O‘zA O`zbek

12.06.2020 Chop etish versiyasi

Prezident Innovatsion rivojlanish vazirligiga tashrif buyurdi

Prezident Innovatsion rivojlanish vazirligiga tashrif buyurdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumani Talabalar shaharchasida barpo etilgan Innovatsion rivojlanish vazirligining yangi binosini borib koʻrdi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 29-noyabrdagi farmoniga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etilgan edi. Oʻsha yili dekabrda bu yangi idora uchun bino qurish boshlangandi. Oʻtgan yil 24-mayda Prezidentimiz bunyodkorlik ishlarining borishi bilan joyning oʻzida tanishgan edi.

Vazirlikni tashkil etishda iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohalarni jahon ilm-fani yutuqlari, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalar asosida jadal rivojlantirish maqsad qilib qoʻyilgan. 5 qavatli bino shunga mos qurilgan va jihozlangan.

Birinchi qavatda koʻrgazmalar zali, amfiteatr, yosh ixtirochilar xonasi, axborot boʻlimi, elektron kutubxona, qahvaxona, fuqarolar qabulxonasi joylashgan. Ikkinchi qavatda Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi, robototexnika va mexatronika, internet dasturlari boʻyicha zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilgan. Ilmiy-texnik axborot markazi, Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi Intellektual dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazi, startap xonalari uchinchi qavatda joylashgan. Yuqori qavatlardan vazirlik xodimlari uchun kabinetlar, anjuman zallari oʻrin olgan. Bu yerda aerokosmik tadqiqotlar va 3D prototiplashtirish boʻyicha oʻquv laboratoriyalar ham faoliyat koʻrsatadi.

Bino atrofidagi bogʻda favvora, yozgi amfiteatr, taqdimot maydonchalari barpo etilgan.

Shavkat Mirziyov dastlab interfaol koʻrgazma zali - “Showroom” bilan tanishdi. Bu yerda xorijiy va mahalliy kompaniyalarda ishlab chiqarilayotgan innovatsion mahsulotlar, startap loyihalar toʻgʻrisida maʼlumotlar olish mumkin boʻladi. U turli sohalardagi 37 ta loyihani qamrab oluvchi 8 ta blokdan iborat.

Masalan, robototexnika burchagida yetakchi xorijiy kompaniyalarning robotlari joylashtirilgan. Bu yerga keluvchilar robotlarni yasashi yoki boshqarib koʻrishi mumkin. Sohani chuqurroq oʻrganish istagida boʻlganlar oʻrganishlarini ikkinchi qavatdagi robototexnika oʻquv-tadqiqot laboratoriyasida davom ettiradi.

Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaga oid texnologiyalar transferi boʻlimida yuqori texnologiyalar, “aqlli” qurilmalar, kundalik hayotda qoʻllanadigan innovatsion jihozlar bilan tanishish mumkin.

Qurilish va avtosanoat sohalariga tegishli yana bir loyiha – ilk bor import oʻrnini bosuvchi, eksportga yoʻnaltirilgan poliefir shpatlyovka va poliefir yelim ishlab chiqarish texnologiyalar transferi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Vazirlik binosidagi interaktiv studiyada onlayn darslar, vebinarlar oʻtkazish, videodarslar yozish mumkin. Bu studiya “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yoshlarni oʻqitish, masofaviy muloqot orqali joylardagi mutaxassislar malakasini oshirishda ham qoʻl keladi.

- Mamlakatimiz yuqori texnologik sohalar boʻyicha dunyodan ortda qolib ketgan. Barcha sohalarni modernizatsiya qilish, jahon bilan hamqadam boʻlish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etib, shunday sharoitlar yaratdik. Bu jamoa yil yakuni boʻyicha bu borada aniq amaliy natijalarni koʻrsatishi kerak, - deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

002.jpg

Vazirlikka berilgan vakolat va yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanish, ishlanmalarni soha va tarmoqlarga tatbiq etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Prezidentimiz videoaloqa orqali vazirlikning Ilgʻor texnologiyalar markazi mutaxassislari bilan muloqot qildi.

Davlatimiz tomonidan odamlarni ilm-fanga qiziqtirish va ragʻbatlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Vazirlikning yangi zamonaviy binosida buning uchun barcha sharoit muhayyo. Iqtidorli yoshlar bu yerda eng soʻnggi ishlanma va texnologiyalar bilan tanishish barobarida startap loyihalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.

Binoda kengaytirilgan virtual reallik texnologiyasi - NazzAR platformasi ishga tushirilgan. Bu texnologiya foydalanuvchilarga qoʻlidagi smartfoni orqali dunyo obyektlari bilan interfaol munosabatlarga kirishish imkonini beradi.

Bugungi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiyani taʼminlash uchun zarur tizim yaratildi. Ilmiy-tadqiqot muassasalari va olimlarning innovatsion gʻoya va loyihalari qoʻllab-quvvatlanib, qiymati 28,2 milliard soʻmlik 31 ta startap loyiha moliyalashtirildi. Xalqaro hamkorlik doirasida hozirgi kunda Germaniya, Rossiya va Belarusdagi sheriklar bilan 9,6 milliard soʻmlik 38 ta qoʻshma loyiha amalga oshirilmoqda.


a86aebb0-65fa-c355-14ef-5fdc7d23bd35.jpg

2fe09bf0-453f-9e06-cb27-1ab7ade31d9b.jpg

f3bd6448-66b6-95ba-0720-59036fcfe0df.jpg

8 867