O‘zbekiston Prezidenti Turkmanistonga keldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 17-sentabr kuni Turkmanistonga keldi.
Ashxobod, 17-sentabr. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakir O‘rozov xabar qiladi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 17-sentabr kuni Turkmanistonga keldi.
Ashxobod xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Turkmaniston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Yesinmirat Orazgeldiyev kutib oldi.
Shu yerda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda so‘nggi paytlarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar barcha sohalarda jadal rivojlanib borayotgani qayd etildi. Bunda ikki davlat rahbarlari o‘rtasida qaror topgan yaqin do‘stlik, ishonch va samimiyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oliy darajadagi muloqotlar muntazamlik kasb etgani davlatlararo munosabatlar yuksak darajada ekanidan dalolatdir.
Prezidentimiz Ashxobodda Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlariga ko‘rilgan tayyorgarlik ishlariga yuksak baho berdi.
Turkmaniston Prezidenti Osiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilarga omad tiladi.
Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi.
Davlatimiz rahbari 17-sentabr kuni Ashxobod shahrida o‘tayotgan Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etadi.
Tashrif doirasida Prezidentimiz qator davlatlar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi kutilmoqda.