O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashining majlisidagi nutqi
Muhtaram rais!
Hurmatli davlat rahbarlari!
MDH davlat rahbarlarini qutlash, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Grigorevich Lukashenkoga mehmondo‘stlik uchun samimiy minnatdorlik bildirish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Uchrashuvimiz, bu yerda ta’kidlanganidek, xalqaro vaziyat shiddat bilan o‘zgarayotgan, geosiyosiy keskinlik va siyosiy qarama-qarshiliklar avj olayotgan, qachon tugashi yoki pasayishi noma’lum bo‘lgan global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotgan, diniy fanatizm radikallashayotgan va faollashayotgan, yaqin va uzoq mamlakatlarda ziddiyatli vaziyatlar keskinlashib borayotgan bir sharoitda o‘tmoqda.
Keng tarqalayotgan zo‘ravonlik, terrorizm, ekstremizm va narkotrafikning real tahdidlari kuchayib, ayrim mamlakatlardagi vaziyatni o‘ta chigallashtirib, yuzaga kelgan qarama-qarshiliklarni xunrezlikka aylantirayotgan va o‘zini nazorat qila olmay qolgan ba’zi siyosatchi va siyosatdonlarning, ayniqsa, telekanallar orqali agressiv da’vatlar bilan chiqayotgani bizni tashvishga solmay qo‘ymaydi, albatta.
Yuzaga kelayotgan tahlikali vaziyatni to‘g‘ri baholamaslik qanday fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin emas.
Masalan, Afg‘onistonda qariyb 35-yildan buyon davom etayotgan birodarkushlik urushi millionlab odamlarning umriga zomin bo‘ldi, yana millionlab insonlarni qochqinga aylantirdi. Mamlakat iqtisodiyotini butkul izdan chiqarib, vayronagarchilikka olib keldi. Bugun shunday bir avlod voyaga yetdiki, ular qurol tutish va undan foydalanishdan boshqa hech narsani bilmaydi. Bu mamlakatni bosib olish oson emasligi azaldan ma’lum edi. Bunga Afg‘oniston tarixidan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Biz, hammamiz bu misollarni yaxshi bilamiz va shunga qat’iy ishonamizki, Afg‘oniston muammosini harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi.
Biz Afg‘onistonning yaqin qo‘shnisi sifatida bugun qat’iy ishonamizki, ushbu mamlakatda bir-biriga qarshi kurashayotgan barcha asosiy etnik-diniy siyosiy kuchlar vakillaridan iborat yangi hukumat qanchalik tez shakllantirilsa, bu beqarorlikka, qashshoqlikka barham berish, izdan chiqqan iqtisodiyotni qayta tiklash, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash uchun yo‘l ochib beradi.
Ukraina masalasiga kelsak, bizningcha, yuzaga kelgan muammolarni hal etish usuli sifatida kuch ishlatishdan voz kechish, faqat xalqaro huquqning muhim normalariga va BMT Nizomiga asoslangan siyosiy vositalardan foydalanish, tomonlarning o‘t ochishni to‘xtatish va yarashish bo‘yicha Minsk kelishuvini so‘zda emas, amalda to‘la bajarishi Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar jarayoni uchun zarur sharoit yaratishi mumkin.
Afsuski, bu borada ko‘zda tutilgan va muzokara jarayonlariga yordam beradigan jiddiy siyosiy masalalar muhokamasi hamon boshlangani yo‘q.
MDH davlat rahbarlarining bugungi uchrashuviga bevosita taalluqli bo‘lgan yana bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Ikki kun avval bizning uchrashuvimizda Ukraina prezidenti janob P.Poroshenko ishtirok etishi haqidagi xabar muhim yangilik sifatida tarqatildi. Biroq, kecha kechqurun janob P.Poroshenko uchrashuvga kelmasligi, uning rejalari o‘zgarib qolgani xabar qilindi. Bizningcha, bunday qarorni ma’qullab bo‘lmaydi. Salkam bir yildirki, Ukrainadagi qarama-qarshiliklar eng dolzarb muammolardan biri sifatida butun dunyoda, jumladan, sobiq ittifoq hududida muhokama etib kelinmoqda. Darvoqe, bugun eng chekka tumanlar, qishloqlar aholisi ham Ukrainada qanday voqealar ro‘y berayotganini televideniye orqali ko‘rib, bilib turibdi. Bunday sharoitda ushbu voqealarga loqayd qaraydigan odam bo‘lmasa kerak. Ukrainada nimalar yuz berayotgani va bular qanday boshlanganidan deyarli barcha yaxshi xabardor. O‘zaro kurashayotgan tomonlar o‘rtasidagi ziddiyatlar qachon va qanday tugashini hamma kutmoqda. Binobarin, bu muammo imkon qadar tezroq o‘z yechimini topishi darkor.
Shu o‘rinda o‘zimizga savol beraylik: MDH davlat rahbarlaridan qaysi birimiz janob P.Poroshenko bilan yuzma-yuz uchrashdik? Faqat ayrimlargina. O‘tgan vaqt mobaynida P.Poroshenko Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida, ayniqsa, Bryusselda, boshqa davlatlarda bo‘ldi.
