O‘zA O`zbek

24.05.2019 20:25 Chop etish versiyasi

Prezident Olmazor tumanida yangi barpo etilgan “Soy boʻyi“ sayilgohiga bordi

Prezident Olmazor tumanida yangi barpo etilgan “Soy boʻyi“ sayilgohiga bordi

Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga asosan Toshkent shahri hududidan oqib oʻtuvchi Chirchiq daryosi, kanal va kollektorlarning qirgʻoq boʻyi mintaqalarida noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish va hududlarni obodonlashtirish yuzasidan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangan. 

Prezidentimiz 2018-yil 9-fevral kuni Olmazor tumanida boʻlib, kanallar boʻyini obodonlashtirish, aholining dam olishi uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi. 

Bugun bu yerda koʻrkam madaniyat va maʼrifat maskani bunyod boʻldi. “Damashi” kanalining 2,5 kilometr qismi qirgʻoqlari betonlashtirilib, “Soy boʻyi” sayilgohi barpo etildi.

Kanal qirgʻoq boʻyi 7 ta lotga boʻlinib, ularda tadbirkorlik subyektlari tomonidan ham turli xil restoranlar, dam olish maskanlari, Kovorking markazi, fitnes klubi va boshqa bir qator obyektlar hamda jahonga mashhur Eyfel, Piza, Minorai kalon minoralari, Luvr piramidasi va boshqa shunga oʻxshash obyektlar maketlari barpo etildi. 

1.jpg

Prezidentimiz kovorking markazi va undagi tikuvchilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Bir paytlar bu yerlar qanday joy edi. Hammamiz shunday yashashga oʻrganib qolgan edik. Bir yil ichida qilgan ishlar samarasini koʻrib turibmiz. Obodlik bor joyda qut baraka boʻladi. Bu yer nafaqat hordiq chiqaradigan joy, balki maʼnaviyat va maʼrifat maskaniga ham aylanadi, dedi davlatimiz rahbari.

Obodonlashtirish ishlari boʻyicha buyurtmachi Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi. Bosh loyihachi “Prime tower group” MCHJ. Bosh pudratchi sifatida esa “Inter building” MJCH ish olib bordi.

Abdulla Qodiriy va Choʻlpon nomidagi kutubxonalar, Nuroniylar maskani, “Yoshlar mehnat guzari“ ham avvalgi tashrifning amaliy natijalaridir.

Kutubxona boy kitob fondi va axborot texnologiyalari bilan taʼminlangan. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi bilan elektron tarzda bogʻlangan.

Nuroniylar maskanida faxriylar oʻz vaqtini mazmunli oʻtkazishi, salomatligini mustahkamlashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Davlatimiz rahbari mazkur kutubxonalar va Nuroniylar maskanini koʻzdan kechirdi. Mahalliy aholi vakillari, nuroniylar bilan suhbatlashdi.

“Damashi” kanali Shayxontohur tumanidan oqib oʻtuvchi “Katta Kalkauz” kanalidan suv olib, Olmazor tumanining Nurafshon koʻchasidan boshlanadi. Uning umumiy uzunligi 7,36 kilometrni tashkil etadi. Toshkent shahridan chiqqandan keyin, kanalning Toshkent viloyatidagi hududi “Damariq” deb nomlanadi. Kanal tranzit vazifasini bajargani bois undan xoʻjalik maqsadlarida foydalanilmaydi.

Prezidentimizga “Soy boʻyi“ sayilgohi va hudud atrofidagi Oltinsoy, Qichqiriq va Taraqqiyot mahallalarida jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash tizimi haqida ham maʼlumot berildi.

Davlatimiz rahbari bu tizimni Toshkent shahrining barcha tumanlarida joriy qilish, jinoyatchilikning oldini olishda ilm va tahlil asosida ishlash zarurligini taʼkidladi.

Kanal va uning atrofidagi hududning ozodaligi hamda sanitariya holati Toshkent shahar va Olmazor tumani hokimligining maxsus ishchi guruhi tomonidan muntazam nazorat qilib boriladi. Xususan, “Toza kanal” kompaniyasi tadbirlari boshlanganidan shu kunga qadar qirgʻoqboʻyi hududida 136 ta noqonuniy qurilmalar aniqlanib, ularning 133 tasi bartaraf etilgan. Qolganlarini bartaraf qilish ishlari davom etmoqda.

2.jpg

3.jpg

4.jpg

8.jpg

10.jpg

Ziyodulla JONIBEKOV, OʻzA
1 315