Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.11.2017 22:16 Chop etish versiyasi

Odamlarning bunyodkorona mehnatini qadrlab, ularga munosib turmush sharoiti yaratish – eng muhim vazifamizdir

Odamlarning bunyodkorona mehnatini qadrlab, ularga munosib turmush sharoiti yaratish – eng muhim vazifamizdir Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 17-noyabr kuni poytaxtimizning Sergeli tumanida qurib bitkazilgan yangi uy-joylar, ijtimoiy soha obyektlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda poytaxtimizdagi uy-joy muammosiga alohida e’tibor qaratib, bu borada mutlaqo yangi dastur qabul qilingani, unga ko‘ra 5 yil davomida har bir tumanda 20 tadan, jami 200 dan ortiq 7 va 9 qavatli, ko‘p xonadonli uy-joylar qurilishi, yangi mavzelar barcha ijtimoiy infratuzilma bilan ta’minlanishi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi, uylar atrofi obodonlashtirilishini ta’kidlagan edi.

Ushbu dasturda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida qisqa muddatda yuqori natijalarga erishildi. Poytaxtimizning Sergeli tumanida ana shunday yangi massiv paydo bo‘ldi. Joriy yil boshida qurilishi boshlangan uy-joylar davlatimiz rahbarining 2016-yil 22-noyabrdagi «2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq qurib bitkazildi.

Davlatimiz rahbari o‘tgan davr mobaynida qurilish ishlarining borishi bilan bir necha bor tanishdi, zarur topshiriqlar berdi.

Ilgari bu kabi uylar yillar davomida qurilar edi. Bugun quruvchilarimiz bu borada yetarli tajriba to‘plab, inshootlarni sifatli va tez qurib foydalanishga topshirmoqda.

13 gektar maydonda 66 ko‘p qavatli uy-joy qad rostlagan. 1, 2, 3 xonali bu uylar aholiga imtiyozli kreditlar asosida berildi. Massivda 240 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, 630 o‘rinli o‘rta ta’lim maktabi, 61-oilaviy poliklinika, yopiq suzish havzasi, shahar militsiya bo‘linmasi, pochta va kitob do‘koni, dam olish maskanlari, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari, velotrassa barpo etilgan. Xizmat ko‘rsatish tarmoqlari tashkil etildi, yangi ish o‘rinlari yaratildi.

22.JPG

Bu uylarni birovlarga ko‘z-ko‘z qilish uchun emas, aholi manfaatlarini o‘ylab bunyod etmoqdamiz, dedi Prezidentimiz. Shunday ekan, binolarni zamon talablariga mos qilib qurish kerak. Uylarni saqlash, ulardan to‘g‘ri foydalanish ham burchimizdir. Bu borada shu yerda yashovchilarning mas’uliyatini oshirish, ularda o‘z uyi uchun javobgarlik hissini ko‘chaytirish lozim.

Prezidentimiz yangi xonadonlarda bo‘ldi. Yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, uy sohiblari bilan suhbatlashdi. Ularni yangi xonadon bilan tabriklab, sovg‘alar taqdim qildi.

Munavvar Kamolxo‘jayeva Uchtepa tumanidagi 75-o‘rta maktabning boshlang‘ich sinflariga dars beradi. Taqdir taqozosi bilan turmush o‘rtog‘i olamdan o‘tgan bu fidoyi o‘qituvchi uy-joyga ehtiyoji bois joriy yil boshida ariza bilan tuman hokimligiga murojaat qilgan. Mazkur mavzeda qurib bitkazilgan arzon uy-joylardagi xonadonlardan biri unga berildi. Boshlang‘ich to‘lovini amalga oshirgan Munavvar opa bugun uy to‘yini nishonlamoqda.

Yangi uy sohiblari davlatimiz rahbari bilan suhbatda yaratilgan sharoitlardan mamnun ekanini izhor qildi. Bu kabi uy-joylar oilalarga imtiyozli ipoteka kreditlari va soliq imtiyozlari asosida berilishi aholining kayfiyatini ko‘tarib, turmush darajasini oshirishda muhim omil bo‘layotganini qayd etdi.

Bu yerga ko‘chib kelayotganlarni ish bilan ta’minlash masalasi ham dolzarbdir. Kelajakda quriladigan korxona va ishlab chiqarish obyektlari bu uylarga yaqin joyda bo‘lishi muhim, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz kelajakda quriladigan bu kabi uylarni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiya va topshiriqlar berdi.

