O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirini qabul qildi

Bugun, 1 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ShHTga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurgan Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Maminni qabul qildi.

Prezidentimiz mehmonni samimiy qutlar ekan, qardosh mamlakatlarimiz rahbarlarining muntazamlik kasb etgan va ishonchga asoslangan uchrashuvlari hamda ularning natijasida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini, strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

075ad659-9382-6a0a-3027-ac349ecd62e9.jpg

Asqar Mamin O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboev va Prezident Qasim-Jomart Toqaevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilgani, o‘zaro savdo hajmi ortib, investitsiya, bank-moliya, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlik kengayib borayotgani alohida ta’kidlandi. O‘zbekistonda o‘tayotgan Qozog‘iston yili doirasida hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi.

Ikki tomonlama hamkorlik, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatga oid dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

1 029
O'zA