O‘zA O`zbek

28.08.2020 Chop etish versiyasi

Pandemiya sharoitida taʼlim jarayonini tashkil etish choralari belgilandi

Pandemiya sharoitida taʼlim jarayonini tashkil etish choralari belgilandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 28-avgust kuni umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquv yiliga tayyorgarlik masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Butun dunyoga yoyilgan koronavirus pandemiyasi taʼlim sohasi oldiga ham yangi muammo va talablarni qoʻymoqda. Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi aniqlanganidan soʻng, 16-martdan boshlab, anʼanaviy taʼlim jarayonlari vaqtinchalik toʻxtatilgan edi. Bolalar uy sharoitida onlayn tahsil oldi.

Yangi oʻquv yili yaqinlashgani sari barcha ota-onalarni oʻqish qachon va qay tarzda boshlanishi qiziqtirmoqda. Bugungi kunda maktab oʻquvchilari soni olti million ikki yuz mingdan ziyodligi inobatga olinsa, yurtimizda bu masalaga befarq oila yoʻqligini aytish mumkin.

Shu bois davlatimiz rahbari hukumatga bu borada xalq fikrini bilish, ota-onalar va muallimlar bilan maslahatlashgan holda, har tomonlama chuqur oʻylangan qaror qabul qilish boʻyicha koʻrsatma bergan edi.

Shu maqsadda, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan alohida soʻrovnoma tuzilib, har bir ota-onaning fikri batafsil oʻrganildi. Bu tadbirda 5 million 500 ming nafar ota-ona ishtirok etdi. Ularning 76 foizi taʼlim jarayonini maktabga qatnagan holda, yaʼni anʼanaviy shaklda olib borish tarafdori boʻlgan. 24 foizi esa masofaviy shaklda – teledarslar orqali davom ettirishni maʼqul koʻrishgan.

Bundan tashqari, mazkur masala yuzasidan dunyodagi vaziyat ham oʻrganildi. Kuni kecha Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus dunyoda koronavirus kasalligi yana ikki yilgacha davom etishi mumkinligini bildirdi. BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish pandemiya sababli koʻp davlatlarda toʻxtab qolgan taʼlim jarayoni oqibatlari kelgusida dunyo hamjamiyati uchun oʻta ogʻir boʻlishi mumkinligini aytdi. Bu degani barchamiz pandemiya sharoitida koronavirus bilan yashash, ishlash va farzandlarimizni oʻqitishga tayyor boʻlishimiz kerak.

Oʻqituvchilar bilan oʻtkazilgan muloqotlarda ham aksariyat pedagoglar bolajonlarning koʻzi va qalblarini sogʻinganini, taʼlim va tarbiya berishga tayyor ekanini, maktablar ochilishini orziqib kutayotganini bildirishgan.

Shu xulosalardan kelib chiqib, maktablarda taʼlim jarayonini bir vaqtning oʻzida ikki xil shaklda tashkil etishga qaror qilindi. Yaʼni, aksariyat ota-onalar talabiga koʻra anʼanaviy, shu bilan birga masofaviy shaklda yoʻlga qoʻyiladi.

– Mendan bugungi kun qahramonlari kim deb soʻrashsa, bu sogʻliqni saqlash xodimlari bilan bir qatorda hurmatli ustozlarimiz, deb aytgan boʻlar edim, – dedi Prezident yigʻilishda.

Davlat rahbari jamiyatda oʻqituvchi va ustozlarning obroʻyini koʻtarishga eʼtibor talab darajasida emasligini taʼkidladi.

– Bu yerda gap faqat moddiy ragʻbat haqida emas. Biz oʻzini yoshlar taʼlim-tarbiyasiga bagʻishlagan har bir fidoyi muallimga nisbatan yuksak hurmat-ehtirom muhitini shakllantirishimiz kerak. Bitta bolani 11-sinfgacha tarbiyalab, voyaga yetkazish qancha mashaqqat?! Ayniqsa, sinf rahbarlariga koʻp narsa bogʻliq, biz ularni eshitishimiz, qoʻllab-quvvatlashimiz kerak. Maktabda oʻzgarish boʻlmas ekan, hech qaysi sohada oʻzgarish boʻlmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻqituvchi va shifokorlarning fidoyi mehnati, yuksak hulq-atvori namunasini namoyon etish maqsadida toʻliq metrajli film va seriallar, ularning faoliyati haqida koʻrsatuvlar tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Videoselektor yigʻilishida pandemiya sharoitida taʼlim jarayonini tashkil etish boʻyicha dolzarb chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlariga maktablarni sanitar talablarga muvofiq, birlamchi vositalar bilan toʻliq taʼminlash vazifasi qoʻyildi. Sanitariya xizmati markazlari 5-sentyabrga qadar oʻz hududidagi maktablarning yangi oʻquv yiliga tayyorlik holatini oʻrganib, jamoaga qoʻshimcha oʻquv-treninglar oʻtadi. Bundan maqsad – maktablarga amaliy yordam koʻrsatib, ota-onalarning koʻnglini xotirjam qilishdir.

