O‘zA O`zbek

01.10.2018 Chop etish versiyasi

Prezident Hindiston tashqi ishlar vazirini qabul qildi

Prezident Hindiston tashqi ishlar vazirini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-Dehli shahrida oʻzi uchun ajratilgan qarorgohda Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sushma Svarajni qabul qildi.

Nyu-Dehli, 1-oktyabr.
OʻzA maxsus muxbiri Matnazar Elmurodov xabar qiladi

Muloqotda davlatimiz rahbari Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasida doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Joriy yilda tomonlarning intilishi natijasida oʻtkazilgan uchrashuvlar, qator delegatsiyalar almashuvlari davlatlararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani yuqori baholandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Hindistonga mazkur davlat tashrifida Svaraj xonimning xizmatlari katta ekanini qayd etar ekan, oliy darajadagi uchrashuvlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi azaliy doʻstlikka asoslangan munosabatlarda yangi davrni boshlashga, ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori bosqichga koʻtarishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

Suhbat chogʻida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, investitsiya, innovatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Oliy darajadagi muzokaralarda muhokama etiladigan xalqaro va mintaqaviy siyosatning tomonlarni qiziqtiruvchi dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Prezidentimizning Hindistonga davlat tashrifi davom etmoqda.

2 129
OʻzA