Assalomu alaykum, hurmatli deputatlar! Muhtaram do‘stlar! Qadrli Xorazm ahli!

Assalomu alaykum, hurmatli deputatlar!

Muhtaram do‘stlar!

Qadrli Xorazm ahli!

Avvalambor, bugun mana shunday ajoyib, shukuhli bir kunda siz, azizlar bilan uchrashib, barchangizni ko‘tarinki kayfiyatda ko‘rib turganimdan xursandman.

Sizlarga, sizlar orqali ko‘pni ko‘rgan, mehnatkash va olijanob Xorazm eliga o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromimni bildirishga ruxsat etgaysiz.

Bugungi kunni “ajoyib”, “shukuhli kun” deb aytganim, albatta, bejiz emas. Kuni kecha Xorazm vohasining mirishkor dehqon va fermerlari mamlakatimizda birinchi bo‘lib paxta bo‘yicha shartnoma majburiyatini bajardilar.

Sizlarni fidokorona va mashaqqatli mehnat hisobidan 250 ming tonnadan ziyod paxta xirmoni bunyod etib, mana shunday ulkan g‘alabani qo‘lga kiritganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Halol va samarali mehnatingiz uchun sizlarga, butun Xorazm eliga chuqur minnatdorchilik bildirib, barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Haqiqatan ham, Xorazm – o‘z kasbining fidoyisi va ustasi bo‘lgan asl dehqonlar yurti ekani bilan har qancha faxrlansak, sizlarga har qancha tahsin va tasannolar aytsak arziydi.

Bu zamindagi og‘ir iqlim va murakkab tuproq sharoitiga qaramasdan, voha mirishkorlari barcha qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirib kelmoqda. Buning uchun odam avvalo o‘z yurtini, o‘z Vatanini sevishi, unga sadoqat ko‘rsatib yashashi kerak va Xorazm ahli buni o‘z tarixida, o‘z hayotida takror va takror isbot etib kelmoqda, desak, ayni adolatni aytgan bo‘lamiz.

Aziz do‘stlar, axir, o‘zingiz o‘ylang, yozi jazirama issiq, qishi qahraton sovuq, yerlari kuchli sho‘rlangan bu hududda nafaqat mehnat qilish, balki mo‘l hosil undirish – bu, ochiq aytish kerak, har kimning ham qo‘lidan kelmaydi. Shuning uchun xorazmlik dehqonlarni bir emas, ikki marta qahramon, desak hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shu bois ham men hayot sinovlarida toblangan, odamni, odamiylikni yuksak qadrlaydigan Xorazm ahlini yuragimga yaqin olaman. Sizlar bilan muloqotda bo‘lib, Vatanimizning bugungi va ertangi taqdiri haqida mazmunli suhbatlar qurishni, qanday qilsak hayotimiz yanada obod va farovon bo‘ladi, xalqimiz, farzandlarimiz tinch va osoyishta, baxtli yashaydi, degan masalalar bo‘yicha fikrlashib, maslahatlashishni zarur deb bilaman.

Albatta, bugungi safarimni men ancha avval reja qilib qo‘ygan edim, ya’ni, qani edi, birinchi bo‘lib Xorazm ahlini g‘alaba bilan tabriklasam, deb niyat qilgan edim. Nega deganda, mana shunday qutlug‘, quvonchli kunda sizlarning xursandchiligingizga sherik bo‘lib, hormanglar, azizlarim, qadrdonlarim, deb barchangizga rahmat aytishni men nafaqat o‘z burchim, balki o‘zim uchun katta sharaf deb bilaman.

Xorazm vohasi shunday xosiyatli bir yurtki, uning har qanday odamni ham o‘ziga tortadigan beqiyos sehri, jozibasi bor. Chunki, Xorazm deganda, jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan, milliy davlatchiligimizning tamal toshi qo‘yilgan betakror bir o‘lka ko‘z oldimizga keladi.

Shaxsan men qachonki bu zamin tuprog‘iga qadam qo‘ysam, ko‘hna tarix sirlaridan ogoh bo‘lgandek, ko‘p hayotiy hikmatlarning mag‘zini chaqqandek bo‘laman.

Xorazm haqida so‘z yuritganda, mashhur shoirimiz Omon Matjonning mustaqilligimizdan oldin yozgan bir she’ri yodimga tushadi. U kishi “Nega Xorazmda tog‘lar yo‘q?” degan savolni qo‘yib, “Xorazmning buyuk tog‘lari bor – bu Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, Feruzlardir”, deb javob beradi. Bugun biz cheksiz g‘urur va iftixor bilan bu ro‘yxatga Mahmud Zamaxshariy, Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Hofiz Xorazmiy, Sulaymon Boqirg‘oniy singari ulug‘ ajdodlarimizning qutlug‘ nomlarini ham qo‘shib aytishga to‘la haqlimiz.

Ayniqsa, yengilmas sarkarda, Vatan himoyachisi, milliy qahramon Jaloliddin Manguberdining ona yurtimiz ozodligi yo‘lida ko‘rsatgan beqiyos jasorati va matonati, mana, oradan necha asrlar o‘tsa hamki, xalqimiz uchun buyuk ibrat namunasi bo‘lib kelmoqda. Bor-yo‘g‘i o‘ttiz ikki yilgina umr ko‘rgan bu jasur bahodirga hatto uning ashaddiy dushmani Chingizxon ham tan berib, “Qani endi, mening ham Jaloliddinga o‘xshagan o‘g‘lim bo‘lsa edi, dunyodan bearmon o‘tardim”, deb aytgan so‘zlarini sizlar albatta yaxshi bilasizlar.

Ming afsuski, biz mana shunday ulug‘ ajdodimiz haqidagi tarixiy haqiqatni yoshlarimizga to‘la yetkazayapmiz, deb ayta olmaymiz.

