Narimon Umarovning Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 17-fevral kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 17-fevral kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 5-Navoiy okrug saylov komissiyasining raisi O‘.Mavlonov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili G.Sattorova yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzodning saylovoldi dasturida sotsial-demokratiyaning an’anaviy qadriyatlariga tayangan holda aholi turli ijtimoiy guruh va qatlamlarining turmush sifati va darajasini oshirishga xizmat qiladigan iqtisodiyotning ijtimoiy yo‘naltirilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Ayniqsa, innovatsion iqtisodiyot masalasiga urg‘u berilgan. Ya’ni, faqat yangi texnologiyaga asoslangan iqtisodiyotgina davlatimiz qudratini oshirishi, ijtimoiy sohaning taraqqiy etishiga xizmat qilishi qayd etilgan. Iqtisodiyot, fan va texnikaning eng zamonaviy yutuqlariga, shuningdek, ilg‘or innovatsion tafakkurni tarbiyalaydigan ta’lim tizimiga tayanish zarurligi belgilangan.
Uchrashuvda Qiziltepa tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash, tashkil etish bo‘limi mudiri R.Aslonova, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Sh.Vafoyev va boshqalar nomzodning dasturi va unda ilgari surilgan vazifalar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Saylovchilarni 2015-yil 29-mart kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.