O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

05.09.2018 11:34 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston va Misr Prezidentlarining tor doiradagi uchrashuvi boshlandi

Oʻzbekiston va Misr Prezidentlarining tor doiradagi uchrashuvi boshlandi

Koʻksaroy qarorgohida 5 sentyabr kuni Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisini rasmiy kutib olish marosimi boʻldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.

Shavkat Mirziyoyev va Abdulfattoh as-Sisi shohsupaga koʻtarildilar. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan oʻtdilar.

Shundan soʻng davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boshlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Misr Prezidentini mamlakatimizga tashrifi bilan qutladi.

– Biz Misr Arab Respublikasini tarixi mushtarak, qadimiy sivilizatsiya, boy tarixga ega, ilm-fanga chuqur eʼtibor qaratgan davlat deb bilamiz. Bizning birligimiz, yaqinligimiz juda qadimga borib taqaladi. Ota-bobolarimiz birgalikda ilm-fanni rivojlantirgan, madaniy hamkorlik, savdo-sotiq qilgan. Bunga tarixda misollar juda koʻp. Bizning xalqimizda “Mehr koʻzda” degan dono naql bor. Biz qancha koʻp uchrashsak, muloqot qilsak, oʻzaro bordi-keldilarni yoʻlga qoʻyib, turli sohalarda samarali hamkorlikni kuchaytirsak, bu albatta xalqlarimizning ezgu intilishlari va manfaatlariga toʻla mos keladi, – dedi Prezidentimiz.

– Avvalo Oʻzbekistonga taklifingiz uchun oʻz tashakkurimni izhor qilmoqchiman. Mamlakatingizga kelgan birinchi kundan boshlab oʻzimni yurtimdagidek his qilmoqdaman. Misr xalqi mamlakatimiz bilan ming yillik mushtarak tarixga ega yurtingizni hurmat qiladi. Oʻylaymanki, bu tashrif nafaqat oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga, balki barcha sohalarda katta sakrash qilishga turtki beradi. Biz siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniyat kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalarini koʻrib chiqamiz. Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash borasida fikr almashamiz. Biz munosabatlarimizni hamma sohada rivojlantirish tarafdorimiz, – dedi Misr rahbari.

Muloqotda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston – Misr muzokaralari yakunida davlat rahbarlarining Qoʻshma bayonoti qabul qilinishi moʻljallangan. Oʻzbekiston bilan Misr oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan salmoqli hujjatlar toʻplami imzolanishi kutilmoqda.


0e165727-39fd-7602-dbb3-8bf76d0648a9.jpg

cfdcdd68-0067-f6ae-2558-070f41df2ca4.jpg

bc39995a-7b75-a95e-663e-861d131d0579.jpg

ab02352d-7700-20de-b353-21b43c554ede.jpg

Matnazar Elmurodov, OʻzA