O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Prezidenti Rossiya Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

Oʻzbekiston Prezidenti Rossiya Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

Bugun, 2-iyul kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Vladimir Putinni muhim siyosiy tadbir – Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga tuzatishlar kiritish boʻyicha umummilliy ovoz berish jarayoni muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan samimiy tabrikladi.

Prezidentlar fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasining ishtiroki doirasida Moskva shahrida oʻtgan ikki tomonlama uchrashuvning samarali natijalarini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yana-da mustahkamlash, koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish borasida qatʼiy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Boʻlajak oliy darajali tashriflar kun tartibidagi masalalarga, shuningdek, koronavirus infeksiyasi global miqyosda tarqalishining mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha oʻzaro muvofiqlashgan chora-tadbirlarni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Muloqot chogʻida xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi.

Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va doʻstona ruhda oʻtdi.

9 856
OʻzA