Men shu yil 3-avgust kuni ijodkor ziyolilarimiz bilan bo‘lgan uchrashuvda shu masalani ko‘tarib, jumladan, Jaloliddin Manguberdi haqida har tomonlama yetuk badiiy film yaratish taklifini bildirgan edim. Bu borada mamlakatimizning teatr va kino arboblari bilan bir qatorda xorazmlik ijodkorlar ham faollik ko‘rsatsalar, nur ustiga nur bo‘lardi.

Ayni paytda biz ulug‘ alloma va mutafakkirlarimizning xotirasini abadiylashtirish, ularning ilmiy, madaniy merosini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirmoqdamiz. Xususan, Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga Muhammad Xorazmiyning nomi berilib, uning faoliyati yanada kengaytirilgani, shuningdek, buyuk bobomiz nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilgani shular jumlasidandir.

Xabaringiz bo‘lsa, biz Islom hamkorlik tashkilotining yaqinda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida Al-Xorazmiy nomida yosh matematiklarning xalqaro olimpiadasini tashkil etish va uni O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdik.

O‘ylaymanki, ushbu olimpiadani aynan algoritm vatani bo‘lmish Xorazmda, Xorazm Ma’mun akademiyasida o‘tkazish har jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi.

Eng muhimi, bugungi kunda yurtimizdan Xorazmiy bobomizning munosib izdoshlari yetishib chiqayotgani barchamizni quvontiradi.

Ana shunday yoshlardan biri, O‘zbekiston Milliy universitetining matematika fakulteti talabasi, Xorazm farzandi Hakimboy Egamberganov bunga yaqqol misoldir. Bu iste’dodli yigitimiz qatorasiga uch yil – 2014, 2015, 2016-yillarda matematika bo‘yicha chet mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro fan olimpiadalarida oltin medalni qo‘lga kiritgan.

Bunday yoshlar timsolida biz Xorazmiy bobomizning haqiqiy nabiralarini ko‘ramiz. Shunday bilimli, barkamol, Vatanga sadoqatli farzandlarimiz qancha ko‘paysa, O‘zbekistonning kelajagi shunchalik buyuk bo‘lishi muqarrar.

Hurmatli deputatlar!

Bugungi uchrashuvimizdan asosiy maqsad – bu tashkiliy masalani ko‘rib chiqishdan iborat.

Shu bilan birga, Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi va ularning natijasi haqida, yechimini kutib turgan dolzarb muammolar va kelgusidagi vazifalar haqida sizlar bilan atroflicha fikr almashib olishimiz zarur.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida barcha hududlarimiz qatori Xorazm viloyatida ham katta ishlar qilinmoqda.

Xorazm vohasining bugungi obod qiyofasi, yangi uy-joylar, zamonaviy binolar, sanoat korxonalari, muhtasham saroylar, ravon yo‘llar, keng maydon va xiyobonlar, bog‘-rog‘lar, ta’lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rgan odam bunga to‘la ishonch hosil qiladi.

Bunday natijalarga erishishda xalq bilan doimiy muloqot qilib, odamlarni tashvishga solayotgan hayotiy muammolarni hal etish alohida muhim ahamiyatga ega.

Shu maqsadda Prezidentning Virtual qabulxonasi va barcha hududlarimizda Xalq qabulxonalari tashkil etilgani, joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar, davlat organlari rahbarlarining mahalliy Kengashlarda hisobot berishi bo‘yicha joriy etilgan mutlaqo yangi tizim o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Xorazm viloyati misolida oladigan bo‘lsak, joriy yilda Xalq qabulxonalariga aholidan 14 mingdan ziyod murojaat tushgani va shundan 12 mingtasi ijobiy hal etilganini qayd etish lozim.

Prezidentning Virtual qabulxonasiga viloyat hokimligi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha 16 mingta murojaat kelib tushib, shundan 11 ming 500 tasi yoki 74 foizi qanoatlantirilgan, qolganlari bo‘yicha tushuntirish berilgan. Jumladan, ish bilan ta’minlash yuzasidan 1 ming 600 dan ortiq, sog‘liqni saqlash va pensiya tayinlash masalalari bo‘yicha 1 ming 400 taga yaqin, moddiy yordam olish bo‘yicha 900 dan ziyod murojaatlar ijobiy hal etilgan.

Albatta, bunday murojaatlarni ko‘rib chiqishda ba’zan tezkorlik, tajriba, amaliy mexanizmlar yetishmasligi sezilib qolmoqda. Biz bunday kamchiliklarni bartaraf etish va mazkur tizimni yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz.

Qadrli sessiya ishtirokchilari!

Ma’lumki, Xorazm viloyatida barcha sohalarni jadal rivojlantirish bo‘yicha tegishli dastur va investitsiya loyihalari ishlab chiqildi hamda ularning ijrosini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatning bir qator qarorlari qabul qilindi.

Ana shu qarorlarni bajarish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tufayli viloyatda sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy va kommunal sohalarda jiddiy ijobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda.

Bu haqda gapirganda, avvalo, Xiva shahri va Xiva tumani chegaralari o‘zgartirilib, Xiva shahri viloyatga bo‘ysunadigan shaharga aylantirilganini qayd etish zarur.

Xorazm viloyati iqtisodiyoti tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlarga
muvofiq joriy yilning 9 oyi davomida 373 milliard so‘mlik investitsiyalar hisobidan 1,5 mingga yaqin ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etilgan yoki kengaytirilgan. Natijada 6 mingta yangi ish o‘rni tashkil etilgan. Jumladan, Shovot tumanidagi to‘qimachilik qo‘shma korxonasida 71 milliard so‘mlik investitsiya hisobidan yiliga 70 million dona paypoq ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, shisha idishlar tayyorlanadigan korxonada esa 35 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilgan.