Holbuki, u MDHning bugungi sammiti majlisida ishtirok etib, imkoniyatdan foydalanishi mumkin edi. Darvoqe, Ukraina hali MDH tarkibidan chiqqani yo‘q. Shunday taassurot paydo bo‘lmoqdaki, janob P.Poroshenko ikkilanib turibdi va MDHdan chiqish foydami yoki zararmi ekanligini o‘ziga aniq tasavvur qila olmayapti. Eng muhimi, u bugungi majlisda ishtirok etib, o‘z fikrini bayon qilganida, Ukraina muammosini hal etish borasida biz uchun aniqlik kiritilgan bo‘lar edi. Afsuski, bunday bo‘lmadi.
Hurmatli do‘stlar!
Bugungi majlisimiz raisi Aleksandr Grigorevich Lukashenko o‘z nutqining pirovardida MDHni yanada rivojlantirish istiqbollarini oshkora muhokama qilish vaqti kelganini ta’kidladi.
Biz uchun MDHning ahamiyati, barchamizning manfaatlarimiz hisobga olingan holda, sheriklar bilan o‘zaro foydali va serqirra hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorligimiz aniq va ravshandir.
Hamdo‘stlik – bu amaldagi mustahkam shartnomaviy-huquqiy bazaga ega, puxta ishlab chiqilgan vosita va mexanizmlari asosida bevosita xalqaro muloqot, dolzarb masalalarni muhokama qilish, unga a’zo davlatlar o‘rtasidagi munozara va turlicha qarashlarni hal etish uchun keng imkoniyatlar taqdim etadigan tuzilmadir.
MDH mamlakatlarimizni barqaror rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi mavjud salohiyatdan keng foydalanish, terroristik va ekstremistik harakatlarning vaqtida oldini olish, ularga qarshi kurashish va bartaraf etish, eng muhimi, sobiq ittifoq hududida fuqarolarning o‘zaro muloqot qilishiga ko‘maklashish bo‘yicha maqbul yondashuvlar, muvofiqlashtirilgan amaliy choralar ishlab chiqishga xizmat qilmoqda. Bugun ushbu hududda o‘zining ertangi kunini MDHning shartnomaviy bazasi yaratgan muloqotsiz tasavvur qila oladigan mamlakat kam. Hatto Gruziya ham jiddiy xatoga yo‘l qo‘yganini bugun tushunib yetmoqda.
MDH makonida barqaror taraqqiyotni ta’minlash, birinchi navbatda, o‘zimizga, ya’ni Hamdo‘stlik davlatlariga bog‘liq. Bu borada men barcha yaqin va uzoq qo‘shnilar bilan bir-birimizni tushunish, puxta o‘ylangan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni samarali amalga oshirish, aholi uchun munosib hayot darajasini ta’minlash, o‘z jamiyatimizni bunyodkorlik yo‘lida birlashtirish zarurligini nazarda tutmoqdaman.
MDH hududida ayni paytda amalda qo‘llanilayotgan savdo tartibiga zarar yetkazmaydigan prinsiplarga asoslangan mukammal erkin savdo zonasini tashkil etish va uni tezroq ishga tushirish ko‘p jihatdan ushbu maqsadlarga erishish, mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro savdo va investitsiyalarni kengaytirish uchun qulay shart-sharoit yaratish imkonini beradi. Bugun Vladimir Vladimirovich Putinning o‘zaro munosabatlarimizni yanada mustahkamlash uchun eng jozibador model sifatida ushbu tartibni ishga tushirish vaqti allaqachon yetgani haqidagi taklifini mamnuniyat bilan tingladim.
Bu xalqlarimizni yaqinlashtiradigan va jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan masalalarni uzil-kesil hal etishga yordam beradigan yagona iqtisodiy model bo‘lib, bunga biz bejiz alohida e’tibor qaratayotganimiz yo‘q.
Fursatdan foydalanib, sobiq ittifoq makonida boshqa integratsion birlashmalar shakllantirilishiga qaramay, MDH faoliyati yo‘lida biron-bir to‘siq yo‘qligini yana bir bor ta’kidlamoqchiman. Bu o‘rinda gap Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi haqida bormoqda. Bu yerda ham muhokamaga sabab bo‘ladigan hech qanday muammo ko‘rmayapmiz.
Shu bilan birga, ushbu davlatlararo birlashmalarning har biri, jumladan, negizida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tuzilayotgan MDH ham – darvoqe, ushbu ittifoq nima asosda tashkil etilayotgani haqida o‘ylab ko‘rish ham maqsadga muvofiq bo‘lur edi – bir-birini takrorlamasdan, o‘z faoliyatini mustaqil yo‘lga qo‘yishi, rivojlanish konsepsiyasi va uzoq muddatli dasturiga ega bo‘lishi muhim, deb hisoblaymiz. Agar mazkur shartlarga rioya etilmasa, ushbu birlashmalarning o‘zaro muvofiq ravishda faoliyat ko‘rsatishiga umid qilish qiyin.
Shu o‘rinda MDH masalalarining bugungi muhokamasi ularga bejiz e’tibor qaratmayotganimizni yana bir bor tasdiqlaydi. Men avval ham aynan mana shu zalda bu masala bo‘yicha quyidagi fikrni bayon qilgan edim: mazkur jarayon shu zaylda davom etaversa, ya’ni MDH sammitlariga shunchaki borib-kelinaversa – bu o‘zini ko‘rsatishdan boshqa hech narsa emas. Shuning uchun ko‘plab hamkasblarimizning ushbu masalalar, ayniqsa, MDH istiqboli bilan bog‘liq masalalarga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi haqidagi fikrlariga qo‘shilaman.
E’tiboringiz uchun tashakkur.