O‘zA O`zbek

08.08.2018 21:49 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlariningtelefon orqali muloqoti to‘g‘risida

O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlariningtelefon orqali muloqoti to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 avgust kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqot qildi.

Muloqotda davlat rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari yuqori sur’atlarda rivojlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdilar.

O‘tgan yil oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiyaga va joriy yil aprel oyi oxiri – may oyi boshida Turkiya Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga tarixiy davlat tashriflari ikki tomonlama ko‘p qirrali munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, aniq amaliy mazmun bilan boyitgani alohida ta’kidlandi.

O‘zaro siyosiy muloqot faol rivojlanib bormoqda, mamlakatlarimiz xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlik qilmoqda, bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik kengaymoqda, o‘zaro savdo hajmi ortmoqda: joriy yilning birinchi yarmida o‘zaro tovar ayirboshlash qariyb o‘ttiz foizdan ziyod oshdi.

Turkiyaning yetakchi sanoat kompaniyalari va banklari bilan birgalikda mamlakatimiz hududlarida, avvalo, yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni tashkil etish, energetika, transport-kommunikatsiya, logistika va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shaharsozlik, bank-moliya sohalari va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar jadal rivojlanmoqda.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning tomonlarni qiziqtirgan dolzarb masalalarini muhoqama qildilar, shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.

Muloqot so‘nggida davlat rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini, keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga intilishlari qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

O‘zA
2 518