Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2018 21:53 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti to‘g‘risida

2018-yil 7-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda ikki davlat rahbarlari 2017-yil oktabr oyida Turkiya Respublikasiga amalga oshirilgan oliy darajadagi samarali tashrif ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli O‘zbekiston – Turkiya hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqanini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Ushbu tarixiy tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan aniq kelishuv va imzolangan bitimlarning bajarilishi, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, bank-moliya, transport, turizm va boshqa muhim sohalardagi yirik qo‘shma loyihalarni tayyorlash hamda amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Mazkur kelishuvlarni hayotga to‘liq va o‘z muddatida tatbiq etish, muhim loyihalarni jadallashtirish maqsadida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida muntazam ravishda muloqotlar olib borilishi va uchrashuvlar o‘tkazilishi yuzasidan kelishib olindi.

Rejep Tayyip Erdo‘g‘on O‘zbekistonda Turkiya fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy etish bo‘yicha qaror qabul qilinganini yuksak baholab, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston Prezidenti mazkur qaror oliy darajadagi uchrashuvlar doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi ekanini alohida qayd etdi. Bunday qaror qabul qilinishi savdo-iqtisodiy, investitsiya va turizm sohalarida yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi va, eng asosiysi, qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlab, Turkiya fuqarolarining O‘zbekistonga kelishlari uchun keng yo‘l ochib berishini ta’kidladi.

Muloqotda xalqaro va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Turkiya Respublikasi delegatsiyasini mintaqada tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash maqsadida joriy yil mart oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Afg‘onistonda tinchlikka erishish bo‘yicha xalqaro konferensiyaga taklif etdi.

O‘z navbatida, Rejep Tayyip Erdo‘g‘on ushbu tashabbusni yuksak baholab, uni amalga oshirishni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi hamda mazkur tadbirda Turkiyadan yuqori darajadagi vakillar ishtirok etishini bildirdi.

Muloqot so‘nggida davlat rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik aloqalari hamda an’anaviy yaqin hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanlarini yana bir bor tasdiqladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onga mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelishni taklif etdi.

O‘zA
8 657