Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.08.2017 22:00 Chop etish versiyasi

Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi

Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi Aynan shu mavzu 2017-yil 11-avgust kuni poytaxtimizda o‘tkazilgan xalqaro anjuman ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘ldi.

Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) loyihalari koordinatori ofisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyoning mamlakatimiz tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangani davlatimizning yaqin qo‘shnilar bilan do‘stlik, o‘zaro manfaat va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan munosabatlar o‘rnatishga samimiy intilishi ekanini alohida ta’kidladi.

Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan umumiy chegaraga ega O‘zbekiston, shubhasiz, mintaqani barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylantirishdan manfaatdor. Mamlakatimiz taraqqiyotining chegaralarimiz xavfsizligidan tortib suv resurslarini oqilona taqsimlashgacha bo‘lgan barcha muhim hayotiy masalalarini hal etish mintaqamiz bilan chambarchas bog‘liq. Iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan, xavfsizligi ta’minlangan Markaziy Osiyo O‘zbekiston uchun eng asosiy maqsaddir. Transport-kommunikatsiya va energetika sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni qo‘shni mamlakatlar bilan faol hamkorlik qilmasdan, ularning yuksak darajada integratsiyalashuvini ta’minlamasdan amalga oshirib bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo nafaqat geografik va geosiyosiy, balki qadriyatlari mushtarak yagona madaniy makondir. Mintaqada istiqomat qilayotgan xalqlarni umumiy ma’naviy qadriyatlar va o‘tmish, o‘xshash milliy an’ana va urf-odatlar, asrlar davomida shakllangan mentalitet birlashtirib turadi. Ushbu mushtaraklik mintaqaviy hamkorlik uchun mustahkam va ishonchli poydevordir.

18.JPG

Anjumanda so‘zga chiqqan BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) rahbari P.Draganov O‘zbekiston rahbariyatining umumiy rivojlanish va taraqqiyot yo‘lida Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarini o‘zaro yaqinlashtirishga qaratilgan tashabbuslari BMTning asosiy maqsad va vazifalariga hamohang ekanini qayd etdi. Shu munosabat bilan MOPDMM O‘zbekistonning bu boradagi takliflarini qo‘llashga tayyor. BMT Bosh kotibi A.Guterrishning joriy yil iyun oyida Markaziy Osiyoga tashrifi tashkilot mintaqadagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlayotganining yaqqol ifodasi bo‘ldi.

BMT rezident-koordinatori, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi doimiy vakili X.Freyzer O‘zbekistonda qabul qilingan 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi va unga muvofiq qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tashqi siyosat kelgusida nafaqat O‘zbekistonning, balki butun Markaziy Osiyoning yanada farovonlashuvi va barqaror rivojlanishining kafolati ekanini ta’kidladi. Shu munosabat bilan BMT O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

EXHTning Toshkent shahridagi loyihalari koordinatori vazifasini bajaruvchi X.Im ta’kidlaganidek, anjumanda Markaziy Osiyo mamlakatlari va diplomatik korpusning yuqori martabali vakillari ishtirok etgani xalqaro hamjamiyatda rasmiy Toshkentning Markaziy Osiyoda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha olib borayotgan mintaqaviy siyosatiga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.

Anjumanda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan nufuzli ekspert va diplomatlar ishtirok etdi. Muhokamalarda qo‘shni davlatlarning O‘zbekistondagi elchilari ham qatnashdi.

Xorijlik ishtirokchilar tomonidan O‘zbekistonning yangi mintaqaviy siyosati Markaziy Osiyodagi siyosiy muhitni tubdan o‘zgartirish, samarali mintaqaviy hamkorlik uchun mustahkam asos yaratgani alohida ta’kidlandi.

Ishtirokchilarning chiqishlari va fikr-mulohazalari xalqaro hamkorlik va mintaqaviy xavfsizlik borasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha barcha Markaziy Osiyo davlatlari pozitsiyasi yaqin va o‘xshash ekanini ko‘rsatdi.

Anjumanda Markaziy Osiyoda hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha ilgari surilgan g‘oya va takliflar BMT shafeligida O‘zbekiston tomonidan 2017-yil noyabr oyida Samarqand shahrida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha xalqaro anjumanda o‘z amaliy ifodasini topishiga ishonch bildirildi. Mazkur xalqaro konferensiya yakunlari bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasiga Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan rezolutsiyani qabul qilishga da’vat etilgan tegishli kommyunikeni ma’qullash ko‘zda tutilgan.

Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
814






Все о погоде - Pogoda.uz