O‘zA O`zbek

17.08.2018 12:01 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari tor doirada muzokara o‘tkazdi

Ko‘ksaroy qarorgohida 17-avgust kuni mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.

Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Tojikiston davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng davlat rahbarlari tor doirada uchrashuv o‘tkazdi.

Prezidentimiz Tojikiston rahbarini samimiy qutlab, O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida qisqa muddatda mustahkam hamkorlik qaror topgani, bu tashrif izchil mustahkamlanib borayotgan o‘zaro manfaatli va faol muloqotning mantiqiy davomi ekanini alohida ta’kidladi.

– Qo‘shni Tojikiston bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Muhtaram Emomali Sharipovich, Sizning O‘zbekistonga davlat maqomidagi ilk tashrifingiz bundan dalolat beradi. Biz uni o‘zaro ishonchga asoslangan siyosiy muloqotimizning davomi sifatida baholab, ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuksak darajaga ko‘tarish va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga tayyormiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tojikiston Prezidenti ushbu uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish jarayonidagi muhim bosqich, hamkorlikning bugungi holatini har tomonlama tahlil qilish, istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidladi.

Muhtaram Shavkat Miromonovich, qardosh o‘zbek diyoriga taklif etganingiz va samimiy mehmondo‘stlik uchun behad minnatdormiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro hamkorlik istiqbollarinimuhokama qilish yaxshi an’anaga aylandi. Sizning Tojikistonga davlat tashrifingiz mamlakatlarimizning aloqalarini tikladi, barcha sohalardagi kompleks masalalarni izchil rivojlantirishga kuchli turtki berdi. Sizning oqilona siyosatingiz tufayli O‘zbekiston ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda, odamlarning ishonchi yuksalmoqda. Bugungi tashrif xalqlarimizning farovonligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Emomali Rahmon.

Muloqotda turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, hududlar, yirik korxonalar va tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirishga e’tibor qaratildi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Matnazar Elmurodov, O‘zA
1 785