Sergeli tumani ichki ishlar boshqarmasi qoshidagi 50-shahar ichki ishlar bo‘limi ham shu massivda bunyod etilgan. Ichki ishlar bo‘limining asosiy vazifasi tumandagi «Bunyodkor», «Mehrigiyo», «O‘zgarish», «Choshtepa», «Jo‘nariq», «No‘g‘ayqo‘rg‘on» va Habibiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, hududda jinoyatchilikning oldini olish, ularni barvaqt aniqlash, aholi o‘rtasida profilaktika tadbirlarini o‘tkazishdan iborat.

Bo‘limda navbatchilik qismi, texnik qo‘riqlash markazi, tezkor vakil, surishtiruvchi, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish inspektori, voyaga yetmaganlar va yoshlar bo‘yicha inspektor hamda mahalla profilaktika inspektori samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Ichki ishlar bo‘limi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan. Mavzedagi ko‘p qavatli uylarning 100 dan ortiq kirish yo‘lagi va 22 gavjum joyga videokuzatuv uskunalari o‘rnatilgan. Bu hududni tunu kun nazorat qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, ularning oldini olishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz 50-shahar ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan 15-noyabr kuni huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi quyi pog‘onada qanday aksini topayotgani yuzasidan muloqot qildi.

Bugungi kunda eng katta masala – bu ichki ishlar tizimining quyi bo‘g‘inini mustahkamlashdan iborat, dedi Shavkat Mirziyoyev. Biz profilaktika inspektorlarining yashashi va ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdik. Endi ularning salohiyatini, mahalla fuqarolar yig‘ini bilan hamkorligini kuchaytirish zarur. Bundan keyin mahallalardagi profilaktika inspektori lavozimiga tanlov asosida uch nafar eng professional xodimdan bittasi saralab olinadi. Shunday qilsak, ular o‘rtasida raqobat kuchayadi, odamlarning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlaydigan chinakam samarali tizim yaratiladi.

Davlatimiz rahbari zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlangan avtotransport vositasida shubhali shaxslarning suratini olish va kimligini aniqlash bo‘yicha o‘rnatilgan uskunaning ishlash jarayonini ko‘zdan kechirdi. Poytaxtimizda zamonaviy jihozlangan mana shunday shahar ichki ishlar bo‘limlarini tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Mazkur massivda xususiy uy-joylarga xizmat ko‘rsatuvchi professional boshqaruv kompaniyasi ish boshladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga mazkur xizmat ko‘rsatish markazi faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Davlatimiz rahbari yangi barpo etilgan zamonaviy suzish havzasini borib ko‘rdi.

Suzish havzasining uzunligi 25 metr, eni 11 metr. Kuniga 150-200 kishini qabul qiladi. 3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga barpo etilgan inshootda yoshlarning suzish texnikasini o‘rganishi va mahoratini oshirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Tibbiyot xodimlari va murabbiylar uchun xonalar mavjud. Suvni tozalash, isitish tizimlari, xona haroratining mo‘tadilligini saqlash uskunalari bilan jihozlangan.

Yurtimiz iqlim sharoitiga, yoz va qish fasliga moslab Toshkent shahrining har bir tumanida 10 tadan zamonaviy suzish havzasi qurish kerak, ularni barpo etishda sifatli qurilish materiallaridan foydalanish lozim, dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz bolalarni sportning ushbu turi bilan shug‘ullanishga yanada keng jalb qilish, suzish texnikasini o‘rgatadigan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Davlatimiz rahbari 61-oilaviy poliklinika faoliyati bilan tanishdi. Uch qavatli, 250 qatnovga mo‘ljallangan tibbiyot maskanida ultratovush tashxisi, raqamli rentgen, elektrokardiografiya, fizioterapiya, klinik va biokimyo laboratoriya bo‘limlari, kunduzgi shifoxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Terapevt, pediatr, jarroh, otolaringolog, okulist, nevrolog, immunolog kabi tor soha mutaxassislari tomonidan aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratilgan.

Oilaviy poliklinikadagi asosiy yangiliklardan biri – bu bemorlarni navbatga yozish bo‘yicha elektron tizim joriy qilinganidir. Bemor shifokor qabuliga poliklinikaga kelmasdan turib, internet yoki telefon orqali ro‘yxatxonada o‘rnatilgan tizim yordamida navbatga kiritiladi. Bu ortiqcha ovoragarchilik va vaqt sarflashning oldini oladi.

