O‘zA O`zbek

02.08.2019 01:48 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston va Belarus oʻzaro munosabatlarning yangi, yanada samarali bosqichiga qadam qoʻymoqda

Oʻzbekiston va Belarus oʻzaro munosabatlarning yangi, yanada samarali bosqichiga qadam qoʻymoqda


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan 31-iyul – 1-avgust kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻldi.

Tashrifning asosiy voqealari 1-avgust kuni Minsk shahridagi Mustaqillik saroyida boʻlib oʻtdi.

Rasmiy kutib olish marosimidan soʻng Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko tor doirada uchrashuv oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari taklif va koʻrsatilgan mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston Belarus bilan sheriklik munosabatlarini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratishini qayd etdi.

– Sizning Oʻzbekistonga tarixiy tashrifingizdan, muzokaralarimizdan soʻng mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik barcha sohalarda yangi va aniq mazmun bilan boyidi va bu oʻz samarasini bermoqda. Davlatlarimiz hududlari oʻrtasida sermahsul aloqalar yoʻlga qoʻyilgani bunga yorqin misoldir. Biz oʻzaro almashuvlar uchun yaxshi poydevor yaratdik. Barcha darajalarda hamkorlik qilishga ishtiyoq bor. Bugun biz erishilgan natijalarni tahlil qilishimiz, shuningdek, istiqbolda muvaffaqiyatli hamkorlik qilish mumkin boʻlgan oʻsish nuqtalarini birgalikda belgilab olishimiz zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Belarus Prezidenti oliy martabali mehmonni qutlab, hamkorlikda qisqa fursatda katta natijalarga erishilayotgani, mazkur tashrif uni yanada yuqori bosqichga olib chiqishini taʼkidladi.

– Oxirgi ikki yilda Siz bilan birgalikda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni butunlay oʻzgartirib yubordik, mohiyatan, ularni yangidan yoʻlga qoʻydik. Shu vaqt ichida amalga oshirgan ishlarimiz oʻtgan 25 yil davomida qilinganidan ham ortiq boʻldi. Davlatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi hozirgi kun talablariga javob bermaydi, uni izchil oshirib borish lozim. Sizning hududlarni hamkorlik bilan oʻzaro bogʻlash borasidagi tashabbusingiz – ushbu tashrifning oʻziga xos jihati. Hududlar rahbarlarining oʻzaro tashriflari uyushtirildi, koʻrgazmalar va madaniyat kunlari tashkil etildi. Bularning barchasi Belarusga tashrifingiz ahamiyatini yanada oshiradi. Eng asosiysi, mahalliy maʼmuriyatlar boshliqlari hamkorlikka doir koʻplab shartnomalar imzoladi. Bizning ishimiz – yoʻlni ochib berishdan iborat edi va biz buning uddasidan chiqdik, – dedi Aleksandr Lukashenko.

Oʻzbekiston – Belarus hamkorligi keyingi yillarda ancha faollashdi. Davlatlararo munosabatlardagi yangi muhit xalqlarimiz hayotida aks etmoqda. Ikki mamlakat tarmoqlari, hududlari va bevosita ishbilarmonlari yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻydi. Bu ikki tomon ham oʻzaro manfaatli, doʻstona hamkorlik tarafdori ekanining yorqin ifodasi boʻldi.

Oʻzbekiston Prezidentining Belarusga ilk rasmiy tashrifi arafasida tashkil etilgan tadbirlar sermazmun va gʻoyat natijador boʻlgani buning dalilidir.

Mamlakatlarimiz xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilmoqda. Prezidentlarimiz turli sammitlar maydonida ham uchrashuvlar oʻtkazib, oʻzaro aloqalarning istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha doimiy muloqot qilib kelmoqda.

Bugungi kunda savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, transport-kommunikatsiya yoʻlaklarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish oʻzaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻlib qolmoqda.

Muloqotda Oʻzbekiston bilan Belarus oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarning bugungi holati, rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Davlat rahbarlari uchinchi mamlakatlar bozorlarini oʻzlashtirish maqsadida kooperatsiyani kuchaytirish lozimligiga alohida eʼtibor qaratdilar. Shuningdek, belaruslik sheriklar tajribasini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston bilan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi hamkorligi istiqbollari koʻrib chiqildi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Muzokara rasmiy delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirildi. Unda oʻzaro savdo koʻlamini oshirish, mintaqalararo hamkorlik uchun yangi yoʻnalishlar ochish, ilm-fan, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, taʼlim va turizm sohalaridagi aloqalarni mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari keyingi ikki yilda tovar ayirboshlash hajmi qariyb 4 barobar oʻsganini, bu surʼatni saqlab qolib, savdo aylanmasini yanada oshirish kerakligini taʼkidladi. Buning uchun mahsulot yetkazib beruvchilar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish, biznes forum va koʻrgazmalarni koʻproq tashkil etib, oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarni aniqlash va barcha imkoniyatlarni toʻliq ishga solish muhimligini qayd etdi.