Ana shu ishlarning davomi sifatida joriy yil oxiriga qadar yana bir qator o‘rta va yirik korxonalarni ishga tushirish mo‘ljallanmoqda. Xususan, Qo‘shko‘pir tumanida 50 ming bosh parranda xo‘jaligi, Xiva tumanida 500 tonna baliqni qayta ishlash korxonasi va 1000 tonnalik xolodilnik, Bog‘ot tumanida ham shunday xolodilnik ishga tushiriladi. Urganch shahrida 250 ming tonna maishiy chiqindini qayta ishlash bo‘yicha korxona barpo etilmoqda.

Viloyat iqtisodiyotini rivojlantirishning qo‘shimcha rezervlarini aniqlash va ishga tushirish maqsadida oxirgi bir hafta mobaynida tegishli vazirlik va kompaniyalar rahbarlari Xorazmga kelib, yangi loyihalar ustida ish olib borishganidan sizlar xabardorsiz, deb o‘ylayman. Buning natijasida 2018-2019-yillarda Xorazm viloyatida umumiy qiymati 716 million dollar bo‘lgan 1 ming 500 ga yaqin loyihani amalga oshirish va 16 mingta yangi ish o‘rni yaratishga mo‘ljallangan dastur loyihasi ishlab chiqildi. Shundan qiymati 450 million dollar bo‘lgan 478 ta loyiha tashabbuskorlarning o‘z mablag‘lari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshiriladi.

Iqtisodiyot vazirligi (G.Saidova), Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (A.Ahmadxo‘jayev), Xorazm viloyati hokimligi xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda, yigirma kun muddatda mana shu loyihalarning parametrlari, moliyalashtirish manbalari, tashabbuskor-investorlari va amalga oshirish muddatlarini aniq belgilagan holda, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Ayni vaqtda xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb etish hisobidan amalga oshiriladigan yirik loyihalar soni viloyatdagi mavjud salohiyatga nisbatan juda kam ekanini tan olishimiz kerak. Xususan, viloyatda joriy yilda Qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligi tomonidan qiymati 6,7 million dollarlik 12 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Buni albatta qoniqarli deb bo‘lmaydi.

Shuning uchun, birinchidan, agentlik (N.Najimov) va Markaziy bank (T.Ishmetov) davlat tomonidan jalb etilayotgan xorijiy sarmoyalarni tez va samarali ishlatish borasidagi tizimni tanqidiy o‘rganib chiqib, barcha sun’iy to‘siqlarni bartaraf etish choralarini ko‘rsin.

Ikkinchidan, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (A.Ahmadxo‘jayev), Agentlik (N.Najimov) Xorazm va Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha kamida 100 million dollarlik maxsus xorijiy kreditlarni jalb etish choralarini ko‘rsin.

Ana shu loyihalarni amalga oshirishda biz tadbirkorlarga nafaqat katta umid bog‘layapmiz, balki ushbu sohada misli ko‘rilmagan yangi imkoniyat va imtiyozlar yaratib berdik va bu siyosatni izchil davom ettirishga tayyormiz.

Bu ishlarni yanada rivojlantirish va yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida 2018-yilni Xorazm viloyati uchun “Tadbirkorlikni tubdan rivojlantirish va investitsiyalar yili” deb e’lon qilsak, nima deysizlar?

Shu munosabat bilan Xorazm viloyati va tumanlar hokimlarining iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosarlarining ish uslubini o‘zgartirish kerak.

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (Sh.Sodiqov) Iqtisodiyot vazirligi (G.Saidova), Tashqi savdo vazirligi (E.G‘aniyev), Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (A.Ahmadxo‘jayev) bilan birgalikda, o‘n kun muddatda Xorazm viloyatida tadbirkorlikni va investitsiyalarni jalb etish borasidagi ishlarni tubdan takomillashtirish bo‘yicha Prezident qarori loyihasini tayyorlab, tasdiqlash uchun kiritsin.

Viloyat va tuman hokimlarining iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘zlarining zimmasidagi asosiy vazifalardan tashqari tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etish masalasi bilan bevosita shug‘ullanadi. Bu o‘ziga xos Xorazm tajribasi bo‘ladi.

Yuqorida nomlari zikr etilgan to‘rtta vazirlik va idoralarning rahbarlari viloyat va tumanlar hokimlarining iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosarlari bilan birga, chet mamlakatlardagi elchilarimizni jalb etgan holda, 1 yilda 15-20 million dollar miqdorida investitsiyalar olib kelish uchun shaxsan mas’ul etib belgilanadi.

Buning uchun bizda barcha asoslar mavjud: avvalo, iqtisodiyotni erkinlashtirish va tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha mamlakatimizda juda muhim farmon va qarorlar qabul qilindi. Jumladan, joriy yildan boshlab tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini rejadan tashqari tekshirishlarga chek qo‘yildi.

Milliy valyutamizni erkin konvertatsiya qilish masalasi hal etildi, valyutani majburiy sotish tartibi bekor qilindi.

Ayni vaqtda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha qiladigan ishlarimiz hali ko‘p. Xususan, tadbirkorlik faoliyatini litsenziyalash, ruxsat berish va tartibga solish bilan bog‘liq turli qoidalarni keskin qisqartirishimiz kerak.

Soliq va majburiy to‘lovlar sonini kamaytirish, ularni qo‘llash tartibini keskin soddalashtirish, tadbirkorlikka keng yo‘l ochib berish – barcha bo‘g‘indagi davlat idoralarining birinchi galdagi vazifasiga aylanishi zarur.

Sodda qilib aytganda, bitta bo‘lsa ham yangi ish o‘rni yaratgan tadbirkorlarni boshimizga ko‘taradigan, ularga “siz” deb murojaat qiladigan vaqt keldi. Bu – bugungi kunning eng muhim talabi, kerak bo‘lsa, yangi davrning qonuni.

