Prezident Islom Karimov ShHT sammiti doirasida uchrashuvlar o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 11-sentabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Tojikiston poytaxtiga keldi.
Dushanbe, 11-sentabr. O‘zA maxsus muxbiri Bahodir Ergashev xabar qiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 11-sentabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Tojikiston poytaxtiga keldi.
ShHT oliy organining bu yilgi majlisi Tojikistonning ushbu tashkilotga raisligi doirasida o‘tkazilmoqda.
Islom Karimov sammitga ShHTda kuzatuvchi maqomidagi mamlakat rahbari sifatida tashrif buyurgan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan uchrashdi. Tomonlar turli sohalardagi o‘zaro munosabatlarning bugungi holatini muhokama qildi, bu aloqalarni, xususan, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar.
Transport-kommunikatsiya sohasi o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishidir. 2011-yilda O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-O‘mon temir yo‘l koridorini ishga tushirish bo‘yicha bitim imzolangani bunga misol bo‘la oladi. Ta’kidlash joizki, transmintaqaviy transport koridorini ochishga qaratilgan (ishtirokchi mamlakatlar tomonidan o‘z vaqtida ilgari surilgan loyiha deb baholangan) bu tashabbus O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan. Ushbu loyiha Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Ekspertlarning fikricha, mazkur loyiha iqtisodiy jihatdan katta salohiyatga ega. Yangi bozorlarga chiqishning bunday qulay yo‘li boshqa mamlakatlar, xususan, Xitoy va Rossiya uchun ham manfaatli bo‘lishi mumkin.
Shu kuni O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashdi. Ikki davlat rahbarlari o‘zaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish borasida fikr almashdilar.
Tojikiston Prezidenti g‘oyat mazmunli suhbat uchun Prezident Islom Karimovga minnatdorlik bildirdi. Imomali Rahmon O‘zbekistonning ShHT faoliyati samaradorligi va xalqaro nufuzini oshirishga qaratilgan amaliy tashabbuslari o‘z vaqtida ilgari surilgani va ular har tomonlama asosli ekanini ta’kidladi.
Prezident Islom Karimov Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan ham muzokara o‘tkazdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro manfaatdorlik xususiyatiga ega. Savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanmoqda. 2013-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 7,1 milliard AQSh dollarini tashkil etgani buning tasdig‘idir. Ikki yuzdan ortiq davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo bitim va shartnomalar hamkorlikning mustahkam huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Islom Karimov va Vladimir Putin mamlakatlarimiz o‘rtasidagi muloqotlarning muntazamligi muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Dushanbe shahriga tashrifi davom etmoqda. Davlatimiz rahbari 12-sentabr kuni ShHTga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining 14-majlisida ishtirok etadi.