O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi va Frankfurt-mayn shahridagi Bosh konsulxonasida saylov uchastkalari ochildi

Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi va Frankfurt-mayn shahridagi Bosh konsulxonasida saylov uchastkalari ochildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatligi uchun bo‘lib o‘tadigan saylovlarga mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida ham qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.

Joriy yildagi saylovda xorijda istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlarimiz uchun yanada qulay ovoz berish imkoniyatlari yaratilmoqda. Xususan, avvallari ushbu tadbirda faqat konsullik vakolatxonalaridan rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan o‘zbekistonliklar o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanar edi. Endilikda chet elda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari ham diplomatik vakolatxonalarimizda tashkil etilgan saylov uchastkalariga murojaat etishi yoki Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sahifasidan ro‘yxatdan o‘tib, tegishli saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi va Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasida 140-sonli Darxon saylov okrugining 8 va 47-saylov uchastkalari tashkil qilindi. Ularda saylov jarayonini yuqori saviyada amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Elchixona konsullik bo‘limi bergan ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda mamlakatimizning 4 mingga yaqin fuqarosi konsullik ro‘yxatida qayd etilgan. Ularning aksariyati Germaniya hududida istiqomat qiladi. Shu bilan birga, konsullik okrugiga qarashli Shvesiya, Chexiya va Shveysariyada tahsil olayotgan yoki vaqtincha mehnat qilayotgan vatandoshlar parlament saylovida qatnashishga katta qiziqish bildirmoqda.

Markaziy saylov komissiyasining “Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, xorijdagi fuqarolarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazish, ularning saylov jarayonida faolligini oshirish, siyosiy bilim saviyasini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot va tashviqot ishlari amalga oshirish dolzarb vazifa sifatida belgilangan.

Elchixonaning rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va Germaniya ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayoni bilan bog‘liq ma’lumotlar e’lon qilinmoqda.

Bundan tashqari konferensiyalar, davra suhbatlari va boshqa turli tadbirlarda Germaniya jamoatchiligi vakillariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lida bajarilayotgan ishlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga bo‘lib o‘tadigan saylovni ochiq va shaffof tarzda o‘tkazish borasidagi sa’y-harakatlar haqida ma’lumotlar taqdim etilmoqda, deyiladi “Dunyo” axborot agentligi xabarida.

756
O‘zA