O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot
2014-yil 29-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
2014-yil 29-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Senatorlar yalpi majlisning ikkinchi kunini Toshkent shahar Hamza tumanining nomini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani muhokama qilishdan boshladilar. Ushbu masala O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq tayyorlanganligi va kiritilganligi ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu masala Toshkent shahri aholisi o‘rtasida, fuqarolar yig‘inlari faollarining, jamoat tashkilotlari vakillarining, xususan, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa tashkilotlar vakillarining majlislarida oldindan muhokama qilindi. Senatorlar masalani har tomonlama muhokama qilganlaridan keyin hukumat taklifi, keng jamoatchilik muhokamasi jarayonida bildirilgan fikr va takliflarni umumlashtirish materiallari, geografik obyektlarga nom berish va ularning nomini o‘zgartirish masalalari bo‘yicha hududiy va respublika komissiyalari tomonidan tayyorlangan xulosalar asosida Toshkent shahar Hamza tumanining nomini Yashnobod tumani deb o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qildilar.
Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisini va raisi o‘rinbosarini saylash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisini saylash to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasining bir qator chet davlatlardagi diplomatiya vakolatxonalari boshliqlarini tayinlash va lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi masalalarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakolatlariga kiritilgan boshqa masalalarni ko‘rib chiqdilar.
Senatorlar ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qildilar.
Xalqimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami bo‘lgan Mustaqillikning yigirma uch yilligi arafasida bo‘lib o‘tgan ikki kunlik yalpi majlis davomida senatorlar 15 ta masalani, shu jumladan, 4 ta qonunni ko‘rib chiqdilar.
Senatorlarning fikricha, qabul qilingan qonunlar mamlakatimizni yanada modernizatsiya qilish borasidagi islohotlarni chuqurlashtirishning muhim omili bo‘ladi. Qabul qilingan «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni davlat hokimiyatini demokratlashtirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish ishida katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini ro‘yobga chiqarish doirasida tayyorlangan ushbu qonun mamlakat hayotining turli sohalaridagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda NNTlar davlat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlik qilishining samarali huquqiy mexanizmlari tizimini yaratadi. Uni ishlab chiqish jarayonida, shu jumladan, milliy va xalqaro darajalardagi turli anjumanlar doirasida keng jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi.
Olib borilayotgan bozor islohotlarini chuqurlashtirish ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan ma’qullangan «Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni alohida ahamiyatga ega. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan ushbu qonun bozor islohotlari va iqtisodiyotni liberallashtirish sohasida tovar-xomashyo va moliya birjalarini tartibga solish mexanizmlarining samaradorligini oshirishga, birja bitimlari qatnashchilarining kafolatlarini kuchaytirishga, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tovar-xomashyo va moliya birjalarida keng ishtirok etishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Senatorlar bozor raqobati sharoitida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy manfaatlarini muhofaza qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan «Tijorat siri to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ham ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.
Yalpi majlis qatnashchilari Senat tomonidan ma’qullangan qonunlar ijtimoiy-siyosiy, sud-huquq sohalaridagi demokratik islohotlarni chuqurlashtirish ishida alohida ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatib o‘tdilar. Xususan, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida saylov qonunchiligini, axborot-kommunikatsiya sohasi, jinoyat, jinoyat-protsessual qonun hujjatlari amal qilishining huquqiy asoslarini, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni huquqiy tartibga solishni yanada takomillashtirishni nazarda tutadi.
Senatorlar o‘zlari tomonidan ma’qullangan qonunlar aholi turmush darajasini yanada yuksaltirishning, mamlakatimizda barqarorlik va farovonlikning muhim omili bo‘ladi deb ishonch bildirdilar.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati