Mudofaa tizimidagi islohotlardan maqsad mamlakatimiz xavfsizligi va xalqimiz tinchligini taʼminlashdir
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni Chirchiq dala oʻquv maydonida yuqori darajadagi jangovar shaylikka keltirilgan boʻlinmalarning maxsus-taktik mashqlarini kuzatdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni Chirchiq dala oʻquv maydonida yuqori darajadagi jangovar shaylikka keltirilgan boʻlinmalarning maxsus-taktik mashqlarini kuzatdi.Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 10-yanvar kuni oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida soʻzlagan nutqida mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada yuksaltirish, milliy armiyamiz jangovar shayligini oshirish borasidagi ishlar haqida toʻxtalar ekan, oldinda turgan muhim vazifalarni ham sanab oʻtgan edi.
Jumladan, qoʻshinlar istalgan daqiqada oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarishga qodir boʻlishi kerak. Ular jangovar tayyorgarlikning yangi tizimi boʻyicha muntazam shugʻullanib borishi, barcha harbiy xizmatchilar haqiqiy professional kadr boʻlishi uchun oʻz sohasini puxta egallashi shart ekani taʼkidlangan edi.
Berilgan topshiriqlar asosida jangovar tayyorgarlik uchun muntazam shugʻullanish, harbiy xizmatchilarning kasb malakasini oshirish va oʻz yoʻnalishi boʻyicha vazifalarni aniq bajarishiga erishish uchun keng koʻlamli chora-tadbirlar koʻrildi. Jangovar tayyorgarlik dasturlari qayta koʻrib chiqildi, bunda, avvalo, harbiy xizmatchilarning ruhiy jihatdan chidamli boʻlishiga eʼtibor qaratildi. Qoʻshinlarni eng zamonaviy turdagi harbiy texnika va qurol-yarogʻ bilan taʼminlash choralari koʻrildi. Bularning barchasi butun dunyoda, jumladan, yon-atrofimizda xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi tobora ortib borayotgan bir vaqtda, ehtimoliy tahdidlarga qarshi munosib zarba berishga tayyor boʻlishimiz, Oʻzbekistonning tinch va barqaror rivojlanishini taʼminlash maqsadida amalga oshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev koʻrsatmasiga binoan, Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining jangovar tayyorgarligini tekshirish uchun joriy yil 26-noyabr erta tongda qoʻshinlar “Trevoga!” signali bilan yuqori jangovar shaylik holatiga keltirildi.
Toʻsatdan tekshiruvning asosiy maqsadi – joriy yil davomida Mudofaa vazirligi qoʻshinlari va boshqaruv organlarida amalga oshirilgan ishlarni baholash hamda tahlil qilishdan iborat edi. Hozirga qadar Oʻzbekiston armiyasida bu kabi tekshiruv oʻtkazilmagan.
Signaldan soʻng Mudofaa vazirligi markaziy apparati, barcha harbiy okrug va boʻlinmalarda zarur tashkiliy ishlar amalga oshirildi. Harbiy poligonlarda bir nechta maxsus-taktik mashgʻulotlar oʻtkazish uchun qoʻshinlar kolonna boʻlib chiqib ketdi.
Bunda asosiy eʼtibor qoʻshinlarni barqaror va uzluksiz boshqarishni tashkil etish va qoʻllab-quvvatlashga qaratildi. Tekshiruvning barcha bosqichlarida xavfsizlik qoidalariga, harbiy texnika va qurollarning sozligiga qatʼiy rioya qilinyapti. Toʻsatdan tekshiruv davomida maxsus tuzilgan idoralararo ishchi komissiya qoʻshinlar harakatini nazorat qilib, tahlil etib bormoqda.
Yuqori darajadagi jangovar shaylikka keltirilgan boʻlinmalarning ehtimoliy xavfni qaytarishga doir maxsus-taktik mashqlari Chirchiq dala oʻquv maydonida ham oʻtkazildi.
Mashgʻulotlar shartiga koʻra, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarish, iqtisodiyot tarmoqlari, oʻta muhim obyektlar, aholining ommaviy yigʻilish joylarida qoʻporuvchilik aktlari sodir etish hamda shaharlar va aholi yashash punktlarida ommaviy tartibbuzarliklar keltirib chiqarishni maqsad qilgan, davlat chegarasiga yaqin harakatlanayotgan shartli dushmanni aniqlash va yakson qilish mashqlarida havo-desantchilari, artilleristlar, moto-oʻqchilar, tankchilar, maxsus operatsiya kuchlari hamda Harbiy-havo kuchlari boʻlinmalari qatnashdi.
Shartli dushman bazalariga va u joylashgan hududlarga Harbiy-havo kuchlari tarkibidagi MiG-29 va Su-25 qiruvchi samolyotlari, Mi-24 vertolyotlaridan zarbalar berildi. Chalgʻituvchi harakatlarni amalga oshirgan holda, davlat chegarasini yorib oʻtishga faol kirishgan shartli noqonuniy toʻdalarni artilleriya divizioni yordamida yakson etishga qaror qilindi.
Shundan keyin jang maydonida tankchilar boʻlinmasi paydo boʻldi. Ular tank biatlonida qoʻllaniladigan “Suvli toʻsiq”, “Eskarp” va “Tirsakli koʻprik”dan mohirona oʻtib, belgilangan marrani egallab, “Tank karuseli” jang usulini qoʻlladi.
Mudofaa operatsiyasi davomida shartli ogʻir yaralangan harbiy xizmatchilarni jang maydonidan olib chiqish, vertolyotda evakuatsiya qilish jarayoni namoyish etildi.
