O‘zA O`zbek

07.06.2019 21:44 Chop etish versiyasi

Nurlan NIGMATULIN: Oʻzbekistondagi ijobiy oʻzgarishlar xalqingizning farovon hayot kechirishiga xizmat qilyapti

Nurlan NIGMATULIN: Oʻzbekistondagi ijobiy oʻzgarishlar xalqingizning farovon hayot kechirishiga xizmat qilyapti

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-iyun kuni Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Nurlan Nigmatulin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Qabuldan soʻng Nurlan Nigmatulin OʻzA muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi:

– Soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatingizda keng koʻlamda olib borilayotgan muvaffaqiyatli islohotlar, erishilayotgan ulkan yutuqlarga guvoh boʻlyapmiz. Iqtisodiyot, taʼlim, sogʻliqni saqlash, moliya kabi sohalarda yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar oʻzbek xalqining farovonligini yuksaltirishga xizmat qilyapti.

Parlamentlararo hamkorligimiz ushbu ezgu intilishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, xususan, Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi hamkorlikka yangi surʼat baxsh etishga xizmat qiladi. Bu borada birinchi galdagi vazifamiz esa ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuv va muloqotlari chogʻida erishilgan barcha strategik kelishuvlarni hayotga tatbiq etishda qonun ustuvorligini taʼminlashdan iborat.

Shu oʻrinda ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarining joriy natijalarida Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xizmatlarini alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Zero, ular tashabbuslari va saʼy-harakatlari bilan oʻzaro munosabatlarning mutlaqo yangi davri boshlandi.

Bundan buyon ham mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ishonch ruhidagi sheriklik barcha sohalarda izchil rivojlanishiga ishonamiz.

Z. JONIBEKOV, Otabek MIRSOATOV olgan suratlar, OʻzA
3 516