O‘zbekiston Qahramoni Abdug‘ani Abdullayev shu yil 18-dekabr kuni vafot etdi
O‘zbekiston Qahramoni, mohir hunarmand, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi Abdug‘ani Abdullayev shu yil 18-dekabr kuni vafot etdi.
O‘zbekiston Qahramoni, mohir hunarmand, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi Abdug‘ani Abdullayev shu yil 18-dekabr kuni vafot etdi.Abdug‘ani Abdullayev 1953-yilda Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida usta-hunarmandlar oilasida tug‘ildi.
U ulug‘ ajdodlarimizdan avlodlarga o‘tib kelayotgan xalq amaliy san’atining noyob durdonalarini yuksak mahorat bilan yaratib, yurtdoshlarimizning hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘ldi.
Xususan, Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy, Buxoro viloyatidagi Bahouddin Naqshband maqbaralari yodgorliklarini qayta tiklashda, Toshkent shahridagi Xotira xiyoboni majmuasi, Qatag‘on qurbonlari muzeyi, Farg‘ona viloyatidagi Burhoniddin Marg‘inoniy majmuasini bunyod etishda noyob yog‘och o‘ymakorligi ishlarini bajarib, o‘zining yuksak mahoratini namoyon etdi.
Uning ijodiga mansub naqqoshlik namunalari nafaqat yurtimizda, balki xorijiy mamlakatlardagi nufuzli ko‘rgazmalarda ham namoyish etilib, yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan.
Abdug‘ani Abdullayev yog‘och o‘ymakorligining ko‘p asrlardan buyon saqlanib kelayotgan qadimiy va noyob turlarini kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida ustoz-shogird an’analarini izchil davom ettirib, milliy hunarmandchilik sirlarini 600 nafardan ortiq yoshlarga o‘rgatdi.
Shuningdek, faoliyati davomida yo‘qolib ketayotgan noyob naqsh turlarini tiklash, yangi uslublarni amaliyotga joriy etish ishlarida ham fidoyilik namunasini ko‘rsatdi.
Abdug‘ani Abdullayevning milliy hunarmandchilik san’atini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi, O‘zbekiston Qahramoni unvonlari bilan mukofotlangan edi.
Mohir hunarmand, milliy amaliy san’atimizning jonkuyar fidoyisi, kamtar va samimiy inson Abdug‘ani Abdullayevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, A.Ikramov, A.Nuriddinov, Sh.G‘aniyev