O‘zA O`zbek

22.08.2018 11:36 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigi

O‘zbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigi
O‘zbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigi Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Siz azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni shukronalik, saxovat va mehr-oqibat ayyomi – muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman.

Qurbon hayitining ma’naviy hayotimizda olijanob fazilatlarni, bag‘rikenglik, muruvvat, do‘stlik va hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni mustahkamlash borasidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Bu qutlug‘ ayyomda hammamiz, avvalo, mana shunday fayzli va barakotli kunlarga yetkazgani, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo ekanligi uchun Olloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.

Bugungi kunda mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning farovon hayoti, jondan aziz farzandlarimizning baxtu iqbolini ta’minlash yo‘lida amalga oshirayotgan barcha islohotlarimiz, jumladan, diniy-ma’rifiy sohadagi ishlarni tubdan takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarimiz dunyo hamjamiyati, nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

Yaqinda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Vashington shahrida o‘tkazilgan diniy erkinliklar masalalari bo‘yicha nufuzli xalqaro forumda O‘zbekistonda vijdon erkinligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar yuqori baholangani bu borada boshlagan ishlarimizning xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilganiga yaqqol dalildir. 

Biz islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, yoshlarimizni yuksak insoniy qadriyatlar asosida tarbiyalashga alohida e’tibor bermoqdamiz.

Dunyoda muqaddas dinimiz nomidan turli yovuz harakatlar sodir etishga urinishlar kuchayib borayotgan bir paytda, unib-o‘sib, hayotga yorug‘ yuz bilan kirib kelayotgan o‘g‘il-qizlarimizga muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini tushuntirib berish, ularni teran fikrlaydigan, shiddatli zamon mezonlari asosida yashaydigan ma’rifatli, dunyoqarashi keng, barkamol insonlar etib voyaga yetkazish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu yo‘lda boshlagan islohotlarimiz kutilgan samarani berishi uchun barchamiz, butun xalqimiz bilan birgalikda hamjihat bo‘lib ish olib borishimiz kundalik zaruratga aylanmoqda.

Mana shunday saodatli damlarda HAJ amallarini ado etayotgan yurtdoshlarimiz bugungi dorilamon kunlar uchun shukronalar aytib, Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik so‘rab xayrli duolar qilmoqdalar. Ishonchim komil, bunday ulug‘ ibodatni ado etish sharafiga muyassar bo‘lgan mo‘min-musulmonlarimiz ona

Vatanimizga qaytgach, shaxsiy hayotda, ijtimoiy faoliyatda boshqalarga ibrat va namuna ko‘rsatadilar, yoshlarni fidoyi va vatanparvar etib tarbiyalash, adashgan insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashdek savob ishlarga munosib hissa qo‘shadilar.

Ushbu ulug‘ ayyom kunlarida uzoq va yaqin musulmon mamlakatlarning xalqlarini, barcha do‘stlarimizni samimiy qutlab, ularga tinchlik va xotirjamlik, taraqqiyot hamda farovonlik tilaymiz.

Muhtaram yurtdoshlar!

Qurbon hayiti munosabati bilan yurtimizda uch kunlik dam olish e’lon qilingani xalqimizning kayfiyatini ko‘tarib, bayramga alohida fayz va shukuh baxsh etmoqda. Bunday fazilatli kunlarda yurtdoshlarimiz qadimiy va tabarruk maskanlarni, buyuk ajdodlarimizning mo‘tabar qadamjolarini ziyorat qilib, qarindosh-urug‘lari, yaqinlari holidan xabar olib, ruhiy taskin, ma’naviy oziq olmoqdalar.

Barchangizni muborak Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Duogo‘y keksalarimizning mana shunday fazilatli damlarda elu yurtimiz haqiga qilgan ezgu niyat va tilaklari ijobat bo‘lsin!

Xonadonlarimizda fayzu baraka va osoyishtalik ziyoda bo‘lsin!

Yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yanada mustahkam va barqaror bo‘lsin!


Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

O‘zA
2 330