O‘zA O`zbek

27.09.2018 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Prezidentining Hindistonga davlat tashrifiga doir

Oʻzbekiston Prezidentining Hindistonga davlat tashrifiga doir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovindning taklifiga binoan 2018-yil 30-sentyabr – 1-oktyabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻladi.

PrezidentRam Nath Kovind, Bosh vazir Narendra Modi va Hindistonning boshqa rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralarda davlatlararo hamkorlikni yanada kengaytirishning aniq yoʻllarini koʻrib chiqish, mintaqaviy va xalqaro siyosatning muhim masalalari yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz Nyu-Deli shahrida savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishning amaliy jihatlarini, jumladan, Oʻzbekiston –Hindiston ishbilarmonlar kengashini taʼsis etish taklifini muhokama qilish uchun Hindistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazadi.

Shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasi tashrif doirasida Hindistonning qadimgi poytaxti, jahonga mashhur meʼmoriy obida – muhtasham Toj Mahal joylashgan Agra shahriga tashrif buyuradi.

Tashrif yakunida Oʻzbekiston Prezidenti va Hindiston Bosh vazirining qoʻshma bayonoti qabul qilinishi, Oʻzbekiston – Hindiston munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish uchun huquqiy asoslarni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan salmoqli hukumatlararo va idoralararo kelishuvlar, mamlakatlarimiz hududlari va muassasalari oʻrtasida hujjatlar imzolanishi koʻzda tutilgan.

2 491
OʻzA