O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyev bilan uchrashdi
ShHTning Ostona sammiti doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev bilan uchrashdi.
Ostona, 9-iyun. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakir O‘rozov xabar qiladi.ShHTning Ostona sammiti doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev bilan uchrashdi.
Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Prezidenti bilan bu galgi uchrashuvi ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlik aloqalarni kengaytirishda muhim bosqich bo‘lishi, Samarqanddagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni mazmunan boyitishini ta’kidladi.
Almazbek Atamboyev o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining azaliy qardoshlik munosabatlari, urf-odat va an’analari o‘xshashligi o‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirishda muhim omil bo‘layotganini qayd etdi.
Keyingi paytlarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashdi. Davlat rahbarlarining telefon orqali muloqotlari, hukumatlar va hududlar darajasida delegatsiyalar almashinuvi amalga oshirilmoqda. Mamlakatlarimiz jamoatchiligi vakillarining Andijon va O‘sh shaharlariga o‘zaro tashrifi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentlar siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish va ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish masalalarini muhokama etib, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik qator muammolar yuzasidan fikr almashdilar.