O‘zA O`zbek

29.06.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻlik, farovonlik va katta zafarlar tiladi.

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov rahbarligida zamonaviy Turkmaniston yuksak muvaffaqiyatlarga erishgani – barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanayotgani, xalqaro maydondagi nufuzi muttasil ortib borayotgani alohida qayd etildi.

Telefon muloqoti chogʻida ikki tomonlama hamkorlikka doir va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.

Prezidentlar Oʻzbekiston-Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan taʼkidladilar.

Oʻzaro manfaatli amaliy hamkorlikni, birinchi navbatda savdo, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport va tranzit tashuvlari, turizm sohalarida yana-da kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari chegeraoldi hududlar oʻrtasidagi faol aloqalarni davom ettirish, shuningdek, taʼlim va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish fikrini qoʻllab-quvvatladilar.

Ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya doirasida hamkorlik boʻyicha qoʻshma dastur va loyihalarni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari koronavirus infeksiyasi tarqalishiga samarali qarshi kurshish maqsadida tegishli idoralar darajasida yaqindan muloqot va muvofiqlashuvni amalga oshirish muhim ekanini taʼkidladilar.

Suhbat soʻngida davlat rahbarlari qardosh Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashda ikkala tomon ham qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

Muloqot har doimgidek samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi.

9 730
OʻzA