O‘zA O`zbek

10.08.2018 15:49 Chop etish versiyasi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarning innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarning innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatladi
Davlatimiz rahbari Shayxontohur tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid loyihalar bilan tanishdi.

Mamlakatimizda ishlab chiqarishning turli sohalari samaradorligini oshirishga qaratilgan innovatsion loyiha va ishlanmalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday texnologik yangiliklar mavjud ishlab chiqarish jarayonlarini o‘zgartirish, ularning chiqitsiz ishlashini ta’minlash, xarajatlar va yaroqsiz mahsulotni salmoqli darajada kamaytirishga xizmat qiladi.

Texnoparklar ham bu borada muhim ahamiyat kasb etadi. Innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish, ichki va tashqi bozorda xaridorgir yuqori texnologiyali, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun yetakchi sanoat va kichik innovatsion korxonalar tashkil etish ularning asosiy vazifalaridir. Ishlab chiqarishga zamonaviy xorij texnologiyalarini joriy qilish, ushbu maqsad uchun yuqori texnologik va innovatsion ishlab chiqarishni tashkil etishga qodir mahalliy va xorijiy investorlarni jalb etish bilan ham shug‘ullanadi.

Texnoparklar zimmasiga ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar samaradorligini oshirish uchun oliy ta’lim muassasalari, akademik fan va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘zaro aloqani yo‘lga qo‘yish, bu jarayonga olimlar, yuqori malakali mutaxassislar, amaliyotchilar hamda talabalarni jalb etish vazifasi ham yuklatilgan.

0aa0959d-a0d8-07ba-b3a1-92cbc306734e.jpg

Tumanning Oqlon mahallasida bo‘sh turgan joyda texnopark tashkil etish loyihasi shulardan biri. Tijorat banklari ishtirokida bu yerda to‘qimachlik mahsulotlari, tayyor kiyim-kechak va sport tovarlari ishlab chiqaradigan bir necha korxona tashkil etish rejalashtirilgan. Bu mahalladagi xotin-qizlar va tuman yoshlarini ish bilan ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.

“Asaka” banki tomonidan moliyalashtirilayotgan “Ko‘kcha tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatining mato mahsulotlar ishlab chiqarish, ularga gul bosish va tikuvchilikni tashkil etish loyihasi doirasida yana 2 mingta ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, bankning moliyaviy ko‘magida Toshkent viloyati Nurafshon shahrida “To‘ytepa tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha kalava ip ishlab chiqarish hamda “Indigo” jinsi matosini to‘qish va tayyor mahsulot ishlab chiqarish, kalava ipni bo‘yash liniyasini yo‘lga qo‘yish, optik tayyor mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. “Ko‘kcha tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Ishchi-xodimlar uchun ko‘p qavatli uy-joy va maishiy savdo majmuasi qurish” loyihasi ham namoyish etildi.

Shayxontohur tumanida ayni paytda 185 ta tekstil va to‘qimachilik sanoati korxonalari faoliyat yuritmoqda. 2018-2019 yillarda tumanda mazkur yo‘nalishda 8 ta loyihani amalga oshirish va 1334 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Tumanda “Certus textiles” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan “Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish” loyihasi ham 100 ta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Loyihani amalga oshirish uchun 5,6 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi.

“Aloqa bank” tomonidan moliyalashtirilayotgan IT (informatsion texnologiyalar) yo‘nalishida biznes markazi tashkil etish loyihasi “Cenesis Innovation” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashabbusi bilan amalga oshirilayotir. Loyiha qiymati 55,5 milliard so‘m bo‘lgan markazning 5 qavatli binosida 200 kishi ish bilan ta’minlanadi.

“O‘zmilliybank”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Ipotekabank”lari tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Shayxontohur tumanida zamonaviy kichik sanoat zonasi, “AVTO RITET” brendi ostida avtomobillarga hamda aholiga zamonaviy va innovatsion yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish ko‘p tarmoqli majmuasi tashkil etish, yengil sanoat tarmog‘iga investitsiyalar jalb qilish, zamonaviy uy-joylar, tibbiy diagnostika markazi va maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etish, asalni qayta ishlash va qadoqlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalashtirilgan loyihalar namoyish etildi.

Davlatimiz rahbari sanoatni innovatsion rivojlantirish, xorijiy tajriba asosida mahsuldorlik va raqobatbardoshlikni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Tadbirkorlarning innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatladi.

Alovaddin G‘afforov, O‘zA
2 715