O‘zA O`zbek

23.03.2020 Chop etish versiyasi

Neft bozoridagi shaxmat oʻyini. Hakam – koronavirus

Neft bozoridagi shaxmat oʻyini. Hakam – koronavirus

Rossiya va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi “ishonchsiz” ittifoq, mart oyining boshida oʻz nomini oqladi va eng noqulay paytda darz ketdi. 6-mart kuni Rossiya Energetika vaziri Aleksandr Novak, Vena shahrida boʻlib oʻtgan OPEK+ yigʻilishida, 1-apreldan boshlab kvotalar va ishlab chiqarishni qisqartirish bekor qilinishini eʼlon qildi va bu orqali barcha prognozlarni buzib tashladi. Saudiya Arabistoni esa oʻz navbatida bunga bir kun ichidayoq dahshatli munosabat bildirdi.


Saudiya Arabistonining Aramco kompaniyasi, turli bozorlarda sotadigan neft narxlarini keskin pasaytirib yubordi: oʻrtacha eng ommabop neft uchun pasayish, Yevropada bir barrel uchun 8 dollarni, AQSH uchun 7 dollarni va Osiyo mintaqasi uchun 6 dollarni tashkil qildi. 9-mart kuni bozorlar Brent va WTI neft markalari uchun taxminan 30% pasayish bilan ochildi, qulashlar kun davomida yengil kechgan boʻlsada, umumiy jihatdan 20% ga arzonlashdi va oʻsha kuni Brent markasidagi bir barrel neft uchun 37 dollarni tashkil etdi. Ammo bugungi kun holatiga Brent — 26,92 dollar, WTI esa 23,14 dollargacha tushib ketdi.

Oʻyin arafasida

Rossiyaning qarori barcha tahlilchilarni va eng muhimi, yigʻilish ishtirokchilarini hayratda qoldirdi. Ayniqsa, Saudiya Arabistonining yangi neft vaziri, ishlab chiqarishni qisqartirish uchun bir necha oʻn yillab kurashgan OPEK faxriysi qirol Salmonning oʻgʻli Abdulaziz bin Salmonning kayfiyati sovuq edi.

Ammo barchaga maʼlum ediki, Rossiya neft sanoatining bir qismi, bir necha oylar davomida ishlab chiqarishni qisqartirishdan, yangi loyihalar boʻyicha investitsiya rejalarini keyinga surishdan shikoyat qilib kelgan. Ular va “Rosneft” kompaniyasining rahbari, Putinning asosiy ittifoqchisi boʻlgan qudratli Igor Sechin oʻrtasida keskin tanglik boʻlgan, ammo hech kim bunday radikal qarorni kutmagan edi.

Hozirgacha Rossiya bunday uchrashuvlarni keyinga qoldirish yoki ularning oʻtkazilishiga yoʻl qoʻymaslik kabi manevrlarni afzal koʻrib kelardi. Kuniga qoʻshimcha 2,1 million barrelgacha qisqartirish zarurligiga shubha qilish yoki Saudiya Arabistoni talab qilganidan ancha past miqdorda qisqartirishni afzal koʻrish va hatto oʻzlarining majburiyatlarini kamaytirib, saudiyaliklar yelkasiga ishlab chiqarishni qisqartirishning asosiy yukini qoldirar edilar. Uch yildan ortiq vaqt davomida neft narxlarini barcha tomonlar uchun maqbul darajada ushlab turishga qodir boʻlgan munosabatlarning buzilishi, hech kim kutmagan natija boʻldi.

