Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.03.2018 17:06 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "Mangold Konsalting" kompaniyasi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "Mangold Konsalting" kompaniyasi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 mart kuni Toshkent xalqaro aeroportida Germaniyaning "Mangold Konsalting" kompaniyasi boshqaruvi raisi Klaus Mangold bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekistonda Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini alohida ta’kidladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda Germaniyaning "MAN", "Klaas", "Lemken", "Knauf" kabi o‘z sohasida yetakchi bo‘lgan konsern va korxonalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. "Simens", "Bosh", "Vismann", "Xumana" va ko‘plab boshqa kompaniyalar bilan birgalikda istiqbolli investitsiya loyihalari ishlab chiqilmoqda. Germaniyadan O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 1 milliard dollarni tashkil etadi.

Uchrashuvda Germaniya kompaniyalari bilan O‘zbekistonda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalarini ochish, transport-logistika va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, savdo-sotiq va qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

"Mangold Konsalting" kompaniyasiga raislik qilish bilan birga turizm sohasida eng yirik kompaniyalardan biri bo‘lgan "TUI grup" kuzatuv kengashining rahbari sanaladigan Klaus Mangold O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga muloqot qilish imkoniyati hamda Germaniya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistondagi loyihalari va takliflariga ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli biznes-sheriklikdan g‘oyat manfaatdor ekanini qayd etdi.

O‘zA
4 294