O‘zA O`zbek

18.10.2019 Chop etish versiyasi

Ipakchilikda Oʻzbekiston brendi yaratiladi

Ipakchilikda Oʻzbekiston brendi yaratiladi

Prezidentimiz Termiz shahridagi pillani qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan “Surxon ipagi” korxonasini borib koʻrdi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda pillachilik rivojlandi. Ipak qurtidan toʻrt, baʼzi hududlarda besh martagacha hosil yigʻish yoʻlga qoʻyildi. Ipakdan qimmatbaho mato, gilam va boshqa jihozlar ishlab chiqaruvchi koʻplab korxonalar tashkil etilmoqda, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar hisobiga tarmoqda eksport hajmi ortmoqda.

Surxondaryo viloyati ana shunday hududlardan biri. Bir yil ilgari Prezident Termiz tumanida boʻlib, pilla urugʻchiligi klasteri bilan tanishgan edi. Tut plantatsiyalari yonidagi qurtxonalar, koʻchma qurtxonalar, Xitoy texnologiyasi asosidagi sunʼiy dastalar asosida ipak qurti yetishtirilayotgani davlatimiz rahbariga manzur boʻlgan edi.

Bugun viloyatda ana shunday klasterlar ikkita, yil oxirigacha yana uchtasi ishga tushadi. Natijada pillani zamonaviy, innovatsion usulda yetishtirish miqdori oshadi, ish oʻrinlari koʻpayadi.

Prezident “Surxon ipagi” korxonasi imkoniyatlari bilan tanishish chogʻida ipakchilik turizmini targʻib qiluvchi bunday joylarni koʻpaytirish kerakligini taʼkidladi.

Korxonaga pillani qayta ishlash, xomashyoni yigirish, ipak momigʻi ishlab chiqarish uchun zamonaviy texnologiyalar chin yurtidan keltirilgan, sifat nazoratini olib borish, ipakdan jahon andozasiga mos mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishga koʻmaklashish maqsadida xorijdan mutaxassislar jalb etilgan.

Ishchilar Margʻilon shahrida ipak gilamlar toʻqish boʻyicha tajriba oʻrgandi. Hozir oʻzlari shogird chiqarayapti. Bundan tashqari, pillakor mutaxassislar Xitoyda malaka oshirib keldi. Ular endi mahalliy ishchilarga ipakchilikda Xitoy tajribasini oʻrgatadi.

Viloyatning qator tumanlari “Surxon ipagi” korxonasiga klaster usulida pilla yetishtirish boʻyicha biriktirilgan. Qurt boqish uchun ozuqa bazasi yaratish, iqlimga mos tut koʻchatlari parvarishlash, yiliga toʻrt marta ipak qurti boqish imkonini beruvchi pillaxonalar qurish yoʻlga qoʻyildi.

Bugungi kunda “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalarda ipak qurti ozuqa bazasi tut koʻchatlari yetishtirishdan boshlab, tayyor ipak holigacha ishlab chiqarish mukammal holatga yetkazildi. Endigi navbat ipak tolasidan sifatli ipak matolar ishlab chiqarish va ularga gul bosish jarayoni oʻzlashtirilmoqda.

Maʼlumot uchun, hozirgi kungacha oʻzbek ipak tolasining 80 foizi xorijga eksport qilinar, 20 foizi mahalliy korxonalarda qayta ishlanardi. “Surxon ipagi” kabi korxonalar hisobiga bu koʻrsatkich muttasil oshirib boriladi.

Korxonada mahsulot chiqarishdan tashqari serdaromad va xaridorlarni koʻpaytiradigan yangi tajribalar haqida ham Prezidentga maʼlumot berildi. Shulardan biri - turizmni rivojlantirish. Korxona viloyatning turizm marshrutiga kiritilgan. Turistlarni jalb qilish maqsadida muzey tashkil qilingan. Kelajakda sayyohlarni yanada koʻpaytirish maqsadida Termizda ipakdan turli hunarmandlik buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan hunarmandchilik markazi tashkil etish ishlari ketmoqda. Mahsulotlarni namoyish etish uchun maxsus shourum va ipak matolardan kiyim tayyorlash sexi ishlab turibdi.

Ipak mahsulotlar Osiyo va Yevropa davlatlariga yetkazib berilmoqda. Oʻtgan yili 2 million 873 ming dollarlik, joriy yilda 1 million 599 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Shu yerda ipakchilikni rivojlantirish loyihalari, viloyatning turizm salohiyati va uni rivojlantirishning qoʻshimcha imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.

– Gilamlarga naqsh solib tikish – noyob sanʼat. Buni har kim uddalolmaydi. Naqshlarga milliy ruh kiritib, xaridorlarni jalb etadigan ranglardan foydalanish kerak. Bu butun dunyo uchun Oʻzbekiston brendi boʻladi, – dedi Prezidentimiz.


1 941
Umar ASROROV, OʻzA