Bunga amal qilmas ekanmiz, yana hamma narsa eski hammom, eski tos bo‘lib qolaveradi. Hayotimizda hech qanday o‘zgarish va rivojlanish bo‘lmaydi.

Tadbirkorlik va yana bir bor tadbirkorlik, raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarish va jahon bozorida o‘z o‘rnimizni egallash – mana, bizning yo‘limiz.

Bizning bundan boshqa yo‘limiz yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Dunyodagi barcha rivojlangan davlatlar faqat mana shu yo‘l orqali erkin va farovon hayotga erishganini unutmasligimiz kerak.

Muhtaram yurtdoshlar!

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Xorazm viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida ham tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, bu yilgi juda noqulay ob-havo sharoitida mashaqqatli mehnat qilgan mirishkor fermerlar joriy yilda barcha ekinlardan yuqori hosil yetishtirishga erishdilar. Masalan, viloyat dehqonlari davlatga g‘alla sotish bo‘yicha shartnoma majburiyatini mamlakatimizda birinchi bo‘lib bajarib, rejadagidan 17 foiz ko‘p hosil oldilar. Xususan, Xonqa tumanidagi “Madir Xonqa”, Hazorasp tumanidagi “Yusuf o‘g‘li Bobur”, Gurlan tumanidagi “Islom Taganov”, “Sevinchbek Ixlosbek” fermer xo‘jaliklari gektaridan 85-90 sentnerdan g‘alla xirmoni ko‘targanini alohida ta’kidlash lozim.

Paxtachilik sohasida, ayniqsa, Yangiariq tumanidagi “Qalandar injener”, Xonqa tumanidagi “Sherzod Otaniyozov”, Bog‘ot tumanidagi “Yoqub bobo o‘g‘li Omon”, “Xolmurod o‘g‘li Mansur”, Qo‘shko‘pir tumanidagi “Muattar” fermer xo‘jaliklari gektaridan o‘rtacha 45-55 sentnerdan paxta hosili yetishtirgani tahsinga sazovordir.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda shartnomada belgilangan 238 ming tonna paxta xomashyosi yuqori navlarga sotilgan bo‘lib, qariyb 427 milliard so‘m daromad, 16 milliard so‘m foyda olinishi kutilmoqda.

Shunga qaramasdan, viloyatdagi 293 ta fermer xo‘jaligi rejani bajarmagan. Bu – 6672 tonna paxta ana shu fermer xo‘jaliklari tomonidan yetkazib berilmaganini bildiradi.

Mutaxassislar tomonidan olib borilgan hisob-kitoblar dalalarda yana 31 ming tonnadan ortiq paxta terib olish imkoniyati borligini ko‘rsatmoqda.

Agar ana shu paxta terib olinganida qo‘shimcha ravishda 53 milliard so‘m daromad olinishi va bundan jami foyda miqdori qariyb 55 milliard so‘mga yetishi hisoblab chiqildi.

Eng asosiysi, ana shu 31 ming tonna paxtadan viloyat aholisi 18,6 milliard so‘m terim puli olib, o‘z moddiy sharoitini yaxshilab olishi uchun imkon yaratiladi. Shuning uchun biz peshona teri bilan yetishtirilgan shuncha boylikni nobud qilmasdan, yig‘ib-terib olsak, bundan davlat ham, xalqimiz ham naf ko‘radi.

Qishloq xo‘jaligi haqida so‘z borar ekan, bugungi kundagi eng muhim vazifamiz – odamlarni ko‘proq daromad topishga va shu asosda yaxshi yashashga o‘rgatish, buning uchun zarur sharoitlar yaratib berishdan iboratdir.

Bu borada ayniqsa “Tomorqa – qo‘shimcha daromad manbai” degan shiorni barcha yer egalarining ongiga singdirishimiz zarur. Bu – xalqimizni boy qilish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning eng muhim omilidir.

Shu o‘rinda tomorqadan unumli foydalanish, ayniqsa, kam ta’minlangan oilalarning daromadini ko‘paytirishga ko‘maklashish bo‘yicha biz Xonqa tumanida boshlagan bir tajribani misol qilib keltirmoqchiman.

Bu tumandagi o‘nlab kam ta’minlangan oilalarga tadbirkorlarni biriktirib qo‘ydik.

Tadbirkorlarning mablag‘i hisobidan kam ta’minlangan oilalarning tomorqasiga yuqori daromad keltiradigan ekinlar ekishni va yetishtirilgan hosil tadbirkorlar tomonidan sotib olinishini tashkil etdik. Bu ishlar chorva va parranda yetishtirish bo‘yicha ham yo‘lga qo‘yildi.

Aytish kerakki, bunday ishlardan tadbirkorlar ham, kam ta’minlangan oilalar ham rozi bo‘lmoqda. Odamlarning roziligi – bu eng katta natija! “Xonqa tajribasi” deb nom olgan bu usulni biz barcha hududlarimizda joriy etish choralarini ko‘rmoqdamiz.

Yana bir muhim yangilik – yerdan samarali foydalanish maqsadida bu yil Xorazm viloyatida g‘alladan bo‘shagan 33 ming gektardan ziyod maydonga takroriy ekinlar ekildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yil viloyatda sholi, sabzavot, karam, kartoshka, mosh kabi takroriy ekinlardan jami 170 ming tonna mahsulot olinishi kutilmoqda.

Viloyatda fermer xo‘jaliklarining suv ta’minotini yaxshilash maqsadida Toshsoqa magistral sug‘orish kanallari tizimi rekonstruksiya qilinmoqda. Ushbu loyiha 2018-yilda to‘liq yakunlanadi va 191 ming gektardan ortiq yer suv bilan kafolatli ta’minlanadi.

Hurmatli sessiya ishtirokchilari!

