Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirliklari rahbarlarining uchrashuvi
Toshkent shahrida 2017-yil 7-aprel kuni Markaziy Osiyoning besh davlati tashqi siyosat idoralari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahrida 2017-yil 7-aprel kuni Markaziy Osiyoning besh davlati tashqi siyosat idoralari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Kayrat Abdraxmanov, Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Xajiyev Markaziy Osiyo mintaqasidagi holat, aloqalarning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha, shu jumladan, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida hamkorlik hamda mavjud umumiy muammolar yechimlarini birgalikda ishlab chiqish yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ochdi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston delegatsiyalari rahbarlari so‘zga chiqdi.
Yig‘ilish ishtirokchilari Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Kayrat Abdraxmanovning BMT Xavfsizlik kengashida olib borilayotgan ishlar haqidagi axborotini ham tingladi.
Fikr almashish chog‘ida mazkur shakldagi vazirlar uchrashuvi barcha uchun foydali ekanligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirliklari rahbarlarining shu kabi forumlarini muntazam ravishda o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.