Oʻzbekiston Belarusga toʻqimachilik, oziq-ovqat, kimyo sanoati mahsulotlari, rangli metall va undan tayyorlangan uskuna va buyumlar, transport vositalari, ehtiyot qismlar eksport qiladi. Belarus mamlakatimizga qishloq xoʻjaligi texnikasi, oziq-ovqat tovarlari, yogʻoch, rezina va kauchuk, qora metall va boshqa mahsulotlar yetkazib beradi.

Prezidentimiz Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya savdo oqimini chuqur tahlil qilib, tovar ayirboshlash hajmini jadal oshirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqishi kerakligini taʼkidladi. Oʻzaro tajriba va texnologiyalar almashish orqali raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, ular bilan ham ichki, ham uchinchi davlatlar bozorini toʻldirish istiqbollari muhokama qilindi.

Aleksandr Lukashenko Belarus – Oʻzbekiston hamkorligi shunchaki doʻstona munosabatlar bilan cheklanmasligini taʼkidladi. Davlatimiz rahbari tashrifining koʻp qirrali dasturi muloqotni har tomonlama rivojlantirishga oʻzaro intilishning yorqin tasdigʻi boʻlganini qayd etdi.

Oʻzbekiston iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishda katta yutuqlarga erishdi, avtomobilsozlik, neft-gaz kimyosi sanoati, qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarish kabi yangi tarmoqlar tashkil etildi. Belarus qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali Oʻzbekiston bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor, – dedi Aleksandr Lukashenko.

Belarus uzoq muddatli hamkorlik dasturini amalga oshirish, qoʻshma korxona va servis markazlarini tashkil etish, sutni qayta ishlash zamonaviy majmualari, farmatsevtika quvvatlarini ishga tushirish, axborot texnologiyalari sohasida sheriklikni mustahkamlashdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik, toʻqimachilik, charm-teri va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va iqtisodiyotning boshqa istiqbolli tarmoqlarida kooperatsiyani yanada kuchaytirish ham ustuvor yoʻnalishlar ekani taʼkidlandi.

Ikki mamlakat hududlaridagi mavjud salohiyatni toʻla yuzaga chiqarish boʻyicha yakdil fikr bildirildi. Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi arafasida Minskda oʻtgan forumda tomonlarning hamkorlikka intilishi qatʼiyligi, oʻzaro manfaatli loyihalar koʻpligi namoyon boʻldi.

Fan, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, taʼlim sohalari oʻzaro munosabatlarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Chunki bularsiz hamkorlikning uzoq muddatli istiqbolini belgilab boʻlmaydi.

Belarusning raqamli texnologiyalar, dasturlash va axborot kommunikatsiyalarini joriy etish borasidagi ilgʻor tajribasiga qiziqish kuchli. Muzokarada taʼlim sohasiga tegishli dastur va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, birgalikda tadqiqotlar olib borish, qoʻshma fakultet va laboratoriyalar ochish, ularga yoshlarni jalb etish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Madaniy-gumanitar hamkorlik tobora faollashmoqda. Oʻtgan yili Belarus Prezidentining tashrifi doirasida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti bazasida Belarus – Oʻzbekiston taʼlim markazi ochildi. Bugungi kunda ikki mamlakatning 15 oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Yurtimizda fan, madaniyat, sanʼat va boshqa sohalardagi oʻzgarishlarda belarus millatiga mansub yurtdoshlarimizning ham munosib hissasi bor. Toshkent shahrida “Svitanak” belarus madaniyat markazi samarali faoliyat olib bormoqda. Uning bir necha faoli Prezidentimiz farmoniga koʻra davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan.

Oʻtgan yili Toshkentda atoqli belarus adibi va jamoat arbobi Yakub Kolasning byusti oʻrnatilgan edi. Davlatimiz rahbarining tashrifi arafasida kuni kecha Minsk shahrida ulugʻ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy byusti ochilgani xalqlarimizning madaniy aloqalari yangi bosqichga koʻtarilganining yana bir yaqqol ifodasi boʻldi.

Muzokaralar yakunida qabul qilingan qarorlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib olindi.

Hujjatlarni imzolash marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning Qoʻshma bayonoti qabul qilindi.

Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari oʻrtasida 11 hujjat imzolandi. Ular ishlab chiqarish va ilmiy-texnik kooperatsiya, hududlararo va investitsiyaviy hamkorlik, taʼlim, ommaviy axborot vositalari, nashriyot va poligrafiya faoliyati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, bojxona va boshqa sohalarga taalluqlidir.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda davlat rahbarlari muzokaralar ochiq va konstruktiv ruhda oʻtgani, oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishilganini taʼkidladilar.

Davlatimiz rahbari muzokaralar gʻoyat samarali boʻlgani, tomonlarning yakdil fikri va siyosiy irodasi tufayli barcha masalalarda ijobiy natijalarga erishilgani, munosabatlar mutlaqo yangicha tarzda rivojlanishda davom etishini taʼkidladi.