Xorazm vohasi uchun aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash naqadar dolzarb ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz. Yil boshida Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan Davlat dasturiga asosan maxsus jamg‘arma tashkil etilgan edi. Jamg‘arma hisobidan shu yil viloyat uchun jami 63 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Shundan ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun 24 milliard so‘m, aholi dam olish maskanlarini tashkil etish uchun 18 milliard so‘m yo‘naltirildi. Kelgusi yilda bu ishlar uchun 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Viloyatning zamonaviy yo‘l-kommunikatsiya sohasidagi salohiyatini oshirish bo‘yicha ham ko‘p ishlar qilinmoqda. Xususan, umumiy uzunligi 335 kilometr bo‘lgan “Buxoro – Miskin” temir yo‘li barpo etilishi bilan yo‘lovchilarning vaqtini 4-5 soatga tejashga erishildi.

Kelgusi yildan boshlab Toshkent – Xiva yo‘nalishi bo‘yicha “Afrosiyob” tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu nafaqat mahalliy aholining uzog‘ini yaqin qiladi, ayni vaqtda viloyatda biz uchun ustuvor vazifa bo‘lgan turizm salohiyatini rivojlantirishga katta zamin yaratadi.

Bu haqda gapirganda, 2017-2021-yillarda Xorazm viloyati va Xiva shahrining turizm salohiyatini kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlanganini ta’kidlash lozim.

Viloyatga turistlar oqimini ko‘paytirish uchun temir yo‘l va havo transportidan foydalanishda 15 foizgacha chegirmalar joriy etildi.

Bugungi kunda Xivada katta sayyohlik kompleksi qurilayotgani, tarixiy Nurullaboy saroyida badiiy galereya, qabullar uyi, amfiteatr, hunarmandlar markazi, milliy oshxona shoxobchalari barpo etilayotganidan sizlar albatta xabardorsiz.

Shuningdek, 2017-2021-yillarda Xiva shahrida yana 18 ta mehmonxona qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar hududning turistik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.Ramatov Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (A.Ahmadxo‘jayev), Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi (B.Zokirov) bilan birgalikda Xiva shahrida eng zamonaviy dam olish va istirohat bog‘i barpo etish, u yerda zamonaviy attraksionlar o‘rnatish, milliy me’moriy uslubda mehmonxonalar qurish bo‘yicha bir hafta muddatda tegishli loyihani ishlab chiqib, tasdiqlash uchun kiritsin.

Yuqorida aytib o‘tganimdek, Xivada shahar hokimligi qayta tiklandi. Endi hokimlikning mutasaddilari Xitoyga, musulmon davlatlariga borib, turistlar sonini ko‘paytirish chora-tadbirlarini ko‘rishi zarur.

Agar joriy yilning 9 oyi davomida viloyatga 35 mingdan ziyod sayyoh kelgan bo‘lsa, bu raqamni kelgusida 50 mingga yetkazish lozim.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (A.Abduhakimov), “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi (U.Roziqulov) viloyat va Xiva shahar hokimliklari bilan birgalikda Xorazmga keladigan turistlar sonini oshirish bo‘yicha maxsus grafik tuzib, uning ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rsin.

Aziz do‘stlar!

Biz uchun eng katta boylik bo‘lgan aholining sog‘lig‘ini saqlash borasida Xorazm viloyatida ham ilgari hech qachon bo‘lmagan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, vohada yangi tashkil etilgan 65 ta qishloq oilaviy poliklinikasi va 18 ta qishloq vrachlik punkti bu yo‘lda muhim qadam bo‘ldi.

Ayniqsa, shahar va tumanlarda 18 ta ixtisoslashtirilgan bo‘lim ochilgani yiliga 13 mingdan ortiq bemorga yashash joyining o‘zida tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini bermoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining mutaxassislari Xorazm viloyatiga kelib, qariyb 2800 bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.

Bundan tashqari, xorijdagi nufuzli klinikalardan o‘nlab yetakchi mutaxassislar viloyatga taklif qilinib, ular ishtirokida murakkab operatsiyalar bajarilgani ko‘plab bemorlarning dardiga shifo berdi. Jumladan, rossiyalik mashhur kardioxirurg, akademik Leo Bokeriya ishtirokida yurak nuqsonlarini bartaraf qilish bo‘yicha o‘tkazilgan operatsiyalar xorazmlik jarrohlar uchun o‘ziga xos mahorat maktabi bo‘ldi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.

Viloyat Kardiologiya markazida birinchi marta og‘ir yurak nuqsonini bartaraf etish bo‘yicha operatsiyalar, yurak qon tomirlarini shuntlash va boshqa murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Viloyatdagi tez tibbiy yordam shoxobchalari qo‘shimcha ravishda 78 ta avtomashina bilan ta’minlandi.

Natijada chaqirilgan joyga tez tibbiy yordam brigadasining yetib borish vaqti 2 barobar qisqardi.

Hazorasp, Yangiariq, Shovot, Xiva tumanlari tibbiyot birlashmalari, Urganch tumanidagi qishloq oilaviy poliklinikasida qurilish ishlari yakunlandi.

Respublika kardiologiya markazining Xorazm filiali va Urganch shahridagi ko‘p tarmoqli hududiy klinika ob’ektlarida qurilish ishlari olib borilmoqda.

Erishilgan bunday natijalar albatta o‘z oldimizga qo‘ygan katta ishlarning boshlanishi, xolos. Vohadagi murakkab ekologik vaziyatni inobatga olib, biz 2018-yilda Xorazm viloyatini namunali tibbiy xizmat ko‘rsatiladigan hududga aylantirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Xorazm viloyati hokimligi, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali (R.Ro‘ziboyev), Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Shodmonov) viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan birga har bir shahar va tumanni qamrab olgan Vazirlar Mahkamasining alohida qarori loyihasini tayyorlashi kerak.

