tilimizning kelgusi taraqqiyotiga oid koʻplab masalalar qatorida Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish boʻyicha alohida tuzilma tashkil etilganini ham sizlarga maʼlum qilmoqchiman.
Bu tuzilma davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini, sohaga oid muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Ayni paytda dunyoda ilm-fan va texnologiyalar shiddat bilan rivojlanib, mamlakatimizning xalqaro hamkorlik aloqalari tobora kengaymoqda. Natijada hayotimizga chetdan koʻplab yangi tushuncha, soʻz va iboralar kirib kelmoqda.
Globallashuv sharoitida milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lugʻat boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning oʻzbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qoʻllanishini taʼminlash dolzarb vazifa boʻlib turibdi.
Toʻgʻrisini aytish kerak, bu masalada ham oqsoqligimiz bor edi. Shu munosabat bilan farmonda yangi soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish borasidagi ishlarni tartibga soladigan Atamalar komissiyasini tuzish masalasini ham nazarda tutdik.
Ona tilimiz – milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulogʻidir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.
Davlat tiliga boʻlgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik mamlakatimizda bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.
Qadrli yurtdoshlar!
Maʼlumki, Vatanimiz necha yuz yillar mobaynida buyuk sivilizatsiya va madaniyat markazlaridan biri boʻlgan. Qadimdan diyorimizda xalqimiz bilan birga turli millat vakillari yelkadosh, ahil va hamjihat boʻlib, tinch va osoyishta muhitda yashab keladilar.
Oʻz tilini hurmat qilgan maʼrifatli el boshqalarning ona tiliga ham chuqur hurmat bilan qaraydi. Oʻzbekistondagi bagʻrikenglik siyosati tufayli, hozirda yurtimizda yagona oila boʻlib yashayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillariga oʻz ona tili, urf-odat va qadriyatlarini rivojlantirishi uchun hamma shart-sharoitlar yaratilmoqda. Toshkent shahri va joylarda faoliyat koʻrsatayotgan 140 ga yaqin milliy madaniy markaz ayni shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda taʼlim-tarbiya muassasalari va ommaviy axborot vositalari oʻzbek tili bilan birga qoraqalpoq, rus, qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman tillarida faoliyat olib borayotgani xalqaro jamoatchilik tomonidan ijobiy hodisa sifatida eʼtirof etilmoqda.
Dono xalqimiz “Til bilgan – el biladi” deydi. Bu borada buyuk bobolarimiz ibrat va namuna koʻrsatganlar. Xususan, Muso Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Imom Buxoriy, Ahmad Fargʻoniy, Mahmud Zamaxshariy, Alisher Navoiy kabi ulugʻ ajdodlarimiz oʻnlab tillarni puxta bilganlari uchun ham jahon ilm-fanining yuksak choʻqqilarini zabt etganlar.
Bugungi kunda yurtimizdagi taʼlim maskanlarida ingliz, rus, nemis, fransuz, ispan, italyan, arab, fors, turk, xitoy, yapon, koreys, hind va urdu tillari chuqur oʻqitilayotgani bu anʼanalar davom etayotganining yorqin ifodasidir.
Biz yoshlarimizning jahon tillarini egallashga boʻlgan ulkan qiziqish va intilishlarini har doim qoʻllab-quvvatlaymiz.
Men bugun aziz bolalarimizga murojaat qilib, ulugʻ alloma, XX asr boshida olti tilli – oʻzbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lugʻat tuzgan Isʼhoqxon Ibratning mana bu hikmatli soʻzlarini eslatmoqchiman: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”.
Oʻylaymanki, bu soʻzlarga ortiqcha izohning hojati yoʻq.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi taʼsiri va mavqeini yanada oshirish boʻyicha oldimizda oʻta muhim va dolzarb vazifalar turibdi.
Avvalo, bundan oʻttiz yil muqaddam qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonunni bugungi kun talablari nuqtayi nazaridan har tomonlama chuqur tahlil qilib, takomillashtirish zarurati sezilmoqda.
Yana bir muhim vazifa fundamental tadqiqotlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa tarmoqlarda davlat tilini toʻlaqonli qoʻllash bilan bogʻliq.
