Pokiston Prezidenti O‘zbekistonga keldi
Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husayn Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun 22-iyun kuni O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husayn Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun 22-iyun kuni O‘zbekistonga tashrif buyurdi.Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.
Bo‘lib o‘tgan qisqa suhbatdan so‘ng Pokiston delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi.
* * *
Pokiston Prezidenti mamlakatimizga tashrifini qadimiy Samarqandni ziyorat qilishdan boshladi. Oliy martabali mehmon Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qayta qurilgan Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi. Pokiston Prezidentiga buyuk muhaddis Imom Buxoriyning boy ma’naviy merosi, uni o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ulug‘ zot mangu qo‘nim topgan majmuaning yaratilish tarixi, mustaqillik yillarida ushbu maskanda amalga oshirilgan beqiyos bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari haqida so‘zlab berildi.
Sharq me’morligining noyob an’analarini o‘zida mujassam etgan maqbara, ayvon va ulkan masjid mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Mamnun Husayn Prezident Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilish, ular nomi bilan bog‘liq maskanlarni obod etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berib, ushbu maskan butun musulmon olamining muqaddas qadamjolaridan biri ekanini ta’kidladi.
Amir Temur maqbarasi ziyorati chog‘ida mehmonga Sohibqiron bobomizning davlatchilik tarixi, mamlakatda ilm-fan, madaniyat, hunarmandlikni rivojlantirish borasida amalga oshirgan ishlari, bunyodkorlik salohiyati haqida ma’lumot berildi.
Dunyoga mashhur Registon majmuasi bilan tanishuv va bu yerdagi milliy hunarmandlik buyumlari namoyishi ham Pokiston Prezidentida katta taassurot qoldirdi. Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari xalqimizning boy madaniyati, ajdodlarimizning yuksak aql-zakovatidan dalolat berishi alohida qayd etildi.