Prezidentimiz ushbu tizimni 61-oilaviy poliklinika misolida namunaviy qilib poytaxtimizdagi barcha birlamchi tibbiyot muassasalariga joriy etish yuzasidan topshiriqlar berdi. Tibbiyot sohasidagi islohotlar, avvalo, oilaviy poliklinikalarga chuqur kirib borishi, ushbu maskanlar aholining salomatlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha faoliyat yuritishi, qaysi kasalliklar kamaygani, qaysilari erta aniqlanib davolanayotgani bo‘yicha muntazam axborot berilishi lozimligi qayd etildi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari 18-maktabgacha ta’lim muassasasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimining zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tarbiya va o‘quv jarayonini takomillashtirish, xodimlar malakasini oshirish, ularni moddiy rag‘batlantirish, yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 9 sentyabrdagi «Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

300 o‘ringa mo‘ljallangan ikki qavatli muassasada 3,7 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Musiqa, chet tillari to‘garaklari, sport mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan xonalar zarur qo‘llanmalar, ko‘rgazmali qurollar, zamonaviy sport buyumlari bilan jihozlangan. Xonalarni yoritishda energiya tejamkor uskunalardan foydalanilmoqda.

Prezidentimiz maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tubdan yaxshilash, asosiy e’tiborni bolalarning ta’lim-tarbiyasiga, tarbiyachilarning malakasini oshirishga qaratish kerakligini ta’kidladi.

Zamonaviy talablar asosida bunyod etilgan 630 o‘rinli 55-o‘rta maktabda o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Yorug‘ xonalar, o‘quv-laboratoriya uskunalari, sport zali, stadion, oshxona-bufet va boshqa qulayliklar bolalarning sifatli ta’lim olishida muhim o‘rin tutadi.

Sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida o‘qituvchilar, ota-onalar, o‘quvchi-yoshlarning fikr va mulohazalari, takliflarini puxta o‘rganish, ularga tayangan holda ish ko‘rishga tizimli yondashilmoqda. Xususan, aholi keng qatlamining xohish-istaklari inobatga olingan holda, yangi o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablarida 10-sinflar tashkil etildi, o‘quvchilarning intilishiga qarab ular maktab, kollej, litseylarda ta’limni davom ettirishi uchun keng sharoitlar yaratildi.

Ma’lumki, poytaxtimizning ayrim hududlarida maktab o‘quvchilarning uylaridan uzoqda joylashgan. Bu maktabga o‘z vaqtida borib kelish, sifatli ta’lim olishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Mazkur massivda barpo etilgan maktabda bu holat bilan bog‘liq barcha jihatlar e’tiborga olingan. Ota-onalarning ta’kidlashicha, uylar derazasi maktab tarafga qaratilgan bo‘lib, bu bolalarning maktabga qatnashi, tanaffus paytida ham ularga ko‘z-quloq bo‘lib turish uchun qulaydir.

Prezidentimiz maktab bilan tanishar ekan, ta’lim-tarbiya sohasida olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirishda bu kabi loyihalar muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.

Shu yerda davlatimiz rahbari Sergeli tumani faollari, nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik vakillari, yangi uy sohiblari bilan uchrashdi. Uchrashuvda yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, aholiga yaratilayotgan sharoitlar, yangi ish o‘rinlari yaratish to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashrifi doirasida Sergeli tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Loyihalar juda ko‘p va rang-barang. Masalan, “Bek mega textile”, “Dara elite”, “Laura peri fashion”, “Orchid beauty” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari to‘qimachilik mahsulotlari va tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqarish, “Original textile and print” jinsi matosidan kiyim, aksessuar va furnituralar tayyorlash, “Yella” korxonasi ayollar uchun palto va charm mahsulotlar ishlab chiqarishni rejalashtirgan.

“Orient confection” va “Sladus produce” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari qandolat mahsulotlari, “Korton Osiyo” MCHJ meva-sabzavotlarni qadoqlash uchun gofra quti va lenta ishlab chiqarishni kengaytirmoqchi. “Aminovs company” korxonasining loyihasi maishiy texnika jihozlari, “Sentral asia”niki esa qurilish mixlari, temir simlar va elektrodlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan.

Xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalar ham talaygina. Xususan, “Nazm-nur progress” mas’uliyati cheklangan jamiyati zamonaviy kardiojarrohlik klinikasi tashkil etish, “Global medical center” shirkati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyatini kengaytirish, “Kilpyong leaders” MCHJ ko‘ngilochar bog‘ va biznes markazi qurishni maqsad qilgan.

Mazkur loyihalar natijasida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqariladi, zamonaviy xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi, yuzlab ish o‘rinlari yaratiladi.

Sarvar O‘rmonov, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA
1 874






Все о погоде - Pogoda.uz