Mazkur qarorga binoan Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.Ramatov aholini patronaj xizmati bilan to‘liq va sifatli qamrab olish, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, skrining markazlarining moddiy-texnik bazasi va reagentlarga bo‘lgan ehtiyojini to‘la moliyalashtirish, Xivadagi “Muruvvat” nogiron erkaklar uyining moddiy-texnik holatini yaxshilash bo‘yicha mas’ul etib belgilanishi zarur.

Hurmatli sessiya ishtirokchilari!

Bugungi kunda yosh avlod tarbiyasi, ularning hayotiy manfaatlarini ta’minlash, turli xavf-xatarlardan himoya qilish masalasi dunyo miqyosida eng o‘tkir muammolardan biriga aylanmoqda. Turli xalqaro minbarlarda, nufuzli anjumanlarda bu haqda ko‘p gaplar aytilmoqda. Lekin, afsuski, amaliy ishlar kam. Biz yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida bu boradagi o‘z pozitsiyamizni aniq bayon qildik.

O‘zingiz tasavvur qiling, aziz do‘stlar, bugungi dunyo yoshlari son jihatidan eng katta avlod bo‘lib, ular 2 milliardni tashkil etmoqda. Jahon tarixida ilgari hech qachon bunday bo‘lmagan. Bu – juda katta kuchdir. Lekin ana shu qudratli kuch to‘g‘ri yo‘lga solinmasa, yoshlarning eng muhim talab va ehtiyojlari hisobga olinmasa, ular hayotda o‘z o‘rnini topmasa, qani, aytinglar, nima bo‘ladi? Hozirgi kunda ekstremizm va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilmoqda. Bunday yoshlar qayerdan paydo bo‘lmoqda? Ular bilim va kasb-hunar egallash, ishlash, uyli-joyli bo‘lish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan, norozi, alamzada yoshlar orasidan chiqmoqda.

Agar O‘zbekiston misolida aytadigan bo‘lsak, respublikamiz aholisining 58,8 foizini, Xorazm viloyati aholisining esa 60 foizdan ziyodini yoshlar tashkil etmoqda.

Agar bu raqamlarga jiddiy e’tibor berib, ularning mag‘zini chaqadigan bo‘lsak, oldimizda qanday ulkan va murakkab vazifalar turgani ayon bo‘ladi.

Ayni shu vazifalarni hisobga olib, mamlakatimizda yoshlarning sog‘lom va barkamol bo‘lib o‘sib-ulg‘ayishi, bilim va hunar egallashi, xorijiy tillarni o‘rganishi, o‘z qobiliyatiga yarasha ish o‘rniga ega bo‘lishini ta’minlash uchun “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Harakatlar strategiyasida ham bu masala alohida ustuvor vazifa sifatida yetakchi o‘ringa qo‘yilgan.

Biz bu yo‘nalishda keyingi paytda katta ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaxshi ma’lum, albatta. Jumladan, farzandlarimizning xohish va istaklari e’tiborga olinib, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etildi. Navqiron o‘g‘il-qizlarimizga o‘z biznesini boshlashi, uy-joyga ega bo‘lishi uchun imtiyozli kreditlar ajratish, ularning ezgu intilishlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yildi.

Bu yildan boshlab umumta’lim maktablarida o‘n bir yillik ta’lim qayta tiklandi. Oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalari oshirildi, 16 ta oliy ta’lim muassasasida sirtqi va kechki bo‘limlar tashkil qilindi.

Biz alohida e’tibor qaratayotgan yana bir masala – bu yoshlarimiz uchun munosib ish o‘rinlari yaratishdan iborat.

Xorazm viloyatida joriy yilning o‘zida qariyb 42 mingta yangi ish o‘rni ochilganini shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning dastlabki natijasi sifatida qabul qilishimiz kerak.

Shular qatorida Urganch shahrida 32 ta yosh oila imtiyozli asosda berilgan yangi xonadonlarga ko‘chib o‘tgani, “Yoshlar markazi” binosi foydalanishga topshirilib, 4 mingdan ziyod kitob fondiga ega bo‘lgan axborot-resurs markazi tashkil etilganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Yoshlarimiz manfaati bilan bog‘liq yana bir muhim masala haqida yuqorida zikr etilgan ijodkor ziyolilar bilan bo‘lgan uchrashuvda alohida to‘xtalgan edik.

Ya’ni ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’at sohasidagi iste’dodli va istiqbolli yoshlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli rahbarlarga aniq topshiriqlar berilgan edi.

Bugun siz, hurmatli viloyat va tuman rahbarlaridan so‘ramoqchiman, har biringiz o‘z hududingizda shu masalada nima ish qildingiz?

Takror aytaman, biz yoshlar tarbiyasida xotirjamlikka berilmasdan, boshlagan ishlarimizni yanada izchil davom ettirishimiz lozim. Yoshlar siyosati masalasi bo‘yicha Prezidentning davlat maslahatchisi – O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisi Q.Quranboyev manfaatdor vazirlik va idoralar, hokimliklar bilan birgalikda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur.

Birinchidan, xorijiy davlatlarda ishlab yurgan yoshlarimizning huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ishlarni tizimli tashkil etish lozim.

Ikkinchidan, uyushmagan yoshlar bilan ishlashni kuchaytirish uchun davlat organlari va jamoat tashkilotlarining hamkorligi va mas’uliyatini yanada oshirish kerak.

Uchinchidan, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida ularni sportga keng jalb etish, chekka hududlarda sport maydonlari barpo etishni tashkil qilish lozim.

To‘rtinchidan, ta’lim muassasalarida bilim olish sifati va samaradorligini oshirishga, davomatni mustahkamlashga jiddiy e’tibor qaratish, yoshlar o‘rtasida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada kuchaytirish zarur.

