O‘zA O`zbek

28.09.2018 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston – Hindiston munosabatlari: qadim tarix va istiqbolli hamkorlik

Oʻzbekiston – Hindiston munosabatlari: qadim tarix va istiqbolli hamkorlik Doʻstlik, ishonchli hamkorlik, ming yillik tarixiy-madaniy, maʼnaviy rishtalar. Oʻzbekiston – Hindiston munosabatlari haqida soʻz borganda ana shunday taʼrif beriladi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida asrlar osha davom etib kelayotgan hamkorlik bugun ham koʻplab sohalarda izchil rivojlanmoqda.

Toshkent davlat sharqshunoslik institutida boʻlib oʻtgan “Oʻzbekiston – Hindiston munosabatlari: qadim tarixdan bugungi kunga qadar” mavzuidagi xalqaro seminarda bu jihat yana bir bor qayd etildi.

Tadbir Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda davlat idoralari, diplomatik korpus, ilmiy doiralar, doʻstlik jamiyatlari vakillari, hindshunos olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Anjumanda Oʻzbekiston va Hindistonni tarixiy, madaniy aloqalar bogʻlab turishi, urf-odat, anʼanalarda mushtarak jihatlarning mavjudligi ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish imkonini berayotgani taʼkidlandi. Bu, oʻz navbatida, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni konstruktiv ruhda va izchil rivojlantirishga xizmat qilayotir.

Hindiston mamlakatimiz mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olgan va Oʻzbekistonning ichki, shu bilan birga tashqi siyosatdagi ustuvor pozitsiyasini faol qoʻllab-quvvatladi. Toshkentda 1992 yilda diplomatik munosabatlarni oʻrnatish haqidagi protokol imzolanishi fikrimizga misol boʻla oladi. Shu zayl ikki mamlakat aloqalarida yangi sahifa ochildi.

Oʻtgan davr mobaynida ikki tomonlama yuqori darajadagi tashriflar, parlamentlararo hamkorlik, doʻstlik jamiyatlarining madaniy-gumanitar sohadagi muloqotlari faol ruhda olib borildi. Meʼmorlik anʼanalarini asrab-avaylash, adabiy meros va xalq ogʻzaki ijodida uygʻun jihatlarni keng targʻib qilish ishlari xalqlarimiz yaqinligini taʼminlashning muhim omiliga aylandi.

Bugun ham mamlakatlarimiz oʻrtasida farmatsevtika, tibbiyot, axborot texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi, turizm, taʼlim va madaniyat, kadrlar almashinuvi kabi sohalarda samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, bu boradagi ijobiy tajribani oʻrganishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Tashqi siyosatning dolzarb masalalari haqida soʻz borganda Oʻzbekiston – Hindiston qarashlarining yaqin ekanini taʼkidlash oʻrinli. Hukumatlararo komissiya yigʻilishlari muntazam tashkil etib kelinayotgani mintaqaviy va global masalalar boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish, xavfsizlikni taʼminlash va tinchlikka erishish yoʻlidagi yakdil qarashlarni shakllantirish imkonini bermoqda.

– Xalqlarimizning doʻstlik aloqalari tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi, – dedi Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi maslahatchisi Shipra Gosh. – Buyuk ipak yoʻlining Oʻzbekiston va Hindiston boʻylab oʻtishi natijasida nafaqt savdo-iqtisodiy, balki madaniyatlar oʻrtasida ham almashinuvlar yuz berdi. Mustaqillik yillarida oʻzaro munosabatlarimiz yangi mazmun bilan boyidi. Xalqlarimiz boburiylar yaratib ketgan tarix haqida, bugungi samarali hamkorlik haqida birdek faxrlanib gapiradi. Mazkur tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifi arafasida oʻtayotganing ham ramziy maʼnosi bor. Zero, intiqlik bilan kutilayotgan ushbu tashrif xalqlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishdek umumiy va mushtarak maqsadlarga xizmat qiladi.

Xalqaro seminarda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida madaniy almashuvlarni yoʻlga qoʻyishda muhim ahamiyat kasb etayotgan “Oʻzbekiston – Hindiston” doʻstlik jamiyati, Lal Bahodur Shastri nomidagi hind madaniyati markazi faoliyati, Oʻzbekistonda taʼlim, iqtisodiyot, sanoat sohasini isloh qilishda milliy va Hindiston tajribasi kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Yurtimizda sogʻliqni saqlash tizimida yuqori va sifatli tibbiy xizmatni tashkil qilishda Hindiston bilan hamkorlik, oʻzbek va hind tillarini oʻqitishdagi ijobiy tendensiyalar, badiiy tarjima va maʼrifiy munosabatlar haqidagi maʼruzalar tinglandi.

3 999
Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA