Mening ovozim – mening Prezidentim
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida 555 mingdan ziyod yoshlar birinchi marta ovoz bermoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida 555 mingdan ziyod yoshlar birinchi marta ovoz bermoqda
Mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning «Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va, albatta, baxtli bo‘lishlari shart» degan g‘oyasi yagona umummilliy maqsadga aylandi. Bugun bu ulug‘ ishlar katta g‘ayrat-shijoat bilan izchil davom ettirilayotgani uchun ham yoshlarimiz mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarda faol qatnashmoqda.
Bu jihatlar, bugun el-yurtimiz hayotidagi muhim siyosiy imtihon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida yana bir bor o‘z isbotini topdi: saylov kunigacha 18 yoshga to‘lgan 555 mingdan ziyod yoshlarimiz Konstitutsiyamizda belgilangan saylash huquqidan foydalanib, ilk marotaba ovoz bermoqda.
Turli sohalardagi yutuqlari bilan tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak-ibrat bo‘lib kelayotgan ayrim o‘g‘il-qizlar bilan onlayn bog‘lanib, ularning ilk saylovidagi taassurotlari bilan qiziqdik.
Buxoro davlat universiteti talabasi, badiiy gimnastika bo‘yicha uch karra O‘zbekiston chempioni, sport ustasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Gulnoza Aliyeva ham minglab tengqurlari qatori 4-dekabr sanasini intizorlik bilan kutdi.
– Mustaqillik bergan imkoniyatlar tufayli O‘zbekiston yoshlari bugun barcha sohada bo‘lgani kabi sportda ham katta yutuqlarga erishib, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarmoqda, – deydi G.Aliyeva. – Bugun Buxoro shahridagi 13-saylov uchastkasida el-yurtimiz manfati yo‘lida kurashadigan, eng muhimi, yoshlarga g‘amxo‘rlik qilib, hamisha bizni qo‘llab-quvvatlaydigan insonni – o‘zim munosib topgan nomzodga ovoz berdim. Mening tanlovim ham mamlakatimiz va xalqimizning ertangi taqdirini belgilashga xizmat qilishi mening hayotda va jamiyatda munosib o‘rin topishimda katta rol o‘ynaydi.
– Ushbu saylov mening hayotimda katta ahamiyatga ega bo‘lgani uchun unga alohida tayyorgarlik ko‘rdim: Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan tanishdim, viloyatlarda o‘tgan uchrashuvlarni kuzatdim, hozirgina Asaka tumanidagi 219-saylov uchastkasida ovoz berib chiqdim, – deydi Andijon davlat universtiteti talabasi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Sevara Foziljonova. – Saylov byulletenida o‘zim tanlagan nomzodni belgilar ekanman, mening ovozim mamlakatimizning ertangi taraqqiyoti va xalqimiz farovonligining yana ham yuksalishida ahamiyatli ekanini o‘ylab, ich-ichimdan faxrlandim.
Bu yil Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Ahror Nizomov uchun nihoyatda omadli bo‘ldi: Belarusda fortepyano bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tanlovda 2-o‘rinni oldi, Rossiya va Xitoydagi xalqaro festivallarda g‘olib chiqdi.
– Yakkabog‘ tumanidagi 673-saylov uchastkasi erta tongdan gavjumligi, ular orasida yoshlar ham ko‘pligini ko‘rib, tengdoshlarim bu siyosiy jarayonda faol qatnashayotganidan xursand bo‘ldim, o‘zaro suhbatlarda nomzodlarning saylovoldi dasturlari, el-yurtimizning ertangi taqdiri aynan bugun tanlanadigan nomzodga bog‘liq ekani haqida gap borarkan, yanada ruhlanib ketdim, – deydi A.Nizomov. – Saylovda qatnasharkanman, mening ovozim mamlakatimiz kelajagi taqdirida aks etishini yurakdan his etdim, yorug‘ istiqbolimiz uchun ovoz berdim.
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti talabasi Bobur Boltayev 2014-yili Moskvada o‘tkazilgan 48-Mendeleyev olimpiadasi, 2014-yil Vetnamda va 2015-yil Ozarbayjonda kimyo fanidan o‘tkazilgan jahon olimpiadalarida bronza medali sohibi bo‘lgan. Bugun Bobur Qibray tumanidagi 358-saylov uchastkasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ilk marotaba ovoz berdi.
– Milliy saylov qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan batafsil tanishdim, ular ilgari surayotgan dasturiy vazifalarni o‘rgandim, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining “Mening ovozim – Vatanim kelajagi” mavzuidagi onlayn muloqotida qatnashdim, – deydi B.Boltayev. – Bundan tashqari, matbuot, televideniye va internet orqali saylov jarayoniga bog‘liq yangiliklarni muntazam kuzatib borishga harakat qildim. Bugun bir qarorga kelib, o‘zim munosib topgan nomzodga ovoz berdim.
– Mamlakatimizda yoshlarga yaratilgan shart-sharoitlar samarasida “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivali, “Yurt kelajagi” tanlovining mamlakat bosqichlarida, yengil atletika, shaxmat-shashka bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda o‘tgan musobaqalarda g‘olib bo‘ldim, uch kitobim nashrdan chiqdi, – deydi Qoraqalpoq davlat universiteti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi Ayjamal Karamatdinova. – Kegeyli tumanidagi 194-saylov uchastkasiga kirib borarkanman, «agar mustaqillik bo‘lmaganida, yoshlarning o‘z iste’dod va intilishlarini ro‘yobga chiqarish uchun shunday keng imkoniyatu sharoitlar bo‘lmaganida, oddiy bir qishloq qizi orzu-maqsadlarimga erisha olarmidim?», deb o‘yladim. O‘zbekiston Prezidenti saylovida bu tinch-to‘kin va farovon kunlar yanada ziyoda, yoshlarimizning baxt-iqboli va kelajagi yana ham buyuk bo‘lishi uchun ovoz berdim.
– “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining “Mening ovozim – Vatanim kelajagi” aksiyasida faol qatnashganim uchun faxriy yorliq bilan taqdirlandim, – deydi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti qoshidagi 2-akademik litsey o‘quvchisi Dilshoda Tursunova. – Bugun Samarqand shahridagi 909-saylov uchastkasida o‘zim munosib deb bilgan nomzodni saylarkanman, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov boshlagan buyuk islohotlarni izchil davom ettiradigan yangi davlat rahbarini tanlashda mening ovozim ham ahamiyatga ega ekanini o‘ylab, g‘ururlandim: mening ovozim – mening Prezidentim!
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimiz yoshlarining siyosiy-huquqiy ongi-dunyoqarashi tobora yuksalib borayotganini yana bir bor isbotladi.