O‘zA O`zbek

26.06.2020 Chop etish versiyasi

Prezident kichik sanoat zonasi imkoniyatlari bilan tanishdi

Prezident kichik sanoat zonasi imkoniyatlari bilan tanishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi “Yuksalish” kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

117 gektar maydonni egallagan mazkur sanoat majmuasida qurilish materiallari, mashinasozlik va metallga ishlov berish, elektrotexnika, toʻqimachilik va tikuvchilik kabi yoʻnalishlarda umumiy qiymati 1 trillion 208 milliard soʻmlik 95 ta loyiha amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

Bugungi kunga qadar 66,9 milliard soʻmlik 32 ta loyiha ishga tushirilgan boʻlib, 311,1 milliard soʻmlik ishlab chiqarish quvvatiga erishildi. Mazkur loyihalar toʻliq ishga tushsa, 7 ming 300 ta ish oʻrni yaratilib, yiliga 7,8 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi.

Hozirgi kunda kichik sanoat zonasida shifer, poʻlatdan choksiz truba, metall mahsulotlarini qayta ishlash, suv nasoslari va elektr dvigatellar, momiq sochiq, yirik suv sigʻimlari hamda plastik quvurlar va qismlar, paypoq va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

Davlatimiz rahbariga “Yuksalish” kichik sanoat zonasida “Flat Tile” masʼuliyati cheklangan jamiyatning kafel-keramika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi taqdim etildi. Qiymati 125 milliard soʻmga teng loyihaga tashabbuskorlar jamgʻarmasidan 73 milliard soʻm va 52 milliard soʻm bank krediti sarflanadi.

Yiliga 35 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratiladigan loyiha bosqichma-bosqich 2021-yilning II choragida ishga tushiriladi va 410 ta ish oʻrni yaratiladi, shuningdek, yiliga 15,3 million dollarga teng eksport qilish koʻzda tutilgan.

- Oʻzbekistonimizdek foydali qazilmaga boy zamin kamdan kam, - deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev. - Oʻzimizda shunday yufori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun gʻoyat keng imkoniyatlar, tabiiy resurslar boʻla turib, ularni import qilardik. Nega? Chunki zamonaviy geologik tadqiqotlar, ekspeditsiyalar qilmasdik, ilm-fan orqali masalalarga yondashmasdik. Endi xomashyodan toʻgʻri, unumli foydalanish, undan bugungi kun talablariga javob beradigan tovarlar ishlab chiqarish uchun ilmiy asoslangan yechimlar topish vaqti keldi!

Prezident kichik sanoat zonasi hududidagi erkaklar kostyumi, kurtka va palto ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Zamin kiyim sanoat” korxonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Qiymati 24 milliard soʻmga teng loyihaga koʻra yiliga 10 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqariladi va 300 ming dollar miqdoridagi mahsulotlar eksportga chiqariladi. 300 kishi ish bilan taʼminlanadi.

Davlatimiz rahbari kichik sanoat zonasida faoliyat koʻrsatayotgan qator korxonalar mahsulotlari koʻrgazmasi bilan tanishdi.

Namangan viloyatida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish salohiyati, shuningdek, hududda 2020-2021-yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, kambagʻallikni qisqartirish borasida amalga oshiriladigan ishlar, oʻzini oʻzi band qilish yuzasidan batafsil taqdimotlar oʻtkazildi.

- Bu kechagi Namangan emas. Juda qisqa fursat ichida 55 ming ish oʻrni yaratish, 13 trillion soʻmlik loyihalar ishlab chiqish – ushbu hudud tarixida misli koʻrilmagan oʻzgarishlar olib kelishi aniq, - dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga muhokama qilingan har bir mavzu boʻyicha chuqur tahlil asosida koʻrsatma va tavsiyalar berdi.

- Bizning asosiy xatoimiz – pulning qadriga yetmasligimiz! Davlat tomonidan tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, infrastrukturani rivojlantirish, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish uchun ajratilayotgan mablagʻlarning har bir soʻmini joyini bilib ishlatishimiz kerak! Mahsulot ishlab chiqarishda tannarxni kamaytirish, jumladan, transportirovka xarajatlarini tushirish uchun tinmay izlanishimiz lozim. Har bir masalada ilmiy, innovatsion yondashuvlar qoʻllashimiz zarur, deb taʼkidladi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Kichik sanoat zonasi hududidagi 100 dan ortiq korxonalar faoliyati koʻzdan kechirildi.


6 876
O'zA