Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.02.2017 20:34 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Hukumati raisining o‘rinbosarini qabul qildi

O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Hukumati raisining o‘rinbosarini qabul qildi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-fevral kuni Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Rossiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisining o‘rinbosari Dmitriy Kozakni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari ko‘plab yo‘nalishlarda, xususan, savdo-iqtisodiy sohada izchil rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning 2016-yil 6-sentabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlar faol va samarali amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Bugungi kunda Rossiya O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy sheriklaridandir. 2016-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 4,2 milliard AQSh dollaridan ziyodni tashkil etgan. Tovar ayirboshlash hajmini yanada ko‘paytirish maqsadida O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini "yashil yo‘lak" orqali rossiyalik iste’molchilarga yetkazishni tashkil etishga doir kelishuvlar imzolangan. Joriy yilda Rossiya bozoriga 1 million tonnadan ortiq meva-sabzavotlar, shuningdek, ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan keng turdagi mahsulotlar yetkazib berish mo‘ljallangan.

rasmiy_2677.jpg

Hamkorlikning barcha yo‘nalishlari, shu jumladan, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashdi.

Investitsiyaviy hamkorlik kengayib bormoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida tashkil etilgan 960 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, Rossiyaning 64 yetakchi kompaniyasi vakolatxonalari akkreditatsiyadan o‘tgan.

Neft-gaz sohasi bilan bir qatorda mashinasozlik, metallurgiya, to‘qimachilik sanoati, farmatsevtika, zamonaviy tibbiy uskunalar ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash sohalarida ham yangi investitsiyaviy loyihalar tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda. Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida yangi dastur va bitimlar ishlab chiqilmoqda.

Uchrashuvda iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini yanada diversifikatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida uzoq muddatli amaliy aloqalarni o‘rnatish, shuningdek, yangi qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishda Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya muhim o‘rin tutayotganini qayd etdilar.

D.Kozak samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi bilan keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA
2 572






Все о погоде - Pogoda.uz