Oʻzbek tilining qoʻllanish doirasini kengaytirish, mamlakatimizda yashayotgan turli millatlarga mansub vatandoshlarimizning davlat tilini oʻrganishlari uchun tegishli sharoit yaratib berish, yurtimizda va xorijda oʻzbek tilini oʻrgatadigan oʻquv markazlarini koʻpaytirish zarur.
Shu maqsadda yangi darsliklar, qiyosiy va turli sohalarga oid lugʻatlar, ish yuritish va soʻzlashuv qoʻllanmalari nashr etish, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini takomillashtirish, bu tizimga toʻliq oʻtish boʻyicha hali koʻp ish qilishimiz kerak.
Shuningdek, oʻzbek tilining oʻziga xos xususiyatlari, shevalari, tarixiy taraqqiyoti, uning istiqboli bilan bogʻliq ilmiy tadqiqotlar samarasini oshirish, kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilashga erishmogʻimiz zarur. Bu ishlar uchun moliyaviy resurslar va mablagʻlarni aslo ayamasligimiz kerak.
Oʻzining bebaho asarlari bilan ona tilimizning qadrini va qaddini tiklagan buyuk mutafakkir ajdodimiz Alisher Navoiy hayoti va ijodining mukammal ensiklopediyasini yaratish ham oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biridir.
Ayni paytda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz turli maʼlumotlarni asosan Internet va ijtimoiy tarmoqlardan olmoqda. Binobarin, ona tilimizni jozibali va qiziqarli tarzda taqdim etish, buning uchun oʻzbek tilining kompyuter dasturlarini, onlayn darsliklar, elektron lugʻatlarni yaratish kerak. Internet imkoniyatlaridan toʻliq foydalanib, oʻzbek tilini keng targʻib etish boʻyicha ishlarimizni kuchaytirishimiz lozim.
Davlat tili masalasi milliy gʻoyamizning asosiy tamoyillaridan biri boʻlishi zarur. Yosh avlod qalbiga ona tilimizni bolalikdan singdirish maqsadida taʼlimning barcha bosqichlarida oʻzbek tilini zamonaviy va innovatsion texnologiyalar asosida mukammal oʻrgatishga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim. Toki, bolalarimiz oʻzbek tilida ravon oʻqiydigan, ravon yozadigan va teran fikrlaydigan insonlar boʻlib yetishsin.
Jamiyatimizda til bilan bogʻliq eng koʻp muhokama qilinayotgan, haqli eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan mavzu – bu joy nomlarini belgilash masalasi, desak, xato boʻlmaydi.
Afsuski, jamoat joylarida, koʻchalarda, binolar peshtoqida toponimik belgilar, turli lavha va reklamalar koʻpincha xorijiy tillarda, maʼnaviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilmoqda. Bu davlat tili talablariga, milliy madaniyat va qadriyatlarimizga bepisandlikdan, umumiy savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganidan dalolat beradi.
Shu munosabat bilan, Vazirlar Mahkamasi Atamalar komissiyasi bilan birgalikda ushbu masalalarni keng jamoatchilik ishtirokida jiddiy oʻrganib chiqishi va tartibga solishi zarur.
Chunki ijtimoiy obyektlarga nom berish – bu shunchaki shaxsiy yoki xususiy ish emas. Bu barchamizning vatanparvarlik va maʼnaviy saviyamizni yaqqol koʻrsatadigan oʻziga xos mezondir. Buni hech kim hech qachon unutmasligi kerak.
Biz xalqimizning taqdiri, ertangi kuni haqida oʻylar ekanmiz, eng avvalo, millatimizning asl fazilatlarini, goʻzal urf-odatlarimiz, betakror sanʼatimiz va adabiyotimizni, ona tilimizni koʻz qorachigʻiday saqlashimiz zarur.
Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim.
Bu olijanob harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak.
Muhtaram vatandoshlar!
Sizlarni va butun xalqimizni oʻzbek tili bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga fayzu baraka, baxtu saodat tilayman.
Oʻzbek tili – ona tilimizning nufuzi, obroʻ-eʼtibori yanada ziyoda boʻlsin!
Shunday bebaho boylik sohibi boʻlgan, uni hamisha asrab-avaylab kelayotgan aziz xalqimiz omon boʻlsin!
Eʼtiboringiz uchun rahmat.