Sizlarga yaxshi ma’lum, keyingi paytda mamlakatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada mustahkamlashga katta ahamiyat berilmoqda. Mazkur masala barcha hududlarimiz qatori Xorazm viloyati uchun ham g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekani haqida ortiqcha gapirib o‘tirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.

Bu borada olib borayotgan ishlarimizga tanqidiy baho beradigan bo‘lsak, ochiq tan olishimiz kerak, diniy e’tiqod masalasida adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga solish borasida hali ham kamchiliklar bor. Bu masalaga faqat hokimiyat, ichki ishlar, diniy idora javobgar, degan gap – bu noto‘g‘ri. Yoshlar bilan ishlash hammamizning ishimiz bo‘lishi kerak. Ota-bobolarimiz “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona” degan maqolga amal qilib, kam bo‘lishmagan.

Yo‘ldan adashganlarni faqat ro‘yxatdan chiqarish bilan ish bitmaydi. Ularga amaliy yordam berish, munosib ish topib berish, arzon kreditlar va uy-joylar bilan ta’minlash lozim. Bunday odamlarni sog‘lom hayotga qaytarish masalasida o‘ta noziklik bilan, ilm bilan, ma’rifat bilan, avvalo, shaxsiy namuna ko‘rsatib ishlash kerak. Chunki ular ham O‘zbekiston fuqarosi. Ayni vaqtda ular ham O‘zbekiston fuqarosining huquq va erkinliklari bilan birga, mas’uliyat va majburiyati ham borligini hech qachon esdan chiqarmasligi zarur.

Men 1-sentabr kuni Hazrati Imom majmuasida diniy ulamolarimiz bilan bo‘lgan uchrashuvda boshqa ko‘pgina masalalar qatorida haj safarini tashkil etish bo‘yicha ham fikr bildirgan edim.

Menimcha, haj ziyorati nafaqat ibodat, balki avvalo katta bir mas’uliyatdir. Bunday ulug‘ ziyoratning shukronasi ham bo‘lishi kerak. Men yo‘ldan adashganlarni tarbiyalash, ularni sog‘lom hayotga qaytarishda faollik ko‘rsatganlarni birinchi navbatda hajga yuborish lozim, deb aytganimda juda ko‘p narsalarni nazarda tutgan edim. Ya’ni buning ma’nosi keng.

Deylik, hajga bormoqchi bo‘lgan odam avvalo o‘z mahallasi, o‘z qishlog‘idagi savob ishlarga hissa qo‘shsa, maktabda, litsey-kollejda yoshlar bilan uchrashib, tarbiyaviy suhbatlar o‘tkazsa, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishida maslahat va ko‘magini ayamasa, jamiyatimizdagi muhitni, aholining dunyoqarashini o‘zgartirishga juda katta xizmat qilgan bo‘lardi.

Barchamizga ma’lumki, haj safari – bu musulmonchilikning beshinchi farzi. Bu farzni ado etish uchun odam avvalambor oldingi to‘rtta farzni to‘la bajargan bo‘lishi kerak. O‘zining xulqi-odobi, halol-pokligi, odamlarga mehr-oqibati bilan el-yurt hurmatini qozonishi lozim.

Hajga borgan odam ziyorat davomida avvalo o‘zining, o‘z xalqining madaniyatini ko‘rsatishi kerak. Toki, mana, qaranglar, bu inson Imom Buxoriy vatandoshi ekan, deb boshqalar unga havas qilsin. Yurtimizga qaytib kelganidan keyin ham yurish-turishi, madaniyati bilan hammaga o‘rnak bo‘lishi, ma’naviyatimiz targ‘ibotchisi bo‘lishi kerak.

Hajga faqat puldorlar yoki tanish-bilishi borlar boradi, degan tasavvurni butunlay o‘zgartirish vaqti keldi. Xorazm viloyatida ham hajga boradiganlar ro‘yxatini shu nuqtai nazardan ko‘rib chiqish lozim. Bu masalada ham adolat o‘rnatish zarur.

Bu borada O‘zbekiston musulmonlari idorasi va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari jiddiy o‘ylab, bir qarorga kelsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

Muhtaram do‘stlar!

Aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash
– bugungi kunda eng muhim vazifadir.

Viloyatda bu sohaga keng jamoatchilikni jalb qilgan holda, mahallalarda 431 ta jamoatchilik nazorati maskanlari tuzilgan.

Huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan qariyb 1800 nafar shaxs bilan amaliy ish olib borilgani natijasida ularning 655 nafari sog‘lom turmush tarziga qaytarilgan.

Bugungi kunda 368 nafar profilaktika inspektorining 120 nafariga uy-joylar va avtotransport vositalari tantanali ravishda topshirildi.

Tabiiyki, amalga oshirilayotgan bunday tadbirlar o‘z natijasini bermoqda. Masalan, viloyatda 702 ta ochilmay qolgan jinoyat fosh etilgan, qochib yurgan 211 nafar jinoyatchi ushlangan. Sodir etilgan jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga yoki 316 taga kamaygan.

Ayniqsa, oxirgi ikki oyda jinoyat sodir etish holatlari qariyb 4 barobar kamaygani e’tiborga loyiq. Eng muhimi, viloyatda 198 ta mahallada mutlaqo jinoyat sodir etilmagan.

Mana shunday natijalarga erishishda o‘zini ayamasdan, sidqidildan xizmat qilib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizga chin qalbimdan minnatdorchilik bildirishga ruxsat bergaysiz. Demak, bir yoqadan bosh chiqarib, qattiq ishlasak, ko‘p narsaga erishishimiz mumkin ekan.

Ayni vaqtda bu natijalar bilan cheklanmasdan, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishimiz zarur.

Biz Xorazm viloyatini jinoyatlardan butunlay xoli hududga aylantirib, bu borada Xorazm tajribasini yaratsak, nima deysizlar?

Shu maqsadda Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda, bir oy muddatda Xorazm viloyatida “Xavfsiz hudud konsepsiyasi”ni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritishi zarur.

Biz uchun yangilik bo‘lgan bu muhim loyihani nafaqat shaharlarimiz, balki tumanlarimizda ham samarali amalga oshirish uchun ayrim dolzarb masalalarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Birinchidan, tuman va shahar ichki ishlar bo‘limlari tuzilmasini tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, xodimlarning asosiy qismi posyolka va qishloq aholi punktlariga yaqin joylarda faoliyat yuritishini ta’minlashimiz kerak.

Bu masala bo‘yicha Prezidentning davlat maslahatchisi O.Murodov Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) va Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda, bir oy muddatda Urganch shahri va Qo‘shko‘pir tumani ichki ishlar bo‘limlari tuzilmasi hamda shaxsiy tarkibini tubdan qayta ko‘rib chiqib, tajriba tariqasida mavjud xizmatlarning faoliyatini bevosita joylarda tashkil etishga doir takliflar kiritsin.

Ikkinchidan, har oyda profilaktika inspektorlari va mahalla raislari ko‘chama-ko‘cha yurib, fuqarolar bilan uchrashib, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berib borishi kerak.

Prezidentning davlat maslahatchisi O.Murodov, Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), “Mahalla” fondi (Sh.Javlonov) Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda, bir oy muddatda profilaktika inspektorlari va mahalla raislarining hisobot berish tizimini joriy etsin.

Profilaktika inspektorlari bundan buyon ichki ishlar organlarining mahalladagi vakili emas, balki mahallaning ichki ishlar organlaridagi vakili
sifatida o‘z ishini tashkil etishi kerak. Ular o‘z hisobotini ana shu tamoyildan kelib chiqqan holda taqdim etishi shart. Bu mutlaqo yangi tizim bo‘lib, uning zamirida chuqur ma’no bor. Profilaktika inspektori avvalambor mahallaning manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yishi lozim.

Uchinchidan, o‘ziga biriktirilgan hududda jinoyat bo‘lmasligini ta’minlayotgan profilaktika inspektori va aksincha – o‘z hududida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ygan profilaktika inspektori bir xil miqdorda maosh olishi adolatdan emas, deb hisoblayman.

Shuning uchun Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), “Mahalla” fondi (Sh.Javlonov) Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda, bir hafta muddatda o‘z hududida yashaydigan fuqarolar tomonidan jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymagan mahalla raisi va profilaktika inspektoriga oylik ish haqining 30 foizi miqdorida mukofot puli berish va, aksincha, jinoyat sodir etishga yo‘l qo‘yilgan taqdirda esa ularga nisbatan oylik maoshining 30 foizi miqdorida jarima qo‘llashni nazarda tutadigan tartibni ishlab chiqsin va amalga tatbiq etsin.

To‘rtinchidan, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida jamoat joylari va aholi turar joylarida kuzatuv kameralari o‘rnatilishini tashkil etish kerak.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.Ramatov Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda, bir oy muddatda ichki ishlar organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, jamoat joylarida kuzatuv kameralarini o‘rnatish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

Beshinchidan, Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda 2017-yil 1-dekabrga qadar Xorazm viloyatida ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlariga uy-joylar va avtotransport vositalari topshirish ishlarini yakuniga yetkazsin.

Muhtaram deputatlar!

Biz Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha erishilayotgan natijalarga qisqacha to‘xtalib o‘tdik, xolos. Lekin ana shu tahlilning o‘ziyoq Xorazm viloyatida barcha sohalarda katta o‘zgarishlar yuz berayotganini ko‘rsatmoqda.

Albatta, bunday natijalarga erishishda 2012-yildan buyon viloyatga rahbarlik qilib kelgan Po‘lat Razzoqovich Bobojonovning munosib hissasi borligini barchamiz yaxshi bilamiz.

Bu rahbar berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida mas’uliyat bilan bajarishi, el-yurt manfaati uchun jon kuydirishi, tashabbuskorlik va talabchanlik fazilatlari sababli viloyatda obro‘-e’tibor qozondi.

Ana shunday rahbarlik salohiyatini hisobga olib, P.Bobojonovni yanada mas’uliyatli vazifaga – ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinladik.

Shu munosabat bilan bugungi sessiyada tashkiliy masala, ya’ni Xorazm viloyatiga yangi hokim tayinlash masalasini ko‘rib chiqishimiz kerak.

Xalq deputatlari viloyat kengashidagi siyosiy partiyalar guruhlari bilan, viloyat faollari va oqsoqollari bilan maslahatlashgan holda, men katta tajribaga ega bo‘lgan, bir necha yillar davomida yuqori lavozimlarda ishlagan, bugungi kunda viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Ilgizar Matyaqubovich Sobirov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etaman.

I.Sobirov 1959-yilda tug‘ilgan. O‘z faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Toshkent yuridik instituti, Oliy sud, Oliy xo‘jalik sudi, Prezident devonida mas’ul lavozimlarda ishlagan. Qo‘shko‘pir tumani hokimi, Oliy Majlis Senati Raisi, Xorazm viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan, 2017-yil fevral oyidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xorazm viloyati Xalq qabulxonasi mudiri vazifasini bajarib kelgan.

Ilgizar Sobirov Xorazm viloyatining sharoitini, uning iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatini, bu yerdagi rahbarlarni yaqindan biladi.

Ishonchim komil, mehnatkash, azmu shijoatli Xorazm eli viloyatning yangi rahbari atrofida jipslashib, Xorazm vohasini yanada ravnaq toptirish yo‘lida katta ijobiy natijalarga albatta erishadi.

So‘zimning oxirida sizlarga, sizlar orqali mard va olijanob Xorazm ahliga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasidagi nutqi