Mahalliy xalq deputatlari kengashlari oʻz tumanidagi epidemiologik sharoitdan kelib chiqib, maktablar faoliyatini yoʻlga qoʻyish yuzasidan tegishli qaror qabul qiladi.

Xalq taʼlimi vazirligiga ota-onalar hamda mahalliy kengashlar takliflaridan kelib chiqib, yangi oʻquv yilini 14-sentyabrdan boshlash, maktablarda harakatlar sxemasini ishlab chiqib, tajribadan oʻtkazish boʻyicha topshiriq berildi.

Bu tajriba asosida oʻquvchilarni maktabda kim kutib olishi, qaysi sinf qaysi eshikdan kirishi, sinfxonalarning havosi qachon almashtirilishi kabi har bir qadam aniq belgilab olinadi. Bu salkam 6 oydan buyon oʻquv dargohini sogʻingan bolalarning tezroq moslashishi hamda xavfsizligida muhim oʻrin tutadi.

Hozirgi sinovli davrda maktab direktori, sinf rahbari va ota-ona oʻrtasidagi muloqotni har qachongidan ham kuchaytirish, uydan taʼlim oladigan oʻquvchilarning oʻzlashtirishini kundalik monitoring qilish lozimligi taʼkidlandi. Bu oʻquvchilarning yaxshi bilim olishi, shu bilan birga sogʻ-salomat boʻlishini taʼminlaydi.

Videodarslarni sifatli tayyorlash, bu jarayonga davlat va nodavlat telekanallarini faol jalb etish, 3 ta telekanalda doimiy efirga uzatib borish zarurligi qayd etildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga joylarda raqamli televideniye signali va internet tezligini taʼminlash, chekka hududlardagi kommunikatsiya tizimlarini toʻliq testdan oʻtkazish boʻyicha koʻrsatma berildi. Oʻquvchilar uchun internetdan foydalanishda imtiyozli “Maktab” tarif rejasi joriy etilishi aytildi.

Taʼlim muassasalaridagi tozalik va ozodalikni saqlash, sinfxonalar va atrofni dezinfeksiya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Yigʻilishda qayd etilganidek, har bir maktabga ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari biriktirilib, tartibni saqlash va karantin talablariga rioya etilishini nazorat qiladi. Oʻquvchilar sogʻligidan doimiy xabardor boʻlish maqsadida hududiy poliklinika yoki vrachlik punktlaridan kamida bir nafardan tibbiyot xodimi jalb etiladi.

Tadqiqotlar yosh bolalarda virus yengil kechishini koʻrsatmoqda. Biroq oʻquvchilar infeksiyaning tashuvchisiga aylanib qolishlari mumkin. Ular oʻzlari bilmagan holda ustozlari yoki oila aʼzolariga, ayniqsa yoshi ulugʻ kishilarga yuqtirishi xavfini ham inkor etib boʻlmaydi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 26-avgustdagi “Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, pedagoglar 1-oktyabrga qadar grippga qarshi bepul emlanadi. Shu bilan birga, oʻqituvchilarning mehnatini munosib ragʻbatlantirishga koʻrsatma berildi.

Oʻquv dargohlari faoliyatida xavfsizlik choralarini koʻrish, shuningdek, mahallalarda koronavirusga chalingan xonadonlarni oʻz vaqtida aniqlab, maktab maʼmuriyatini tezkor ogohlantirish muhimligi taʼkidlandi.

Mutasaddi vazirliklarga maktablar uchun pirometr va dozatorlar xarid qilish hamda hududlarga yetkazish boʻyicha topshiriqlar berildi. Viloyat hokimlari maktablarni dezinfeksiya qilish, antiseptik vositalar, tibbiy niqoblar bilan taʼminlashga masʼul etib belgilandi.

– Har bir rahbar oʻz vazifasini chuqur his qilib, ishga sadoqat va masʼuliyat bilan yondashsa, ham tizim ishlaydi, ham xalqimizning talabini bajargan boʻlamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda vazirlar va viloyat hokimlari kun tartibi yuzasidan axborot berdi.


7 748
O'zA