Pamela Spratlen: O‘zbekiston amalga oshirgan islohotlari samaralari bilan faxrlansa arziydi
O‘zbekiston Respublikasi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 1992-yil 19-fevralda o‘rnatilgan. Ikki mamlakat hamkorligining huquqiy negizini oltmishdan ziyod hujjat, jumladan, 2002-yilda imzolangan Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiya tashkil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 1992-yil 19-fevralda o‘rnatilgan. Ikki mamlakat hamkorligining huquqiy negizini oltmishdan ziyod hujjat, jumladan, 2002-yilda imzolangan Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiya tashkil qiladi. Uzoq muddatli va ko‘p qirrali aloqalar teng huquqlilik, konstruktiv hamkorlik va o‘zaro manfaatdorlik ruhida izchil taraqqiy etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 24-yilligi arafasida O‘zA muxbiri Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Pamela SPRATLEN bilan suhbatlashdi.
– Spratlen xonim, suhbatimiz O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 24-yilligi arafasida o‘tmoqda. Mamlakatimizda istiqlol yillarida erishilgan yutuqlar haqida nima deya olasiz?
– Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan. Mamlakatimiz O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekiston o‘tgan 24-yil ichida mustaqil davlat sifatida amalga oshirgan islohotlari samaralari bilan faxrlansa arziydi.
Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi tezyurar temir yo‘l aloqasi deysizmi, axborot texnologiyalari sohasidagi yutuqlar deysizmi yoki yosh avlodga ingliz tilini o‘rgatishga qaratilayotgan e’tibor deysizmi, umuman, barcha sohalarda qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar O‘zbekistonning barqaror rivojlanayotganidan dalolat beradi. Mamlakatingizda turli millat va konfessiyalar o‘rtasidagi etnik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, shuningdek, xorijiy davlatlar, xususan, AQSh bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
– O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi hamkorlik samaralari haqida o‘z fikringizni bildirsangiz.
– AQSh bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning izchil rivojiga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Joriy yilning o‘zida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida AQShdan ko‘plab nufuzli delegatsiyalar O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan O‘zbekiston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarini rivojlantirish va salohiyatini yanada oshirish borasida qator ishlar olib borilmoqda. Elchixonamiz va Toshkentdagi Amerika Savdo palatasi O‘zbekiston bilan mustahkam savdo-iqtisodiy aloqalar o‘rnatgan hamda mamlakatingizga sarmoya kiritish istagida bo‘lgan AQSh kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Fan va texnologiyalar sohasi ham AQSh bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning eng istiqbolli sohalaridandir.
– O‘zbekistonda demokratiyani va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, sud-huquq tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikringiz?
– Demokratiya intihosi yo‘q, uzluksiz jarayon bo‘lib, tub o‘zgarishlar vaqt talab etadi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining a’zosi, BMTning demokratiya va fuqarolik jamiyatiga oid ko‘plab konvensiyalarini imzolagan O‘zbekistonda ushbu maqsadlarga erishish yo‘lida olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, bu boradagi hamkorlikni izchil rivojlantirishga tayyormiz.
Sud sohasidagi ta’limga oid aloqalarimiz faollashmoqda, amerikalik sudyalar va huquqshunos amaliyotchilar O‘zbekistonda, o‘zbekistonlik mutaxassislar esa AQShda uchrashuvlar o‘tkazmoqda. AQSh va boshqa xalqaro sheriklar hamkorligida O‘zbekistonda odil sudlov tizimidagi islohotlarni yanada kengaytirish maqsadida ommaviy axborot vositalari va sud tizimining o‘zaro hamkorligiga bag‘ishlangan qator tadbirlar o‘tkazildi.
– O‘zbekistonda xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi mavqeini yuksaltirish, iqtisodiy va ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor haqidagi fikringizni bildirsangiz...
– O‘zbekistonda oilaviy qadriyatlarga va xotin-qizlarning oilada tutgan o‘rniga alohida e’tibor qaratiladi. Mamlakatingizda xotin-qizlar davlat va jamiyatning barcha sohalarida faol ishtirok etmoqda.
AQSh xalqi ham, O‘zbekiston xalqi ham erkak va ayollar barcha huquq va qadriyatlardan teng foydalanishi lozim, deb hisoblaydi. Ma’lumki, bu huquqlarni amaliyotga tatbiq etish oson jarayon emas. AQSh xotin-qizlari barcha sohalarda, biznes va ta’limdan tortib siyosat, tibbiyot va sportgacha bo‘lgan tarmoqlarda ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritgan. O‘zbekistonga tashrif buyurishimdan ko‘p o‘tmay Xotin-qizlar qo‘mitasida bo‘ldim. Mamlakatingizda xotin-qizlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar bilan tanishdim. O‘zbekistonning xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash borasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz.
O‘zbekistonda ko‘plab xotin-qizlar bilan suhbatlashdim. Ular fan va texnika, san’at va madaniyat, siyosat va iqtisodiyot kabi ko‘plab sohalardagi faoliyatiga oid ijobiy tajribasi va yutuqlari bilan faxrlanadi. Biz xotin-qizlar uchun yaratilgan bunday imkoniyatlarni yanada yaxshilash, ularning puxta ta’lim egallashi va hayotdan to‘la zavq olishi yo‘lida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdorimiz.
– O‘zA veb-saytida (www.uza.uz) berib boriladigan yangiliklarni kuzatib borasizmi?
– Men doimiy boxabarlikka intilaman. O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan tadbirlar va rasmiy ma’lumotlardan xabardor bo‘lish maqsadida mamlakatingizning rasmiy axborot manbai bo‘lgan O‘zA veb-saytidan foydalanaman. Saytingizda yurtingizning barcha hududlaridan tezkor materiallar berib boriladi va muntazam yangilanib turadi. O‘zA professional va tezkor jurnalistlari bilan faxrlansa arziydi. Imkoniyatlaringiz va jurnalistlaringiz safi yanada kengayishiga tilakdoshmiz.
– O‘zbekiston xalqiga bayram tilaklaringiz.
– Mamlakatingiz mustaqilligining 24-yillik bayrami arafasida AQSh xalqi va elchixonamiz xodimlari nomidan O‘zbekiston xalqiga abadiy tinchlik, farovonlik, omad va omonlik tilayman.
Mustaqillik bayramingiz muborak bo‘lsin!