Bosh Assambleyaning yetmish beshinchi sessiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarixida birinchi marta butunlay yangi formatda – koronavirus pandemiyasi tufayli onlayn muloqot rejimida boʻlib oʻtmoqda.

Muhtaram Rais Voʻlkan Bozkir janoblari!

Muhtaram Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblari!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Bunday global falokat sayyoramizda soʻnggi yuz yilda kuzatilmagan edi. Bu ofat butun insoniyatning zaif jihatlarini yaqqol koʻrsatdi. Hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar oʻzaro bogʻliq ekanini, oʻrtamizda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik oʻta muhimligini isbotladi.

Shu yoʻlda barchamiz hukumatlar, parlamentlar va fuqarolik jamiyatlarining oʻzaro saʼy-harakatlarini birlashtirish, umumiy masʼuliyat tamoyillarini mustahkamlash, xalqaro sheriklikni muvofiq holda rivojlantirish, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish lozimligini chuqur angladik.

Maqsadimiz – har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini taʼminlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishdir.

Bu borada biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etamiz. Ushbu hujjatda har bir davlatning oʻz fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozim.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Biz Oʻzbekistonda KOVID-19 qayd etilgan dastlabki kunlardan boshlab barcha saʼy-harakat va resurslarimizni bu xavfli kasallikni jilovlash
va eng asosiysi – odamlar hayotini saqlab qolishga qaratdik.

Pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish uchun ijtimoiy himoya va sogʻliqni saqlash tizimlari keskin kuchaytirilmoqda, aholiga, iqtisodiyot tarmoqlari va biznesga manzilli koʻmak koʻrsatilmoqda. Shu maqsadda maxsus jamgʻarmalar tuzildi.

Fursatdan foydalanib, sinovli damlarda bizga begʻaraz yordam koʻrsatgan barcha doʻst va hamkorlarimizga chuqur minnatdorlik izhor etaman.

Biz xalqaro hamjamiyatning pandemiyaga qarshi samarali kurashish boʻyicha barcha harakatlarini, jumladan, zarur dori-darmon hamda vaksinalar ishlab chiqish va ulardan keng foydalanishga qaratilgan tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaymiz.

Shuningdek, Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblarining bugungi inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolariga bagʻishlangan sammitni oʻtkazish boʻyicha taklifini maʼqullaymiz.

Hurmatli Bosh Assambleya sessiyasi ishtirokchilari!

Bundan uch yil muqaddam men Birlashgan Millatlar Tashkilotining oliy minbaridan Oʻzbekistonning tub islohotlarni amalga oshirish boʻyicha qarori qatʼiy ekanini aytgan edim.

Jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlarimiz natijasida yangi Oʻzbekiston shakllanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik oʻzgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi.

Oʻtgan yili Parlamentga oʻtkazilgan saylovlar aholi va partiyalarning siyosiy faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli,
ommaviy axborot vositalarining taʼsiri oshganini namoyish etdi.

Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi oʻrni tobora kuchaymoqda. Yangi Parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga koʻpaydi.

Inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay oʻzgardi. Majburiy va bolalar mehnati toʻliq tugatildi. Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiya qabul qilindi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqaroligi boʻlmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirigʻiga javoban shu yilning oʻzida 50 ming yurtdoshimizga Oʻzbekiston fuqaroligi berildi.

Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilandi. Millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni yana-da mustahkamlash biz uchun doimiy muhim vazifadir.

Sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga koʻtarildi.

Bu borada muhim qonun hujjatlari qabul qilinib, mustaqil tuzilma – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlar jadal davom ettirilmoqda. Biz birinchi marta kambagʻallikni kamaytirish haqidagi qatʼiy qarorimizni ochiq eʼlon qildik.Bunga tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash hamda zamonaviy infratuzilmani barpo etish, odamlarni yangi kasb-hunarlarga oʻrgatish va aholiga manzilli ijtimoiy yordam koʻrsatish orqali erishmoqdamiz.

Mamlakatimiz aholisining yarmidan koʻpini yoshlar tashkil etadi. Respublikamizda har bir yigit-qizning jamiyatda munosib oʻrin egallashi va oʻz salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekistonda Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat koʻrsatmoqda.

Avgust oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida yoshlar huquqlariga bagʻishlangan Samarqand xalqaro forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Fursatdan foydalanib, yana bir bor Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chaqiraman.

Bundan tashqari, Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz.

Hurmatli doʻstlar!

Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mintaqasida tub oʻzgarishlar yuz bermoqda. Biz mintaqa davlatlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonch, doʻstlik va hurmat muhitini yaratishga erishdik.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusga asosan muntazam oʻtkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari umumiy yutugʻimiz boʻldi.

Oxirgi toʻrt yilda Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro savdo hajmi salkam besh barobarga oʻsdi.

