O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘istonga rasmiy tashrifi boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 24-noyabr kuni rasmiy tashrif bilan Ostona shahriga keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 24-noyabr kuni rasmiy tashrif bilan Ostona shahriga keldi.
Shu kunning o‘zida ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi bo‘ldi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning muhim masalalari, Markaziy Osiyo va uning atrofidagi vaziyat, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb xalqaro muammolar muhokama qilindi.
Mamlakatlarimiz oliy darajadagi ushbu muloqotga O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olishning muhim omili sifatida qaramoqda.
Tashrifning asosiy voqealari 25-noyabrga mo‘ljallangan. Prezidentlar tor doirada va ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokaralar o‘tkazadi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik rivoji nafaqat uzoq istiqbolga mo‘ljallangani, balki butun Markaziy Osiyoning barqarorligi va farovonligiga xizmat qilishi bilan ham muhim ahamiyatga egadir.
Mustahkam shartnomaviy-huquqiy hujjatlar majmui o‘zaro hamkorlikning barcha sohalarini qamrab olgan. 1998-yilda imzolangan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma, 2013-yilda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma uning asosini tashkil etadi.