Eng zamonaviy turdagi jangovar vertolyotlar shaxsiy tarkibni belgilangan hududga desant usulida yetkazdi. Parashyut-desant bataloni marralar oraligʻidan suqilib kirgan shartli dushmanni umumqoʻshin zaxira kuch va vositalari bilan yakson qilish vazifasini muvaffaqiyatli bajardi.
Maxsus-taktik mashgʻulotlar harbiylarimizning yuksak professional mahoratini, yuqori jangovar shayligini, bir tanu bir jon boʻlib harakatlanishini namoyon etdi.
Mashgʻulotlarni harbiy-maʼmuriy sektorlar, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ham kuzatib bordi.
Prezidentimiz poligon yonidagi harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, qurol-aslaha va texnikani koʻzdan kechirdi. Mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlardan maqsad mamlakatimiz xavfsizligini mustahkamlash, xalqimiz tinchligini taʼminlash ekanini taʼkidladi.
Professionalligi bilan alohida namuna koʻrsatgan polkovnik Qodir Tursunovga avtomashina, bir guruh harbiy xizmatchilarga planshetlar sovgʻa qilindi. Shu yerda harbiy-maʼmuriy sektorlar, vazirlik va idoralar rahbarlari bilan yigʻilish oʻtkazildi.
Shu kuniQurolli Kuchlar akademiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonni rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha masalalar qatori harbiy qurilish sohasida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
Xavfsizlik kengashining joriy yil 10-yanvarda boʻlib oʻtgan majlisida belgilab berilgan yoʻnalishlar hayotga tatbiq etildi. Qurolli Kuchlarni isloh qilish va rivojlantirishga qaratilgan 46 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Oʻtgan qisqa vaqtda harbiy qismlarning tuzilmalari toʻliq yangilandi. Samarasiz va bir-birini takrorlaydigan harbiy qismlar qisqartirildi. Natijada qoʻshinlarni saqlab turishga ketadigan xarajatlar kamaydi. Oziq-ovqat bilan taʼminlashda autsorsing tizimi joriy etildi. Bu harbiy boʻlinmalar jangovar tayyorgarligini oshirish, vaqt koʻrsatkichlarini ikki barobar qisqartirish imkonini berdi.
Mamlakatimiz armiyasi qurolli kuchlar qudrati boʻyicha dunyo reytingida bir yilda 9 pogʻonaga koʻtarilgani, Buyuk Britaniyada oʻtkazilgan nufuzli “Kembriya patruli” tanlovida harbiylarimiz 90 mamlakatdan ishtirok etgan 123 jamoa orasida birinchi oʻrinni egallagani bu boradagi ishlar toʻgʻriligini yaqqol isbotlaydi.
Armiya va xalq birligini taʼminlash maqsadida barcha hududlarda harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etildi va ular samarali faoliyat yuritmoqda. Birinchi marta davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlari, viloyat hokimlari va ularning oʻrinbosarlari ishtirokida yigʻinlar oʻtkazildi.
Sohaga ixtisoslashgan korxonalarni birlashtiradigan Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi tashkil etildi.
Harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari va soha faxriylarini ijtimoiy himoyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bugunga qadar harbiy xizmatchilarga 56 ta uy topshirildi. 1 ming 500 dan ziyod harbiylar uy-joy bilan taʼminlandi. Yana 74 ta uy qurilishi davom etmoqda.
Yigʻilishda mamlakatimiz harbiy qudratini yanada mustahkamlash, mudofaa sanoati va harbiy taʼlimni rivojlantirish, qurol-aslaha va harbiy texnikalarni modernizatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali qoʻshinlarni boshqarish tizimini takomillashtirish masalalari tahlil qilindi.
Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashi yigʻilishida yoshlarda harbiy-vatanparvarlik ruhini mustahkamlash masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.
Askarlar, harbiy xizmatchilar mamlakatimizning shonli tarixini, ona zaminimizda yashab oʻtgan buyuk qahramonlar, sarkarda va qoʻmondonlar hayoti va jasoratini chuqur bilishi, ular bilan gʻururlanishi lozimligini taʼkidladi.
– Mana, Amir Temur bobomiz bilan hammamiz faxrlanamiz. Lekin, xolisona aytaylik, ulugʻ Sohibqironning “Tuzuklar”ini qancha askar oʻqigan, – deya savol qoʻydi Shavkat Mirziyoyev. – Yoki buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining hayoti va harbiy mahorati haqida hamma ham yetarli bilimga egami? Vaholanki, bu ajdodlarimizning gʻalabalari, strategiya va taktikalarini dunyodagi koʻplab harbiy maktab va akademiyalarda bugun ham oʻrganishadi.
Davlatimiz rahbari askarlar harbiy qasamyod qabul qilishdan oldin albatta, Oʻzbekiston tarixi va “Temur tuzuklari” fanidan sinov topshirishi kerakligini qayd etdi. Ilgʻor harbiy qismlarga ulugʻ sarkardalarimizning nomini berish, mohir lashkarboshi bobolarimiz haqida ilmiy tadqiqotlar, badiiy kitoblar, kinolar yaratishga koʻrsatma berdi.
Mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligini ishonchli taʼminlash bilan bevosita bogʻliq boʻlgan harbiy taʼlim masalasiga birinchi darajali eʼtibor qaratish, maktablardagi harbiy tayyorgarlik darslariga shu hududda xizmat qilayotgan, yuksak insoniy va kasbiy xususiyatlarga ega jangovar ofitserlarni jalb etish, oʻquvchilarni harbiy qismlarga olib borish va xizmat jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.