Rossiya yurishni birinchi boshladi

Bir necha oylar davomida Rossiyaning shartnomadan chiqish strategiyasi haqida turli mish-mishlar yurdi. Vaqtni, shakllarni va istiqbollarni hisobga olgan holda, qanday qilib ishlab chiqarishni qisqartirishni, narxlarga juda katta taʼsir qilmaydigan tarzda rad etish kerakligi borasidagi oʻylar Kremlni anchadan beri band etib kelardi. Rossiyaning barcha yoʻnalishda izchil qaror qabul qilganligini inkor etish ham mumkin emas: neft savdosi uchun eng yomon vaqt boʻlmish koronavirus inqirozi natijasida yuzaga kelgan neftga talabning keskin pasayish foni, saudiyaliklarni “popugini pasaytirib qoʻyish” va OPEK+ ning kelgusida qayta ishga tushirish umidlarini jiddiy ravishda pasaytirish. Rossiyaning nima uchun aynan hozir neft qazib olishni qisqartirish va kvotalarni toʻxtatishni xohlab qolganini izohlashi mumkin boʻlgan elementlardan biri, Rossiya va Saudiya oʻrtasidagi munosabatlarda hamisha uchinchi tomon boʻlib kelgan AQSHga nisbatan taʼsirdir. AQSH tomonidan (Qrim voqealari ortidan) Kremlning energiya sektoriga qarshi bir qator sanksiyalar amalga oshirilgan edi, jumladan “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri va “Rosneft”ga nisbatan. (uning AQSH sanksiyalariga qaramay, Venesuelaning milliy neft kompaniyasi PDVSA ga yordam bergani uchun) Kreml “ushbu sanksiyalarga javob qaytarish vaqti keldi” degan xulosaga kelgan boʻlishi mumkin. Rossiyaning ushbu harakatlari, Amerika neft sanoatining ham qiyin davrlariga toʻgʻri kelmoqda, koʻp kompaniyalar moliyalashtirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda va uzoq vaqt davomidagi neftning past narxlari, yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi mumkin.

Saudiya Arabistonidan gambit.

Saudiya Arabistonining reaksiyasini ham tushunish oson emas. Gambit — bu shaxmatda juda yuqori baholanadigan strategiya, ammo u juda kamdan-kam hollarda amalga oshiriladi. Hozirgi paytdagi koronavirus tufayli neftga talab pasayishi fonida neft kompaniyalari bilan sodir boʻlayotgan “urush” strategiyasini aynan gambitga qiyoslashimiz bejiz emas. Sudiya bu partiyada darhol va ochiqchasiga Rossiya va AQSH bilan narxlar urushiga kirib, neft narxini oʻtgan asrlardagi darajalarga tushirishi mumkin. Saudiya Arabistonining Rossiya strategiyasiga nisbatan qattiq javob berish zaruratini, koronavirus sababli AQSHning juda barqaror ishlab chiqarishida qisman yorilishlar paydo boʻlishi ehtimoli bilan bogʻlash mumkin. Asosiy vazifa esa — Osiyo bozorlaridagi bozor ulushi uchun kurashishdir. Koronavirus paydo boʻlishidan oldin, Saudiya Arabistonining asosiy neft bozori Osiyo edi, u neft eksportining 70% dan koʻprogʻini tashkil qilgan, Yevropa 10% ni, AQSH esa atigi 3% ni tashkil etgan.

Shunday qilib, Osiyo Saudiyaliklar, Ruslar va Amerika neftchilari oʻrtasidagi tortishuvlarning asosiy sababchisi va oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda maʼlum oʻsish potensialiga ega boʻlgan yagona bozordir. Yevropa Rossiyadan olinadigan energiya importini diversifikatsiyalashga, shuningdek yangi energiyaga oʻtish va dekarbonizatsiya jarayonlariga tayanib, Rossiyani yangi bozorlarni izlashga majbur qilmoqda. Amerika Qoʻshma Shtatlari esa neft bilan nafaqat oʻzini oʻzi taʼminlaydi, balki uni Osiyoga eksport qilishni ham boshladi. Aslida, savdo urushining oldini olish uchun Xitoy, Tramp maʼmuriyati bilan tuzgan kelishuvlari orqali tobora koʻproq neftni import qilishni oʻz zimmasiga olgan edi. Ammo Osiyoning talabiga koronavirus jiddiy taʼsir koʻrsatdi, shuning uchun Rossiya ham, saudiyaliklar ham uni saqlab qolishning yagona yoʻli narxlarni pasaytirish va raqobatchilar hisobidan, bozordagi ulushni olish degan xulosaga kelishgan koʻrinadi. Muammo shundaki, ular buni eng yomon yoʻl bilan amalga oshirdilar: kutilmaganda, tartibsiz va uchinchi tomonlarning zarariga. Bu esa nafaqat ishtirokchilar oʻrtasida, balki global iqtisodiyotda ham katta buzilishlarni keltirib chiqarmoqda.

Seytnot

Qisqa xulosa qiladigan boʻlsak, neft sohasidagi koronavirus inqirozini davolash uchun Rossiya va Saudiya Arabistoni tomonidan belgilangan dorining oqibatlari, kasallikning oqibatlariga qaraganda yomonroq va uzoqroq boʻlishi mumkin.

7 883
OʻzA