O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun qanday javobgarlik bor?

O‘zbekistonda bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun qanday javobgarlik bor?

Yangi qonun 

O‘zbekiston Respublikasining “Chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha bo‘lish qoidalarini buzganligi uchun javobgarligi liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni joriy yil 6 noyabrdan kuchga kirdi.

Qonun 5 moddadan iborat bo‘lib, shu asosda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning haqiqiy bo‘lmagan yashash guvohnomasi bilan istiqomat qilishi, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashashi, yashash guvohnomasini qasddan yaroqsizlantirishi, beparvolik bilan saqlashi va buning oqibatida yashash guvohnomasining yo‘qolishi uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi me’yorlar joriy etildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasiga ko‘ra, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs o‘n olti yoshga to‘lishi munosabati bilan yashash guvohnomasini o‘z vaqtida olmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilangan.

Endilikda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 225-moddasi yangi norma bilan to‘ldirilib, unda o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi ham belgilab qo‘yildi.

Chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzganligi uchun belgilangan jarimani to‘lamagan taqdirda, u keyinchalik O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqi bir yil muddatga cheklangan holda O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuborilar edi. Endilikda ushbu qoidalarni buzishni ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etgan taqdirda, u keyinchalik O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqi uch yil muddatga cheklangan holda O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuboriladi.

Muxtasar qilib aytganda, mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shu bilan birga, chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mamlakatimizda bo‘lish qoidalarini buzishining oldini olish, shuningdek, yurtimizda me’yoriy-huquqiy hujjatlar va huquqni qo‘llash amaliyoti sifatining oshishiga xizmat qiladi.

Rashid PIRMATOV,

Oliy Majlis Senati a’zosi.

823
O‘zA