Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.04.2018 17:13 Chop etish versiyasi

Parlamentlararo hamkorlik jadal rivojlanmoqda

Parlamentlararo hamkorlik jadal rivojlanmoqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida 17 aprel kuni Latviya Respublikasi Seymi Raisi Inara Murniyetse rahbarligidagi ushbu mamlakat parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida Senat Raisi N.Yo‘ldoshev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Latviya Respublikasi Seymi o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

2010 yilda Latviya Seymida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha guruh tuzilgan bo‘lsa, 2012 yil iyulda mamlakatimiz parlamentida xuddi shunday do‘stlik guruhi tashkil etildi. O‘sha yili sentabrda Oliy Majlis va Seymning parlamentlararo do‘stlik guruhlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

O‘tgan yil may oyida Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshev boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasining Latviyaga tashrifi, ushbu tashrif doirasida o‘tkazilgan qator uchrashuvlar hamkorlikni yanada kengaytirish va yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Tashrif kunlari Riga shahrida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Latviya biznes-seminari o‘tkazilib, unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 300 nafardan ziyod vakili ishtirok etdi. Bir qator idora va muassasalar o‘rtasida hamkorlikka oid memorandumlar imzolanib, kelishuvlarga erishildi.

Latviya Respublikasi Seymi Raisi Inara Murniyetse boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga ushbu tashrifi parlamentlararo hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

11.JPG

Uchrashuvda tomonlar mamlakatlarimiz parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi ahvoli va istiqbollarini muhokama etdilar. Demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha to‘plangan tajriba tahlil qilindi. Parlamentlar o‘rtasidagi muloqotni mazmun jihatdan yanada boyitish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan uchrashuvda Spiker N.Ismoilov O‘zbekiston bilan Latviya o‘rtasida o‘zaro ishonch va manfaatdorlikka asoslangan munosabatlar parlamentarizm sohasida ham izchil rivojlanayotganini qayd etdi.

Mamlakatlarimizni mustahkam do‘stlik rishtalari bog‘lab turishi, qonun ijodkorligi sohasidagi aloqalar faollashgani teng huquqlilikka asoslangan sheriklik munosabatlarining yana bir ifodasi ekani ta’kidlandi.

Muzokarada ikki mamlakat o‘rtasidagi tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorlikning me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirishga oid masalalar ko‘rib chiqildi. Uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, giyohvand va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha tuzilgan O‘zbekiston – Latviya hamkorlik komissiyasi olib borayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Latviya parlamenti delegatsiyasi, shuningdek, mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida ham muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zA
4 822