O‘zbekiston – Janubiy Koreya hamkorlik forumi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish va “Elektron hukumat”ni joriy etish sohasida O‘zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligi forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish va “Elektron hukumat”ni joriy etish sohasida O‘zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligi forumi bo‘lib o‘tdi.Tadbirda ikki mamlakatning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari, mas’ul xodimlari, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, savdo, sarmoya, iqtisodiyot, arxiv, intellektual mulk, ta’lim, sud-huquq kabi sohalarga ixtisoslashgan vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari, ilmiy tadqiqot markazlari vakillari, yetakchi ekspertlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov, tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Mannon Aliyev, Koreya Respublikasi davlat boshqaruvi va ichki ishlar vaziri Xon Yun Suk, Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U va boshqalar O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar asosida har tomonlama rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. O‘zaro manfaatli aloqalar barcha sohalarni qamrab olgan. Xususan, turli jabhalarga yuqori texnologiyalarni joriy etish borasida faol hamkorlik qilinmoqda. Janubiy Koreya mutaxassislari va ishbilarmonlari ishtirokida mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlari, davlat boshqaruvi tizimiga zamonaviy texnologiya va nou-xaular joriy etilib, ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar sohasini rivojlantirish, “Elektron hukumat” tizimini keng joriy etishda Janubiy Koreya bilan hamkorlik qilinayotgani bejiz emas. Zero, Koreya Respublikasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida dunyoda yetakchi mamlakatlardan hisoblanadi. Janubiy Koreyaning yalpi ichki mahsulotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining ulushi 11,8 foizdan ziyodni tashkil etadi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda mazkur soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq bunga huquqiy asos yaratildi. 2013-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi asosida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Barcha sohalarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari izchil joriy qilinmoqda. Axborot resurslari, tizimlari va tarmoqlarining yaratilishi jadallashib, aholi va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari soni va sifati oshmoqda.
Bu jarayonlarning barchasini o‘zida jamlagan “Elektron hukumat” tizimi davlat va jamiyat o‘rtasidagi aloqalarning muhim vositasiga aylanayotir. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuridik va jismoniy shaxslarga ko‘rcatilayotgan xizmatlar salmog‘i oshib bormoqda. Bu jarayonda kommunikatsiya tarmoqlari texnik va texnologik qayta jihozlanib, interaktiv xizmat ko‘rsatish sifati sezilarli darajada yaxshilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan Koreya Respublikasi Fan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kelajakni rejalashtirish vazirligi o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzurida “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi tashkil etilgan. Mazkur markaz axborotlashtirish milliy tizimi shakllanishida muhim o‘rin tutmoqda. Janubiy koreyalik mutaxassislar yurtimizda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishga ko‘maklashmoqda. Sohada o‘zaro tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgani o‘z samaralarini bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida ta’lim xalqaro standartlarga muvofiq, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va innovatsiya texnologiyalari asosida olib borilmoqda. Akademiya ko‘plab davlatlar qatori Janubiy Koreyaning ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik qilmoqda.
Toshkent shahrida faol va samarali ish yuritayotgan Janubiy Koreyaning Inxa universiteti filialida talabalar dasturiy ta’minot mahsulotlari ishlab chiqarish, axborot tizimlari va komputer tarmoqlarini boshqarish bo‘yicha xalqaro standartlar darajasida ta’lim olmoqda. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzurida “Elektron hukumat” o‘quv markazi, O‘zbekiston – Janubiy Koreya axborot texnologiyalari markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2012-yilning oktabridan axborotlashtirish sohasida O‘zbekiston – Janubiy Koreya kengashi faoliyat yuritmoqda.
Forumda mehmonlarga mamlakatimizda “Elektron hukumat”ni joriy etish va davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, AKT sohasini rivojlantirish, bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Janubiy koreyalik mutaxassislar O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, texnologiyalar va infratuzilmalarni rivojlantirish, sohada kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish borasida olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi.
– O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklik tobora mustahkamlanib borayotgani bizni g‘oyat quvontiradi, – dedi Xon Yun Suk. – Oliy darajadagi uchrashuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning izchil rivojlanishida muhim omil bo‘lmoqda. Tashrifimiz doirasida “Navoiy” intermodal logistika markazida bo‘lib, O‘zbekistonning iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotganiga guvoh bo‘ldik. Mazkur forum davlat boshqaruvi sohasida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va uni yanada rivojlantirish, sohaning turli yo‘nalishlari bo‘yicha fikr va tajriba almashish, nou-xaularni joriy etish, mamlakatlarimiz iqtisodiy qudratini yanada oshirishga xizmat qiladi. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan mamlakatingiz davlat mustaqilligining 25-yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Forumda mamlakatimizda davlat boshqaruvi sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu borada Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasidan foydalanilayotgani qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari davlat boshqaruvi sohasini yanada rivojlantirish, “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish, elektron hujjat va axborot almashish, arxiv hujjatlarini saqlash, raqamlashtirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashdi.
O‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
“O‘zarxiv” agentligi bilan Koreya Respublikasi Milliy arxivi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Koreya Respublikasi davlat boshqaruvi va ichki ishlar vaziri Xon Yun Sukka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining Faxriy doktori unvoni topshirildi.
Koreya Respublikasi delegatsiyasi mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida ham muzokaralar o‘tkazdi.