Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.11.2017 23:48 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston tashabbuslari mintaqaning umumiy taraqqiyotiga xizmat qiladi

O‘zbekiston tashabbuslari mintaqaning umumiy taraqqiyotiga xizmat qiladi Samarqand shahrida 10-noyabr kuni BMT shafeligida "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik" mavzusida xalqaro konferensiya boshlandi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoni barqaror va iqtisodiy rivojlangan mintaqaga aylantirish, ulkan hududda tinchlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi.

O‘zbekiston izchil tinchlikparvarlik siyosati yuritib kelmoqda. Shavkat Mirziyoyev Prezident lavozimiga kirishish marosimidagi nutqida o‘zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish asosida xorijiy davlatlar, eng avvalo, qo‘shni mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga alohida ahamiyat qaratishini ta’kidlagan edi.

Bu maqsadlar 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z ifodasini topdi. Chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat yuritish, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash, davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilishni hal etish kabi masalalar ustuvor yo‘nalishlar etib belgilandi.

O‘tgan qisqa vaqtda bu borada tarixiy qadamlar qo‘yildi. Prezidentimiz ilk davlat tashriflarini qo‘shni mamlakatlarga amalga oshirdi. Qozog‘iston va Qirg‘iziston Prezidentlari davlat tashrifi bilan Toshkentda bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va siyosiy irodasi tufayli ishonch darajasi sezilarli oshdi. Davlat chegaralari, savdo aloqalari, transport kommunikatsiyalari, hududlar hamkorligi kabi ko‘plab masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli yechimlar topishga erishildi.

7.JPG

Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston bugungi kunda o‘zining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratayotganini ta’kidladi. “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston ushbu mintaqa barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylanishidan bevosita manfaatdordir. Tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo – biz intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir. O‘zbekiston o‘zaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashning qat’iy tarafdoridir. Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech istisnosiz barcha masalalar bo‘yicha oqilona murosa asosida hamkorlik qilishga tayyormiz”, degan edi davlatimiz rahbari.

“Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusida o‘tayotgan xalqaro konferensiya shu boradagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, umumiy yondashuvlar ishlab chiqish va istiqboldagi vazifalarni belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur forum Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish konferensiya ishtirokchilariga murojaat yo‘llab, uning alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Anjumanda A.Guterrishning videomurojaati namoyish qilindi.

BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha yordamchisi Miroslav Yencha, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini Markaziy Osiyo muhim mintaqa ekani, bu hudud barqarorligi va taraqqiyoti butun dunyoga ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.

Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdrahmonov Qozog‘iston O‘zbekiston tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini, xususan, Ostona shahri Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlari maslahatlashuvining birinchi sammitini kelgusi yil Navro‘z bayrami arafasida qabul qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev ushbu konferensiya o‘ta dolzarb masalalarga qaratilgani va o‘z vaqtida ilgari surilganini qayd etdi. Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari Markaziy Osiyoda do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash, mintaqa tarixida yangi sahifa ochishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov ushbu xalqaro konferensiya ko‘p tomonlama fikr almashish, o‘zaro muvofiq yondashuvlar ishlab chiqish va mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning konferensiya ishtirokchilariga qutlovi hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi fikrlarini yetkazdi. Kuchlarni birlashtirish xalqlarimizning umumiy ravnaqiga xizmat qilishini ta’kidladi.

12.JPG

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Tomas Greminger, Turkiya Respublikasi iqtisodiyot vaziri Nixat Zeybekchi, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif, Afg‘oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Salohuddin Rabboniy, BMT Bosh kotibi yordamchisi, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH davlatlari bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Jihan Sultanoglu, ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Pankin, Hindiston davlat tashqi ishlar vaziri Vijay Kumar Singx, BMT Bosh kotibining maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German va boshqalar so‘zga chiqdi.

Mazkur nufuzli konferensiyaning Samarqandda o‘tkazilayotgani bejiz emas. Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan bu ko‘hna shahar ming yillar davomida turli millatlar, dinlar va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqot maskani bo‘lgan. Bu umumbashariy ruh anjumanda yana bir bor o‘z ifodasini topdi. Butun dunyodan kelgan siyosatchilar, nufuzli ekspertlar umumiy kelajak yo‘lida birlashdi.

Xalqaro konferensiya sho‘ba majlislarida davom etdi. Ularda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning nutqida bildirilgan fikrlar, ilgari surilgan dolzarb tashabbuslar keng muhokama qilindi.

Energetik salohiyat, tabiiy resurslar, transport-kommunikatsiya imkoniyatlariga ega Markaziy Osiyo ulkan geosiyosiy ahamiyat kasb etishi, bu mintaqadagi jarayonlar butun Yevroosiyo kontinenti barqarorligiga ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi.

Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kengaytirishda mintaqa davlatlarining konsensus, teng huquqlilik va o‘zaro anglashuvga asoslangan munosabatlari hal qiluvchi o‘rin tutishi qayd etildi.

Bu borada muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish, umummintaqaviy muammolarga birgalikda yechim topish maqsadida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuvlarini doimiy o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbus keng qo‘llab-quvvatlandi.

Anjuman ishtirokchilari mintaqa mamlakatlari o‘rtasida davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish borasidagi kelishuvlarni ijobiy baholab, bu ishlarni davom ettirish va yakunlash savdo, iqtisodiyot, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Markaziy Osiyo davlatlari vakillari suv-energetika resurslaridan mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaatlarini hisobga olgan holda ratsional foydalanish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash zarurligini yana bir bor tasdiqladi.

Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani tiklash, uning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga qo‘shilishiga har tomonlama ko‘maklashish to‘g‘risidagi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.

6.JPG

Xavfsizlik masalalari muhokama qilinar ekan, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari yoshlarning turli terroristik va ekstremistik tuzilmalar ta’siriga tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rilishi zarurligini ta’kidladi. Buning uchun jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni chuqur bilim va diniy bag‘rikenglik asosida tarbiyalash lozimligi haqidagi fikr ma’qullandi.

Mintaqada transport, turizm, fan va texnologiyalar, madaniyat, sport kabi sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Konferensiya ishtirokchilari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, xavfsizlik va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga doir maxsus rezolutsiyasini qabul qilish to‘g‘risidagi taklifni ma’qulladi. Anjuman mintaqadagi muammolar va istiqboldagi vazifalarni ochiq va chuqur muhokama qilish uchun qulay imkoniyat yaratganini ta’kidladi.

Konferensiyaning birinchi kunida “Mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash”, “Suvdan foydalanish va ekologiya sohasidagi hamkorlik” mavzularida sho‘ba majlislari o‘tkazildi. Mamlakatimiz va xorijlik olimlar, nufuzli ekspertlarning tahliliy ma’ruzalari eshitildi va muhokama qilindi.

Forum 11-noyabr kuni o‘z ishini davom ettiradi. Uning doirasida “Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish” hamda “Barqaror taraqqiyotga tahdidlarga qarshi kurashishda xalqaro hamjamiyatning Markaziy Osiyo mamlakatlariga ko‘magi” mavzularida sho‘ba majlislari bo‘lib o‘tadi.

Xalqaro konferensiya yakuni bo‘yicha kommyunike qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Anvar Samadov, G‘olib Hasanov, Sarvar O‘rmonov, Yolqin Shamsiddinov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
2 890






Все о погоде - Pogoda.uz