O‘zA O`zbek

19.05.2019 10:38 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston-Finlyandiya siyosiy maslahatlashuvlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston-Finlyandiya siyosiy maslahatlashuvlari toʻgʻrisida
2019-yilning 16-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Oʻzbekiston-Finlyandiya siyosiy maslahatlashuvlarining sakkizinchi raundi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Dilshod Axatov, Finlyandiya tomoniga TIVning Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha departamenti Bosh direktori Maymo Henriksson rahbarlik qildilar.

Muloqot chogʻida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar kun tartibi, shuningdek, “Oʻzbekiston - Yevropa Ittifoqi” shaklidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, tomonlar oʻzaro manfaatli barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyatga ega va ikki tomonlama aloqalarni kengaytirishga tayyor. 

photo_2019-05-19_10-39-34.jpg

Shu nuqtayi nazardan, soʻnggi yigʻilishi 2002-yilda boʻlib oʻtgan savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyasining faoliyatini qayta tiklash taklifi koʻrib chiqildi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy masalalarning muhim jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralarda Finlyandiyaning Elchisi Mariya Elina Liivala ishtirok etdi.

OʻzA
2 617