O‘zA O`zbek

24.08.2018 12:13 Chop etish versiyasi

Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi sammiti boshlandi

Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi sammiti boshlandi Turkmanboshi shahridagi “Avaza” sayyohlik zonasida Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʻsischi davlatlari rahbarlari majlisi boshlandi.

01.JPG

OʻzA muxbiri Matnazar Elmurodov xabar qiladi
Turkmanboshi shahri, 24-avgust. 


Prezidentlar avval tor doirada uchrashuv oʻtkazdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov ishtirok etdi.

Majlisda jamgʻarma faoliyatini takomillashtirish, mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash, suv resurslarini muvofiqlashtirgan holda boshqarish, bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamkorligini mustahkamlash masalalariga eʻtibor qaratildi.

1a0d2be5-c87d-4bf1-5ff1-cf8dec72e15e.jpg

Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari hamkorligida Orol dengizi havzasida ekologik inqirozga barham berish va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash maqsadida tuzilgan mintaqaviy tashkilotdir. Taʻsischi davlatlar ushbu jamgʻarmaga galma-gal uch yil muddatga raislik qiladi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari navbati bilan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi Prezidenti etib saylanadi. 2017-yildan 2019-yilgacha jamgʻarmaga Turkmaniston raislik qilmoqda.

Taʻkidlash joiz, mazkur sammit jamgʻarmaning 2009-yili Toshkentda oʻtgan tarixiy majlisidan soʻng tashkil etilayotgani bilan ahamiyatlidir. Taʻsischi davlatlar rahbarlarining Toshkent uchrashuvida mintaqada ekologik halokatning oldini olish yoʻlida muhim saʻy-harakatlarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab olingan edi.

Orolboʻyi mintaqasidagi ekologik vaziyat oʻnglab boʻlmaydigan holatga kelgan, uning salbiy taʻsiri tobora kengayib borayotgan bugungi sharoitda davlat rahbarlarining ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik xavfsizlikni taʻminlash borasidagi hamfikrliligi alohida ahamiyat kasb etadi.

Oʻtgan davrda OQXJ doirasida mintaqada murakkab suv xoʻjaligi masalalarini hal etish, suv taqsimoti, Orol dengizi havzasida suv resurslarini birgalikda boshqarish, foydalanish va muhofaza qilish boʻyicha hamkorlik borasida qator shartnomalar hamda bitimlar imzolandi.

Oʻzbekiston Orolboʻyi mintaqasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, aholining turmush darajasini yaxshilash boʻyicha keng miqyosli loyihalarni amalga oshirdi. Orol dengizi qurigan 350 ming gektar maydonga saksovul va shoʻrga chidamli oʻsimliklar ekilib, butazorlar barpo etildi. Bunday hududlarning umumiy maydoni qariyb 700 ming gektarga yetdi.

Orol halokati oqibatlarini yumshatish va Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish boʻyicha 2013 – 2017 yillarga moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida 500 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. Ularning yarmidan koʻpi milliy loyihalardir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017 – 2021-yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi doirasida Orolboʻyida ijtimoiy-iqtisodiy holatni, aholi turmush sharoitini yaxshilash, ekologik falokat asoratlarini yumshatish boʻyicha investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish jamgʻarmasi tuzildi va unga 200 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi. Bu mablagʻlar hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisining suv taʻminoti, turmush sharoiti yaxshilash chora-tadbirlari koʻrilmoqda.

Uchrashuvda Markaziy Osiyoda suv sohasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashgani, mintaqa mamlakatlarida suv rusurslaridan foydalanish va boshqarish boʻyicha ikki tomonlama va koʻp tomonlama loyihalar roʻyobga chiqarilayotgani taʻkidlandi. Orol muammosi oqibatlarini yumshatish, suvni tejash va hududdagi ekologik holatni yaxshilashda Markaziy Osiyo mamlakatlarining saʻy-harakatlarini birlashtirish, Orolboʻyi hududi uchun ekologik toza texnologiyalar ishlab chiqish va joriy etishga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

OʻzA
6 818