Mamlakatlarimiz ushbu sinovli kunlarda bir-birini yolgʻiz qoldirmasdan, oʻzaro yelkadosh boʻldilar.

Bugun Markaziy Osiyo davlatlari oldida muhim strategik vazifa turibdi. U ham boʻlsa, mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga chuqur integratsiyasini taʼminlashdir.

Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif etamiz.

Bugungi kunda Markaziy Osiyoda xavfsizlikni taʼminlash sohasida ham samarali hamkorlik olib borilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global antiterror strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Biz ushbu strategiya doirasidagi Mintaqaviy qoʻshma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro konferensiyani oʻtkazish tarafdorimiz.

Maʼlumki, mintaqamizning koʻhna va boy madaniy merosi global ahamiyatga ega. Biz 2021-yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni oʻtkazishga tayyormiz.

Hurmatli sessiya ishtirokchilari!

Biz Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qabul qilamiz. 2018-yil mart oyida oʻtkazilgan Afgʻoniston boʻyicha oliy darajadagi Toshkent konferensiyasi afgʻon muammosini yechish uchun xalqaro hamjamiyat saʼy-harakatlarini safarbar etishda yangi bosqich boʻldi.

Biz joriy yilning sentyabr oyida Doha shahrida afgʻon siyosiy kuchlari oʻrtasida boshlangan tinchlik muzokaralarini toʻla qoʻllab-quvvatlaymiz. Bu muzokaralar jafokash afgʻon zaminida tinchlik va barqarorlik oʻrnatishiga umid qilamiz.

Mintaqada iqtisodiy integratsiya jarayonlariga Afgʻonistonni keng jalb etish maqsadida “Surxon – Puli Xumri” elektr uzatish tarmogʻini, Mozori Sharifdan Hind okeani portlariga chiqadigan temir yoʻl qurilishi kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga kirishdik.

Fikrimizcha, Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik oʻrnatish masalalari Birlashgan Millatlar Tashkilotining doimiy eʼtibor markazida boʻlib qolishi zarur.

Faqat birgalikda va yaqin hamkorlik orqali biz afgʻon xalqining ezgu orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishimiz mumkin. Bu borada “Beqaror va vayronkor vaziyatdan – tinchlik va bunyodkorlik sari” degan tamoyil asosida ish olib borish muhimdir. Shu boisdan Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish lozim. Ushbu qoʻmitaning asosiy vazifasi Afgʻonistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga koʻmak berishdan iborat boʻlishi zarur.

Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!

Davrimizning oʻtkir muammolaridan yana biri – global iqlim oʻzgarishlaridir. Bugungi kunda har bir mamlakat bu jarayonning salbiy taʼsirini his etmoqda. Ming afsuski, bunday oʻzgarishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham katta xavf tugʻdirmoqda.

Eʼtiboringizni yana bir bor Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratmoqchiman. Orolboʻyi hududi ekologik fojianing markaziga aylandi. Biz mavjud ahvolni yaxshilash uchun bu yerda ikki million gektar yangi oʻsimlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish boʻyicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Mamlakatimiz tashabbusi bilan Orolboʻyi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast fondi tuzildi. Umid qilamizki, ushbu fond ogʻir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam koʻrsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi boʻlib xizmat qiladi.

Biz Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz. Ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq boʻlardi.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Soʻzimning yakunida yana bir fikrni taʼkidlashni istardim. Jahonning turli nuqtalarida notinchlik saqlanib qolayotgani, ziddiyat va zoʻravonliklar ortib borayotgani, ekologik ofatlar va boshqa zamonaviy xatarlar qashshoqlik va kambagʻallikning global muammolarini kuchaytirmoqda.

Bu muammolar ayniqsa pandemiya sharoitida keskin tus olmoqda. Tobora tashvishli ohang kasb etayotgan qashshoqlikning ovozi butun dunyo hamjamiyatini, barchamizni bezovta qilishi zarur.

Shu munosabat bilan qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazishni taklif etamiz.

Qadrli doʻstlar!

Barchamizga ravshanki, pandemiyadan keyingi dunyoning ijtimoiy-iqtisodiy manzarasi butunlay boshqacha tus oladi.

Biz xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yoʻlidagi umumiy xatarlarga qarshi yangicha yondashuvlar asosida va yaqin hamkorlikda ishlashimiz zarur.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining muvofiqlashtiruvchi xalqaro tuzilma sifatidagi markaziy oʻrnini yana-da kuchaytirish lozim.

Oʻzbekiston jahonning barcha mamlakatlari bilan keng koʻlamli va oʻzaro manfaatli sheriklikni, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning institutlari bilan amaliy muloqotni rivojlantirish uchun doimo tayyor.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi