O‘zA O`zbek

16.01.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Prezidenti – “Joʻshqin Gujarat” sammiti bosh mehmoni boʻladi

Oʻzbekiston Prezidenti – “Joʻshqin Gujarat” sammiti bosh mehmoni boʻladi

Oʻzbekistonda hind kompaniyalari tomonidan farmatsevtika, yengil sanoat, taʼlim, axborot texnologiyalari va turizm kabi sohalardagi sarmoyaviy imkoniyatlar oʻrganilmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Joʻshqin Gujarat – 2019” xalqaro investitsiya sammitida Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bosh mehmon, shuningdek, Gujaratda boʻlib oʻtadigan yirik investitsiya forumida Hindiston hamkori sifatida ishtirok etadi. 

Ikki kunlik sammit chogʻida Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 yanvar kuni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan muzokaralar oʻtkazadi.

– Prezidentimiz hukumat va biznes delegatsiyalari bilan birgalikda “Joʻshqin Gujarat” sammitida ishtirok etadi, – deb maʼlum qildi Oʻzbekistonning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev.

Oʻzbekistonning nufuzli delegatsiyasi tarkibiga Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, Oʻzbekistonning yirik kompaniyalari va tadbirkorlik subyektlarining 60 nafar rahbarlari kirgan.

Elchining soʻzlariga koʻra, bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning soʻnggi toʻrt oy ichida Hindistonga amalga oshirayotgan ikkinchi tashrifidir. Oʻzbekiston rahbarining 2018 yil oktyabr oyidagi davlat tashrifi Oʻzbekiston – Hindiston munosabatlarida yangi sahifa ochdi, savdo va sarmoyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun zamin yaratdi.

Ikki kunlik sammit asnosida Markaziy Osiyo davlatini hind biznesi uchun yangi sarmoyaviy yoʻnalish sifatida tanishtirish maqsadida yaqinda tashkil etilgan Oʻzbekiston – Hindiston ishbilarmonlar kengashining ilk majlisi oʻtkaziladi.

– Oʻzbekiston investitsiyalar kiritish uchun qulay mamlakat sifatida namoyon boʻlmoqda, shu sababli hindistonlik ishbilarmonlar uni tabiiy resurslarga boy mintaqadagi biznesni kengaytirish markazi sifatida eʼtirof etmoqda, – dedi F.Arziyev. – Iqtisodiyotni liberallashtirish, jadal siyosiy islohotlar va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni ragʻbatlantirish Oʻzbekistonni biznes yuritish va investitsiya kiritish uchun qulay mamlakatga aylantirmoqda.

Sarmoyaviy imkoniyatlar

– Gujarat farmatsevtika sanoati markazi hisoblanadi va bu yerda yetakchi firmalar faoliyat yuritadi. Kompaniyalarimiz savdo va biznesni kengaytirish imkoniyatlarini oʻrganish imkoniga ega boʻlishi uchun Oʻzbekiston bilan Afrika mamlakatlarini taklif etganmiz, – dedi Gujarat bosh kotibi, doktor J.N.Singx. – Farmatsevtika tarmogʻiga investitsiyalarni jalb qilish uchun Andijon viloyatida Oʻzbekiston – Hindiston erkin farmatsevtika zonasi tashkil etilmoqda, ushbu loyiha Oʻzbekiston Prezidentining oʻtgan yilgi davlat tashrifi davomida imzolangan 17 ta bitimdan biridir. 

Oʻzbekistonda 30 yillik muddatda foydalanish va bu muddatni uzaytirish imkoniyati taqdim etilgan 18 ta erkin iqtisodiy zona tashkil etilgan. Ulardan yettitasi farmatsevtika sohasida faoliyat yuritadi.

Sammit ochilgandan soʻng Bosh vazir Narendra Modi tomonidan Oʻzbekiston boʻyicha seminar oʻtkaziladi va unda Andijondagi Oʻzbekiston – Hindiston erkin farmatsevtika zonasiga alohida eʼtibor qaratiladi.

Andijon va Gujarat oʻzaro hamkorlikni seminar davomida imzolanadigan hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum doirasida rivojlantiradi. Oʻzbekiston Prezidentining oʻtgan yilgi tashrifidan soʻng “Joʻshqin Gujarat” sammiti Hindiston va Oʻzbekiston davlat rahbarlarining ikki tomonlama biznes va savdo aloqalarini mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlari amaliyotga tatbiq etilayotgan ilk maydoncha boʻldi. 

– Oʻzbekistonda 45 mamlakat, jumladan, Hindiston uchun ham eng koʻp qulaylik yaratish tartibi joriy etilgan. Doʻstona sarmoyaviy muhit ishonchli huquqiy baza va sarmoyadorlar uchun keng kafolat va imtiyozlar, jumladan, soliq imtiyozlari, qulay shartlarda yer va binolar taqdim etishga asoslanadi, – dedi F.Arziyev.

5 194
OʻzA