O‘zA O`zbek

11.10.2019 Chop etish versiyasi

MDH sammiti oldidan samarali uchrashuvlar

MDH sammiti oldidan samarali uchrashuvlar

Ashxobod, 10-oktyabr. OʻzA maxsus muxbiri Ziyodulla JONIBEKOV xabar qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun 10-oktyabr kuni Ashxobod shahriga keldi.

Ashxobod xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi oʻrinbosari Esenmurat Orazgeldiyev kutib oldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi.

Suhbatda davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidentini Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga samarali raislik qilgani bilan tabriklab, tashkilot sammiti muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi.

Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikka doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahrida Moldova Respublikasi Prezidenti Igor Dodon bilan uchrashdi.

photo5257996962488233245.jpg

Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasida uzoq muddatli ishbilarmonlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va amaliy hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

Oʻzaro almashinuvlarni faollashtirish hamda turli tarmoqlar uchun istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqishga kelishib olindi.

Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

MDH sammitining asosiy tadbirlari 11-oktyabr kuni boʻlib oʻtadi.

Jahon miqyosida jadal oʻzgarishlar roʻy berayotgan, global xatar va tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi kunda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining ahamiyati naqadar dolzarb ekanini davrning oʻzi isbotlamoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim boʻlgan ushbu platforma bugungi kunda aʼzo davlatlarning oʻzaro manfaatlaridan kelib chiqqan holda, toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot olib borish va dolzarb mavzular muhokamasi jarayonida fikr almashish singari imkoniyatlarni taqdim etmoqda.

Majlisda Hamdoʻstlik doirasida koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan kompleks masalalarni muhokama qilish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.

Sammit yakunida bir qator hujjatlar, jumladan, 2020-yilda MDHda raislikning Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtishi toʻgʻrisida qaror, Strategik iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida deklaratsiya, 1941-1945-yillarda Ulugʻ Vatan urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan MDHga aʼzo davlatlar rahbarlarining Hamdoʻstlik mamlakatlari xalqlari va xalqaro hamjamiyatga murojaati, 2020-2022-yillarda terrorizm, ekstremizm hamda zoʻravonlikning boshqa koʻrinishlariga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik dasturini qabul qilish koʻzda tutilgan.

1 476
OʻzA