– Yaxshi anʼanaga aylangan doimiy uchrashuvlarimiz Oʻzbekiston bilan Belarus oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga mustahkam asos yaratdi. Bugun doʻstona muhitda oʻtgan muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama qilib, istiqboldagi yangi vazifalarni belgilab oldik. Erishilgan kelishuvlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, innovatsion va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Belarus Prezidenti oʻtgan yili mamlakatlarimiz oʻzaro savdo aylanmasi oxirgi yillardagi eng yuqori koʻrsatkichga chiqqani, bu ijobiy tendensiya joriy yil ham davom etayotganini taʼkidladi.

– Muzokaralarimiz oʻzaro ishonch va doʻstona ruhda oʻtdi hamda Belarus va Oʻzbekiston strategik sheriklar ekanini yana bir bor tasdiqladi. Oʻzbekistonning keyingi uch yilda erishayotgan muvaffaqiyatlari doʻst sifatida bizni juda quvontiradi. Mamlakat rahbariyati iqtisodiyot tarmoqlarini nafaqat modernizatsiya qilayapti, balki sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda inqilobiy oʻzgarishlarni amalga oshirayapti, yangi yoʻnalishlarni hayotga tatbiq etayapti. Bu hamkorligimiz yanada samarali boʻlishiga umid bagʻishlaydi, – dedi Aleksandr Lukashenko.

Tomonlar bundan buyon ham xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlashda davom etishini tasdiqladi.

Tashrif arafasida Minskda oʻtgan hududlararo forumda ikki mamlakat shahar va viloyatlari oʻrtasida 12 hujjat, shuningdek, umumiy qiymati qariyb 300 million dollar boʻlgan shartnoma va bitimlar imzolangani qayd etildi.

Shu kunlarda Belarusda davom etayotgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari yorqin voqea boʻlib, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko xalqlarimiz doʻstligi va birodarligining ramzi sifatida Faxriy mehmonlar bogʻiga koʻchat oʻtqazdilar.

Kunning ikkinchi yarmida davlat rahbarlari Minskda tashkil etilgan “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostidagi milliy mahsulotlar koʻrgazmasiga tashrif buyurdi.

Mamlakatimizning keng turdagi mahsulot va xizmatlari uchun “BelEkspo” milliy koʻrgazmalar markazida alohida majmua ajratilgan.

3 ming kvadrat metrlik yopiq manejda 25 ta eksklyuziv stendlar qurilib, “Oʻzeltexsanoat”, “Oʻztoʻqimachiliksanoat”, “Oʻzcharmsanoat”, “Oʻzbekoziqovqatxolding”, “Oʻzkimyosanoat”, “Oʻzbekneftgaz”, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari”, “Oʻztreyd”, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari kabi yetakchi kompaniya va uyushmalar, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish, Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentliklari mahsulotlari koʻrgazmaga qoʻyilgan. 500 kvadrat metr ochiq maydonda esa avtomobillar, qishloq xoʻjaligi texnikasi, yuk mashinalari, avtobuslar va boshqa tovarlar namoyish etilmoqda.

Koʻrgazmada oʻnta viloyatimizdan yuzdan ziyod korxona va tadbirkorlik subyektlari oʻz mahsulot va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda. Yurtimizning turizm salohiyati targʻibotiga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

29-iyul kuni ochilgan ushbu koʻrgazmaga Belarusning barcha hududlaridan ishbilarmon doiralar, savdo va sanoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik vakillari kelmoqda.

Aleksandr Lukashenkoga mamlakatimiz kompaniyalarining quvvati va salohiyati, mahsulotlarning sifati haqida soʻzlab berildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston kompaniya va agentliklarining mutasaddilariga Belarusdagi manfaatdor korxonalar bilan kooperatsion aloqalarni oʻrnatish, qoʻshma savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Prezidentimiz Belarus Bosh vaziri Sergey Rumas hamrohligida Minsk shahridagi “Belarus” yuqori texnologiyalar parki faoliyati bilan tanishdi.

Ushbu park 2005-yilda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga qulay muhit yaratish, shu orqali mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish maqsadida tashkil etilgan. 2014-yilda unga qator imtiyozlar berilib, faoliyat yoʻnalishlari kengaytirilgan.

Bugungi kunda mazkur park dasturlash, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun innovatsion yechimlar, konsalting va boshqa yoʻnalishlarda yetakchi markazlardan biriga aylangan. Bu yerda ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlarning 90 foizdan ziyodi eksport qilinmoqda, 67 mamlakat kompaniyalari ularning buyurtmachilari hisoblanadi.

Prezidentimizga parkda bank-moliya, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, ekologiya va boshqa sohalar uchun yaratilgan innovatsion yechim va ishlanmalar haqida maʼlumot berildi.

Davlatimiz rahbari mazkur texnopark rezidentlari imkoniyatlarining Oʻzbekistonda taqdimotini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Texnologik hamkorlikni mustahkamlash, kadrlar tayyorlash va tajriba almashish boʻyicha aloqalarni kengaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi nihoyasiga yetdi.


Matnazar ELMURODOV, OʻzA
5 136